YeChL evolyutsiyasi - «mitti yulduzlar» dunyo futbolini qay tariqa zabt etgani haqida
UYeFA Chempionlar Ligasi - futboldagi eng katta foyda keltiruvchi musobaqa va endi u yanada kattaroq marralarni ko‘zlamoqda. Bu haftadan yangi format orqali yangi eraga qadam qo‘yayotganiga iddao qilayotgan turnir o‘tgan asr avvalida amalga oshirgan rebrending orqali portlash effekti bilan rivojlana boshlagandi.
1992 yil Shvetsiyada o‘tkazilgan Yevropa chempionati vaqtida UYeFA rahbarlari yangi tarix yaratayotganini bilmagan ham bo‘lishsa kerak. Ular yangi mavsumdan rebrending qilishni mo‘ljallayotgan va turnirning yangi dizayni qanday bo‘lishi kerakligi haqida bir to‘xtamga kela olishmayotgandi. O‘sha davrlarda UYeFA bilan hamkorlik qiladigan TEAM kompaniyasi marketing bo‘limi rahbari bo‘lib ishlagan Kreyg Tompson yulduzli logo loyihasini o‘sha vaqtdagi tashkilot prezidenti Lennart Yohansson va sobiq bosh kotib Gerhard Aignerga ko‘rsatganini shunday eslaydi:
«Lennart va Gerhardga yangi brend suratlarini olib kirgan paytimni haligacha yaxshi xotirlayman. Biz loyihani ko‘rib, bir-birimizga qarab qoldik va birdaniga hamma: «Bu — o‘sha», dedi. Yangi brend yaratayotganingda bunday bo‘lishi mushkul, chunki hammaning o‘z fikri bor va barchani birdek xursand qila olmaysan. Lekin bu gal hammaning fikri bir joydan chiqqan va ularga dizayn ma’qul kelgandi. Yulduzlar futbolchilarni aks ettirardi, barcha futbol yulduzlari bir joyga to‘planishlari logoning mazmuni bo‘lgan».
Yulduzlardan yasalgan koptok andazasini londonlik dizayner Fil Klemens yaratgan va mana 32 yildirki, uni deyarli o‘zgartirishsiz saqlab kelishmoqda. Bugungi kunda mana shu «mitti yulduzchalar» UYeFAga yillik 4,4 milliard yevrodan ko‘proq mablag‘ olib kelmoqda.
Chempionlar Ligasi bu mavsumdan yana o‘zgaryapti va endi Yevropaning 36 klubi bitta ligada kurash olib boradi hamda eng kamida 8 ta o‘yin o‘tkazishga muvaffaq bo‘ladi. Bu Superliga loyihasi bilan ko‘proq katta o‘yinlarga erishmoqchi bo‘lgan elita klublariga muqobil variant sifatida taqdim etilgan formatdir. Mukofot jamg‘armasi ham sezilarli darajada oshdi. Musobaqada qatnashadigan 36 klub umumiy hisobda 2,08 milliard yevroga yetadigan summani ishtirok va natijalariga qarab bo‘lishib olishadi. Ta’kidlash joizki, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan qariyb 22 foizga yaxshilangan qiymatdir.
