Jahon | 15:41 / 23.09.2024
21253
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qo‘mondonligi Ukraina Kurskda yurish qilishini bilgan. Amaliyot boshlanganida esa ko‘p askarlar qochib ketgan

The Guardian jurnalistlariga ukrain harbiylari qo‘lga kiritgan hujjatlar kelib tushgan.

Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images

Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi hujumi boshlanishidan bir necha oy oldin Rossiya qo‘mondonligi bunday amaliyot ehtimolini sezgandi. The Guardian nashri yozishicha, ukrain harbiylari Rossiya hududidagi amaliyot chog‘ida qo‘lga kiritgan IIV, FXX va Rossiya qurolli kuchlarining hujjatlaridan shunday xulosaga kelish mumkin.

Hujjatlar avgust oyi oxirida Ukraina maxsus amaliyotlar kuchlari vakillari tomonidan jurnalistlarga taqdim etilgan. Britan jurnalistlari hujjatlarning haqiqiyligini tasdiqlay olmaydi, ammo ular haqiqiyga o‘xshayotganini qayd etishgan.

Gap turli bo‘linmalarga yuborilgan bosma shakldagi buyruqlar, shuningdek qo‘lda yuritilgan jurnallar haqida ketmoqda, deya yozadi nashr. Hujjatlarning eng eskisi 2023 yil oxiriga mansub, eng so‘nggi yozuvlar esa Ukraina 6 avgust kuni Kursk oblastida amaliyot boshlashidan olti hafta oldin yozilgan. Hujjatlar asosan RF qurolli kuchlari 488-gvardiya motoo‘qchilar polki, jumladan, 17-batalyonning ikkinchi rotasi pozitsiyalaridan topilgan.

Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi amaliyoti «Kiyevning g‘arbdagi ittifoqchilari hamda Ukraina elitasining ko‘plab vakillarini g‘aflatda qoldirdi, chunki uni rejalashtirishda ishtirok etgan odamlar doirasi juda tor edi», deya yozadi The Guardian. Ammo, nashrning qayd etishicha, rossiyalik harbiylardan olib qo‘yilgan hujjatlar shundan darak bermoqdaki, Ukraina qurolli kuchlarining ehtimoliy yurishi hamda Sudjani okkupatsiya qilishga urinish to‘g‘risidagi ogohlantirish amaliyot boshlanishidan oldingi oylar davomida kelib turgan.

Xususan, 4 yanvar kungi hujjatda ukrain bo‘linmalari Kursk oblastida «davlat chegarasini yorib o‘tishi mumkinligi» qayd etilgan. Unda hujumning oldini olishga tayyorgarlikni kuchaytirish lozimligi ko‘rsatilgan.

19 fevralga oid boshqa bir hujjatda aytilishicha, bo‘linmalar komandirlari Ukraina «ukrain armiyasining asosiy bo‘linmalari zirhli texnikalarda kirib kelishidan oldin to‘rt kunlik „yo‘lak“ hosil qilish uchun Sumi oblastidan Rossiya hududiga 80 kilometr masofada ilgarilash»ni rejalashtirayotgani to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Mart oyi o‘rtalarida chegaradagi harbiylarga mudofaa chiziqlarini kuchaytirish va ukrain qo‘shini chegaradan o‘tishi ehtimoliga tayyorgarlik doirasida «mudofaani to‘g‘ri tashkil etish uchun bo‘linmalar va mustahkamlangan punktlarni boshqarish bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil etish» buyrug‘i berilgan.

Iyun oyi o‘rtalarida Ukrainaning «Sudjani nazorat ostiga olish maqsadida Yunakovka — Sudja yo‘nalishida» hujum qilish rejalari bo‘yicha aniqroq ogohlantirish e’lon qilingan. Shuningdek, hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, Rossiya qo‘mondonligi ukrain qo‘shinlari Rossiyaning hududdagi ta’minot liniyalarini buzish uchun Seym ustidan o‘tgan ko‘priklarni portlatishga urinishini prognoz qilgan.

Rossiya qo‘mondonligi Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida yurish qilishini oldindan ko‘rganiga qaramay, harbiylar kuchlar yetishmovchiligi va tayyorgarlik lozim darajada emasligidan shikoyat qilishgan. Xususan, iyun oyiga oid hujjatlardan birida chegara hududlarga joylashtirilgan bo‘linmalar «o‘rtacha hisobda faqat 60–70 foizga to‘ldirilgan va asosan tayyorgarligi kuchsiz bo‘lgan zaxira kuchlardan iborat edi».

Kursk oblastida yurish boshlanganidan keyin, hujjatlarni The Guardian’ga topshirgan ukrain harbiysining eslatishicha, rossiyalik ko‘plab askarlar o‘z pozitsiyalarini tashlab ketishgan. Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari chegara hududidagi aholi yashash manzillari, jumladan Sudjani ham tezda egallashgan. «Ular hatto hujjatlarni yo‘q qilmasdan qochib ketishgan», — deya qayd etgan nashr manbasi.

