YeChLda yangi mavsum boshlanmoqda. Qiyin savollarga oddiy javoblar
Bugundan yangi formatdagi Yevropa Chempionlar Ligasiga start beriladi. 36 jamoa klublar o‘rtasidagi eng nufuzli sovrinni qo‘lga kiritish yoki turnirda uzoqroqqa borish uchun bahsga kirishadi. Har qanday o‘zgarishning ilk davrlarida bo‘lgani kabi turli tushunmovchiliklar, savollar paydo bo‘lgani, ko‘pchilik uchun yangi format biroz murakkabroq tuyulgani tabiiy. Quyida ushbu musobaqa formatini sodda shaklda tushuntirishga harakat qilamiz. Xo‘sh, nimalar o‘zgardi?
Hech qanday guruh yo‘q
Shu paytgacha, butun yoz bo‘yi, hamda qur’a paytida ham jamoalarning guruhlar, to‘g‘rirog‘i, toifalar sifatida taqdim etilishi bu haqida ma’lumoti bo‘lmagan muxlislarni biroz chalkashtirgan bo‘lishi mumkin. Aniq qilib aytish mumkinki, 36 jamoa ishtirok etadigan birinchi bosqichda hech qanday guruh yo‘q. O‘yinlarda to‘plangan ochkolar bo‘yicha umumiy jadval amalda bo‘ladi.
U holda 9 talik guruhlar nima edi?
Gap shundaki, 36 jamoa yakdil umumiy jadvalda kurashgani bilan, hamma bir-biri bilan o‘ynab chiqishiga vaqt yetmaydi. Har bir jamoa 4 marta safarda, 4 marta o‘z maydonida, jami 8 uchrashuvda maydonga tushadi. Hech qaysi jamoa boshqasi bilan ikki marta to‘qnash kelmaydi. Bir mamlakat vakillari bir-biri bilan o‘ynamaydi.
Jamoalarning 4 toifaga ajratilishi esa raqiblarning kimgadir oson, boshqasiga qiyin bo‘lib qolmasligi uchun edi. Ya’ni toifalar reyting va jamoalar kuchiga qarab ajratilgan. Har bir jamoa har toifadan 2 tadan raqibga (biri bilan o‘z maydonida, ikkinchisi bilan safarda) qarshi maydonga tushadi.
Misol uchun, «Arsenal»ni olaylik. Londonliklar 1-savatdagi «PSJ» bilan o‘z maydonida, «Inter» bilan safarda o‘ynaydi. 2-savatdagilardan «Shaxtyor» bilan uyida, «Atalanta» bilan safarda bahslashadi. Uchinchi savatdan, «Dinamo» Zagreb (uyda), «Sporting» (safarda), to‘rtinchilar ichidan esa, «Monako» hamda «Jirona» raqib bo‘ladi. Har bir ishtirokchi jamoa uchun raqiblar aynan shu asosda tanlangan.
Keyingi bosqichga qanday chiqiladi?
Har bir jamoa 8 tadan o‘yin o‘tkazgach, to‘plangan ochkolar bo‘yicha 36 jamoa uchun umumiy jadval asosida o‘rinlar aniqlanadi. Ilk 8 o‘rinni egallagan jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri nimchorak final ishtirokchisiga aylanadi.
Keyingi 16 jamoa, ya’ni 9-24 o‘rinni egallagan jamoalar esa nimchorak finaldan oldin, 8 juft bo‘lib uy-safar tizimida pley-off o‘tkazadi. G‘oliblar haligi 8 jamoaga qo‘shilib, nimchorak final ishtirokchilarini tashkil etadi. Nimchorak finaldan keyingi bosqichlar xuddi avvalgi Chempionlar Ligasi formatida davom etadi.
Shu jihatni e’tiborga olish kerakki, dastlabki bosqichda 25-36 o‘rinni egallagan yoki keyingi pley-offda mag‘lub bo‘lgan jamoalar uchun yevrokuboklar butunlay yakuniga yetadi. Avvalgidek Yevropa Ligasi yoki Konferensiyalar Ligasiga o‘tish imkoniga ega bo‘lishmaydi.
Ko‘r-ko‘rona qur’a bo‘lmaydi
Avvalgi formatda aksariyat top-klublar guruh masalasini oxirgi turlarga borib hal qilib qo‘yar, so‘nggi turlarda intrigalar deyarli qolmasdi. Bu safar jadval umumiy bo‘lishining bir qator ijobiy tomonlari bor.