Bugungi kundagi yillik musobaqalar orasida faqatgina Angliya Premer-ligasi o‘sish shiddati nuqtayi nazaridan Chempionlar Ligasiga raqobat qila oladi, biroq ular ham brend kurashida sezilarli darajada farq bilan ortda borishadi. Hech nima UYeFA Chempionlar Ligasi muvaffaqiyatini raqamlardek aniq ko‘rsatib bera olmaydi. 1992-1993 yilgi mavsumda musobaqaning mukofot jamg‘armasi umumiy hisobda 38 million Shveytsariya frankini tashkil qilgan (34 million funt-sterling). G‘oliblikni qo‘lga kiritgan «Milan» 7,5 million Shveytsariya franki ishlab olgan. Solishtirish uchun, bu mavsumda Chempionlar Ligasini yutgan jamoa taxminan 136 million funt-sterlingga ega chiqadi. 32 yilda qariyb 20 baravar o‘sish… Quyidagi ro‘yxatda Chempionlar Ligasining 2010-2011 yilgi mavsumidan beri eng ko‘p mukofot pullariga ega chiqqan klublar keltirilgan. Bunda doim ham chempion jamoa eng ko‘p pulga ega chiqavermaydi, musobaqa davomidagi durang va mag‘lubiyatlar soni bunga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
So‘nggi ikki dekadada Chempionlar Ligasining homiylik mablag‘lari evaziga shakllantiradigan foydasi katta sakrashni amalga oshirdi: 2004/2005 yilgi mavsumda bu summa 114 million funt-sterlingni tashkil etgan bo‘lsa, 2022/2023 yilgi mavsumda homiylardan keladigan tushum 507 millionga yetgan. Xuddi shu davrda televizion namoyishlardan kelib tushadigan foyda esa kosmik darajada o‘zgarib ketgan: 410 million — 3 millard funt-sterling. UYeFA yangi moliyaviy hisobotlarini taqdim etganda bu ko‘rsatkichlar yana sezilarli darajada o‘zgarishiga shubha yo‘q. Sababi, Birlashgan Qirollikda TNT Spors va Amazon Prime Chempionlar Ligasining 3 yillik huquqini 1,4 milliard funtga sotib oldi. AQSh esa musobaqaning har yiliga shu mavsumgacha 100 million dollardan to‘lab kelgan bo‘lsa, bu mavsumdan e’tiboran amalda bo‘ladigan 6 yillik shartnomaning har yili uchun to‘lov 250 millionga yetadi.
Pul mablag‘lari oshirilishi va elit klublar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ko‘paytirilishi 2021 yil aprelida o‘rtaga chiqqan Yevropa Superligasi loyihasi va hamon bu loyihaga ishonib turgan ikki klub: «Real» va «Barselona»ga javob sifatida yo‘lga qo‘yildi. Boshqa tarafdan, FIFA klublar futboliga ko‘z tika boshladi. Gap shundaki, milliy jamoalar futboli bir paytlar taqdim etgan foydani bermay qo‘ygan, birgina Jahon chempionati bundan mustasno bo‘lib turibdi. Qatardagi musobaqa vaqtida FIFA 7,5 milliard AQSh dollari miqdorida foyda qildi va bu bir musobaqa uchun Yer yuzida topiladigan eng katta daromaddir. Biroq bu — har 4 yilda o‘tadigan turnir, UYeFA Chempionlar Ligasi bu mablag‘ning yarmini har mavsumda topib kelgandi va 4 yil yakuniga ko‘ra jahon chempionatidan ikki baravar ko‘p daromad olayotgandi. Endi yangi format bilan raqamlar yanada kattarishi aniq.
Shularni hisobga olgan holda, FIFA klublar o‘rtasidagi jahon chempionati masshtabini kengaytirish va bu sferada aylanayotgan pul oqimining bir qismini o‘zi tarafga burishga harakat qilyapti. Biroq yangi formatdagi jahon chempionati ham UYeFA Chempionlar Ligasiga raqobat qila olishi amrimahol. Boisi, unda o‘tkinchi o‘yinlar ko‘p va «Barselona», «Liverpul» hamda «Manchester Yunayted» kabi katta auditoriyaga ega klublar ishtirok etmaydi. Shu kabi ustunliklaridan o‘z vaqtida foydalanib qolishni istagan UYeFA ayni mana shu vaqtni yangi formatni faollashtirish uchun eng maqbul fursat, deb hisobladi. Bir paytlar ular shunga o‘xshash jasoratli qaror bilan futbolni yangi darajaga olib chiqishga erishgan edi.
