O‘zbekiston | 11:36
3465
2 daqiqa o‘qiladi

Boysundagi konda halok bo‘lgan xodimlarning oilalari tashlab qo‘yilmaydi - Tanzila Norboyeva

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Boysundagi gaz konida avariya tufayli qurbon bo‘lgan xodimlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, marhumlarning oilalari ta’minoti masalasida alohida topshiriq bo‘lgan.

Foto: Senat matbuot xizmati

“1 sentabr kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida burg‘ilash ishlari olib borish jarayonida texnologik jarayonning buzilishi natijasida oltingugurt, ya’ni vodorod sulfid gazi chiqishi kuzatildi. Bu – bugungi kunda jamoatchilikni diqqat markazida bo‘lib turgan masala, hammamiz eshitdik.

Vafot etgan fuqarolarimiz bor, yaqinlariga sabr tilaymiz. [Ularning] oilalari davlatimiz, prezidentimiz nazoratida, buni hammamiz eshitdik. Ularning ta’minoti masalasida alohida topshiriq ham bo‘lgan, tashlab qo‘yilmaydi. Shu masala bo‘yicha biz ham hamdardligimizni bildiramiz”, – dedi Tanzila Norboyeva Senatning 20 sentabr kungi yalpi majlisida.

M25 konida 17 sentabr kuni ro‘y bergan takroriy avariyada 4 kishi halok bo‘ldi, 11 kishi jarohatlandi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning so‘zlariga ko‘ra, marhum xodimlarning yaqinlariga kompensatsiya to‘lab beriladi, shuningdek, pudratchi tashkilot ularning farzandlarini moddiy ta’minlab, o‘qitib, ish bilan ta’minlashgacha o‘z zimmasiga oladi. Pudratchi kompaniya bu borada izoh bermadi.

Mavzuga oid