«Razbor» bo‘limi sharhi

The Guardian ma’lumotlaridan bilish mumkinki, Ukraina maxsus amaliyotlar kuchlari chegarani qo‘riqlash uchun joylashtirilgan polkning eng quyi darajasidagi komandirlarining hujjatlarini qo‘lga kiritgan. Bu bo‘linmalarning vazifasi ukrain guruhlarining 2023 va 2024 yillarda Belgorod oblastiga chegara orqali uyushtirilgan reydlari kabi hujumlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan. Bu vazifa ijrosi uchun «chegara yorib o‘tilishi» ehtimoliga qarshi choralar ko‘rsatilgan buyruqlar chiqarilgan.

The Guardian Ukraina qurolli kuchlari birinchi eshelonda bir necha mexanizatsiyalashgan brigadalar bilan Sudjaga yurish qilishi rejasini tavsiflovchi birorta hujjat keltirmagan. Bu vaqtda esa Rossiya qo‘shinlari va chegara xizmatlaridagi asosiy muammo ukrainlarning yirik hujumini qaytarish uchun yetarli bo‘lgan kuchlarga ega emasligida edi. Bo‘linmalari chegara bo‘ylab o‘nlab kilometrlarga yoyilgan 488-motoo‘qchilar polki, amalda bu vazifani bajarishga qodir emasdi.

Kursk oblastida qo‘lga kiritilgan hujjatlardan yana nimalar ma’lum bo‘ladi?

Rossiya hududida Ukraina qurolli kuchlari qo‘liga tushgan hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi harbiylardagi jangovar ruhiyat yuqori emasligini hisobga olishiga to‘g‘ri kelgan. Xususan, ichki hujjatlarda «Rossiya armiyasidagi xizmat tufayli uzoq muddatli depressiya»da bo‘lgan askarlardan biri o‘z joniga qasd qilgani tufayli rossiyalik harbiylarning ruhiy holatidagi oqibatlar haqida so‘z boradi. Harbiy 2024 yil yanvarida o‘z joniga qasd qilgan.

Suiqasddan keyin komandirlarga «o‘z xizmat vazifalarini bajarishga ruhiy jihatdan tayyor bo‘lmagan yoki deviant xulq-atvorga moyil askarlarni aniqlash hamda ularni qayta taqsimlash va harbiy tibbiyot muassasalariga o‘tkazishni tashkillashtirish» topshiriq qilingan.

Kerakli «ruhiy holat»ni ushlab turish uchun komandirlar o‘z qo‘li ostidagilar har kuni Rossiya davlat nashrlarini kuzatishi va tinglashini, haftada bir marta ularga «shaxsiy tarkibning siyosiy, ma’naviy va ruhiy holatini yaxshilashga qaratilgan» bir marta ularga siyosiy axborot darsi o‘tilishini ta’minlashi kerak bo‘lgan.

Ukrain harbiylari Kursk oblastida qo‘lga kiritgan hujjatlar Rossiya taktikasining ayrim tafsilotlarini ham ochib beradi. Xususan, ulardan birida «tanklar, zirhli texnikalar va artilleriya otish moslamalari modellari, shuningdek, askarlar manekenlari»ni o‘rnatish va vaqti-vaqti bilan bir joydan boshqa joyga ko‘chirish orqali ukrain razvedka dronlarini chalg‘itishga urinishlar haqida gap boradi. Bundan tashqari, The Guardian iqtibos keltirgan buyruqlardan birida, harbiylar «tuzoq pozitsiyalar»ga yuborilishi va u yerda tunda gulxan yoqishi, shuningdek, radioefirlarda bunday pozitsiyalar haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish rejalari to‘g‘risida aytilgan.

Bu rejalar qanchalik amalga oshirilgani noma’lum, deya qayd etadi gazeta. Ukrainlarning mazkur hududda ishlovchi dron operatorlari Rossiya qo‘mondonligi buyruqlarida keltirilgan bu kabi narsalarga to‘qnash kelishmaganini bildirishgan.

The Guardian jurnalistlari tanishib chiqqan hujjatlar Ukraina taktikasining ham ayrim detallari haqida ma’lumot beradi. Buyruqlardan birida rossiyalik harbiylarning identifikatsiyasini (tanish belgilarini) yaxshilash zarurligi aytilgan, chunki ukrain diversiya guruhlari Rossiya hududidagi amaliyotlarda RF qurolli kuchlari uniformasidan foydalangan. Buyruqda komandirlarga «ko‘zga ko‘rinmas lenta yordamida biriktiriladigan 8 sm kenglikdagi materiallardan tayyorlangan n6 identifikatsiya markeri variantidan foydalanish» bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Mavzuga oid