«Mitti yulduzlar» loyihasini nafaqat yaratgan, balki uning amalga tatbiq qilinishini ta’minlash uchun bir necha yil UYeFA bilan hamkorlikda ishlagan Tompson yangi dizaynning Londondagi taqdimotini yaxshi eslaydi: «Biz futbol darajasini yana bir pog‘ona ko‘tarib, ilohiy sportdek qilib ko‘rsatmoqchi edik. Shuning uchun, qadimgi Yunoniston afsonalaridagi xudolar obrazidan foydalangandik. Futbolchilar ilohlar obrazida namoyon bo‘lgan va bu jamoatchilik tarafidan yaxshi qabul qilingan. Futbol mahsulot edi va xaridorgir bo‘lishi uchun unga birgina yaxshi qadoq yetishmayotgandi. Hatto FIFA miqyosidagi turnirlarda ham stadion atroflariga logolar o‘rnatilmasdi. Biz arenalarning har bir burchagini yulduzlar tasviri bilan to‘ldirishni rejalashtirdik va hatto bollboylar kiyadigan nimchalarni ham o‘z logomizni tushirgan holda ishlab chiqardik. Eng kichik detallargacha e’tibor qaratib chiqdik. Biz ishchilar uchun ham yulduzlar tasviri tushirilgan maxsus kiyimlar hozirladik. Bir xodimim uni ko‘rib: «Men buni kiymayman, masxarabozga aylanib qolaman-ku», degandi. Nafaqat u, hammamiz «masxaraboz»larga aylandik.
Loyihaning yana bir muhim qismi madhiya edi. Men yana Londondagi do‘stlarim orqali bir kompaniyani topdim va Toni Britten ismli kompozitorga buyurtma berdim. Bizga klassik musiqa kerak edi va u biz xohlagan ohanglarni maromiga yetkazib bir taronaga uyg‘unlashtirib berdi. Bugun hamma bu musiqani biladi».
Kreyg Tompsonning aytishicha, u hatto fransuz va ispan ommaviy axborot vositalari vakillari bilan musobaqa nomini to‘g‘ri ishlatish (The Champions League) borasida 3-4 yil kurash olib borgan. Chunki barchalari turnirni o‘z tillariga tarjima qila boshlashgandi va bu brendning ommalashishi uchun zararli jihat sifatida qaralgan. Ha, hanuz ular turnirni o‘z tillariga tarjima qilib kelishadi, lekin brend nomini hamma taniydi va hozirgi kunda uning tarjima qilinishidan musobaqa imiji zarar ko‘rmaydi.
Tompson va uning jamoasi reklamalarni ham g‘oyatda did bilan tartiblab chiqishgan va bu borasida ham Kreygning o‘ziga xos qarashlari bor: «Biz ozgina-yu sozgina prinsipiga amal qilishga urindik. 1980/1990 yillarda stadionlarda bir necha qator, bir necha o‘nlab kompaniyalar logolarini aks ettirgan bannerlardan foydalanishardi. Biz esa UYeFA Chempionlar Ligasining rasmiy homiylari 8 tadan oshmasligiga kelishib olgandik. Oldingi musobaqalardagi homiylar futbol uchrashuvlariga homiylik qilganlari bilan birortasini muxlislar eslab qolishi dargumon edi. Hozir esa hamma Mastercard, Lay’s va FedEx’ning turnir rasmiy homiysi ekanini yoddan aytib bera oladi. Bunday hamkorlikning narxi balandroq va qadrliroq».
The Athletic ma’lumotlari asosida Abdulbasit Valixonov tayyorladi
Mavzuga oid
14:32 / 17.09.2024
YeChLda yangi mavsum boshlanmoqda. Qiyin savollarga oddiy javoblar
17:23 / 29.08.2024
Yangicha YeChL qanday bo‘ladi - turnir yangi formati haqida asosiy ma’lumotlar
17:37 / 08.05.2024
Nemischa paradoks. Chempionlar ligasiga chiqish uchun yutqazish kerakmi?
18:24 / 09.11.2023