Birinchidan, 36 talik yakuniy jadvalda 1-o‘rinni egallash biror sovrinni taqdim etmasa-da, baribir, g‘olib bo‘lish top-klublar uchun o‘zgacha mazmun taqdim etishi shubhasiz. Tabiiyki, «Real» yoki «Siti» kabi klublar doim eng yuqori o‘rinlarda bo‘lishga intilishi turgan gap. Ilgari, sakkizta guruhdagi 4 jamoa ichida g‘olib bo‘lganlarni o‘zaro solishtirish imkoni bo‘lmasdi, 2-o‘rinni olib ham chiqish yetarli edi. Ammo endi, aytaylik, YeChL g‘olibligiga da’vogar bo‘lgan biror klubning yakunda 7-o‘rinni olishi vaziyatga tanqidiy ko‘z bilan qarash, boshqalar bilan solishtirishga sabab bo‘lishi mumkin.
Ikkinchidan, 8 o‘yindan iborat bosqichda, faqat ilk 5-6 o‘yinni yaxshi o‘tkazib, masalani hal qilish imkoniyati deyarli yo‘q. Zero top-klublar 8 tadan ko‘p, ular ham maksimal ochko olishga urinishadi. 9-24 o‘rinlar ham butunlay muvaffaqiyatsizlik bo‘lmasa-da, albatta, fevralda qo‘shimcha pley-offga qolish, tag‘in har qanday xavfli raqib bo‘lishi mumkinligini inobatga olsak, hech ham kerak emas.
Uchinchidan, nimchorak finalda qur’a tashlanayotganda aynan ilk bosqichda egallangan o‘rinlar katta ahamiyat kasb etadi. Misol uchun, birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar finalgacha bir-biriga to‘qnash kelmaydi. Quyidagi suratda pley-off yo‘li aks etgan. Tushunish biroz qiyinchilik tug‘dirsa, fevralgacha sabr qiling, o‘shanda amaliy tomondan hammasini ko‘rish imkoni bor.
Dastlabki bosqich kelasi yil tugaydi
Ilk bosqichdagi o‘yinlar soni 6 tadan 8 taga aylanib, ko‘payganiga e’tibor bergan bo‘lsangiz kerak. Tabiiyki, o‘tgan formatdagi kabi, hammasini dekabrgacha sig‘dirishning iloji yo‘q. Shu tufayli, 7-8 turlar 2025 yil yanvar oyiga belgilangan.
Joriy bosqichdagi har bir turda 18 juftlik bo‘lib, doimgidek, seshanba va chorshanba oqshomlarida biz Chempionlar Ligasi o‘yinlaridan bahramand bo‘lamiz. Faqat 1-turda sal boshqacharoq, o‘yinlar uch kunga taqsimlangan. Demak, seshanba-payshanba kunlari 6 tadan o‘yin bo‘lib o‘tadi. 6 o‘yinning 2 tasi ertaroq vaqtga (Toshkent vaqti bilan 21:45) qo‘yilganini e’tiborga olsak, biz mana shu uch kun ichida 6 o‘yinni to‘g‘ridan to‘g‘ri tomosha qilish imkoniyatiga egamiz.
Yana bir e’tiborli jihat shundaki, barcha jamoalar umumiy jadvalda hisoblanishi uchun hamma o‘yin bir-biriga bog‘liq bo‘lishidan kelib chiqib, 8-tur o‘yinlari bir vaqtda o‘tkaziladi. Ya’ni bir paytning o‘zida 18 o‘yin bo‘lib o‘tadi.
1-tur juftliklari:
17 sentabr, 21:45. «Yuventus» – PSV, «Yang Boyz» – «Aston Villa»
17 sentabr, 23:55. «Milan» – «Liverpul» (Zo'rTV), «Bavariya» – «Dinamo» Zagreb, «Sporting» – «Lill», «Real» – «Shtutgart»
18 sentabr, 21:45. «Bolonya» – Shaxtyor, Sparta - Zalsburg
18 sentabr, 23:55. «Seltik» – «Slovan», «Bryugge» – «Borussiya» Dortmund, «Manchester Siti» – «Inter», «PSJ» – «Jirona».
19 sentabr, 21:45. «Feyyenord» – «Bayyer», «Tsrvena Zvezda» – «Benfika».
19 sentabr, 23:55. «Atalanta» – «Arsenal», «Atletiko» – «Leypsig», «Brest» – «Shturm», «Monako» – «Barselona».
Keyingi turlardan Yevropa Ligasi bilan bir haftada o‘tishi inobatga olingan holda, payshanba kuni o‘yinlar bo‘lmaydi.
Mavzuga oid
16:14 / 19.09.2024
YeChL evolyutsiyasi - «mitti yulduzlar» dunyo futbolini qay tariqa zabt etgani haqida
17:23 / 29.08.2024
Yangicha YeChL qanday bo‘ladi - turnir yangi formati haqida asosiy ma’lumotlar
17:37 / 08.05.2024
Nemischa paradoks. Chempionlar ligasiga chiqish uchun yutqazish kerakmi?
18:24 / 09.11.2023