Jahon | 09:10 / 23.09.2024
12978
4 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkdagi sammitda BMTni isloh qilish rejasi qabul qilindi

Rossiya Kelajak paktining qabul qilinishini buzishga harakat qildi, ammo BMTning 143 davlati Rossiya Federatsiyasi qarshiligini to‘xtatdi. Ishlab chiqilishi yil boshidan beri Germaniya rahbarligida davom etgan hujjat tasdiqlandi.

Foto: Valery Sharifulin/TASS/picture alliance

Rossiyaning qarshiligiga qaramay, Germaniya yetakchiligida ishlab chiqilgan BMTni isloh qilish rejasi Nyu-Yorkdagi Kelajak sammitida tasdiqlandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi raisi Filemon Yang 22 sentabr, yakshanba kuni Kelajak pakti qabul qilinganligini e’lon qildi.

Rossiya Kelajak paktini bloklashga urindi

Rossiya bir ovozdan qabul qilinishi kerak bo‘lgan kelishuvdan uzoqlashdi. Kelishuvni tasdiqlash marosimi avvalida Moskva vakili – Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Vershinin rejadan tashqari so‘zga chiqishni so‘radi va hujjat matniga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritish zarurligini e’lon qildi. Shunday qilib, u ovoz berishsiz amalga oshirilishi kerak bo‘lgan hujjatning barcha 193 mamlakat tomonidan rasman ma’qullanishini shubha ostiga qo‘ydi.

Shu bilan birga, Vershinin «agar Rossiya talab qilgan tuzatish Kelajak pakti matniga kiritilmagan bo‘lsa, ushbu hujjat bo‘yicha konsensusdan uzoqlashish» bilan tahdid qildi, deya ta’kidlaydi dpa. Uning so‘zlariga ko‘ra, shartnomaning murosali versiyasidan mamnun bo‘lmagan mamlakatlarga keyingi muhokamalar uchun imkoniyat berilmagan.

BMTning 143 ta davlati RF qarshiligini yengdi

Shundan so‘ng, Kongo vakili ko‘rib chiqmaslik to‘g‘risida taklif taqdim etdi va 143 mamlakat Rossiya so‘rovini ko‘rib chiqmaslik va shu bilan uni rad etish uchun ovoz berdi. Bunga Rossiyadan tashqari Belarus, Nikaragua, Shimoliy Koreya va Suriya ham qarshi chiqdi.

Biroz vaqt o‘tgach, BMT sammiti ishtirokchilari Kelajak paktini rasman qabul qilishdi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, hujjat «tinchlik va xavfsizlik yo‘lida yangi imkoniyatlarga yo‘l ochadi». Bu xalqaro hamkorlikni isloh qilish va adolatli dunyo sari muhim qadamdir, deya qo‘shimcha qildi u.

Zelenskiy Nyu-Yorkka BMT Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun keldi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Nyu-Yorkka yetib keldi. Bu haqda u 22 sentabr kuni kechqurun X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. «Asosiy maqsad — Ukrainani mustahkamlash va butun xalqimizni himoya qilish, bu urushni faqat global sa’y-harakatlar orqali adolatli tinchlik bilan tugatish mumkin», dedi Ukraina rahbari. U, shuningdek, «Ukrainaning Rossiya Federatsiyasiga qarshi mudofaa urushida g‘alaba qozonish rejasini» e’lon qiladi, u «barcha ittifoqchilar stolida bo‘ladi». Avvalroq, Zelenskiy uning «g‘alaba rejasi» xavfsizlik, Ukrainaning geosiyosiy o‘rni, kuchli harbiy va iqtisodiy yordam bo‘yicha qarorlar haqida ekanini aytgan.

Zelenskiy BMT Bosh assambleyasi yig‘ilishida nutq so‘zlashi kutilmoqda, 26 sentabr kuni esa Oq uyda AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Ukraina prezidenti AQSh prezidentligiga Demokratlar va Respublikachilar partiyasidan nomzodlar – Kamala Harris va Donald Tramp bilan ham uchrashish niyatini bildirdi. Bundan tashqari, uning Amerika Kongressi vakillari, shuningdek, qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan.

Taxminlarga ko‘ra, Zelenskiy o‘z uchrashuvida Baydenga taqdim etadigan «g‘alaba rejasi»ning bandlaridan biri AQSh va uning ittifoqchilari hali ham rad etayotgan G‘arbning uzoq masofali qurollari bilan Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba yo‘llashga ruxsat bo‘lishi kutilmoqda. Bloomberg agentligiga ko‘ra, rejaga ko‘ra, Ukraina yil oxirigacha NATOga a’zo bo‘lish uchun rasmiy taklifnoma olishi ham ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid