Jahon | 14:51 / 23.09.2024
4059
1 daqiqa o‘qiladi

Zaytun tarkibidagi modda depressiyani davolashga yordam berishi aniqlandi

Zaytun tarkibidagi oleatsein miyadagi yallig‘lanishni yumshatadi, yangi nerv hujayralari hosil bo‘lishini rag‘batlantiradi va depressiyani davolashda foydali bo‘lishi mumkin.

Foto: Pixabay

Olimlar sun’iy ravishda depressiyaga chalintirilgan sichqonlarning og‘ziga oleatseinni yuborib tajriba o‘tkazdi, deyiladi Cell Communication and Signaling jurnalida chop etilgan tadqiqotda.

Preparatni bir marta qabul qilgan jonivorlarda BDNF molekulasini ishlab chiqarish oshgan. Boshqa tadqiqotlarda BDNF depressiyaning oldini olish va davolashda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani aniqlangandi, u shuningdek, asab tizimidagi yallig‘lanishni yumshatadi.

Preparatni 10 kun qabul qilgan sichqonlarda, uni qabul qilmagan sichqonlarga nisbatan depressiya belgilarini ifodalash kamaydi.

Tahlillar jonivorlardagi genlar faolligi o‘zgarganini ko‘rsatdi. Bu esa nafaqat BDNF ishlab chiqarishning oshishiga, balki depressiya va boshqa kasalliklar bilan birga keladigan miyadagi yallig‘lanishning yumshatilishiga sabab bo‘lgan.

Avvalroq Berlin universiteti olimlari itlar surunkali og‘riqni boshdan kechirayotgan odamlarga yordam berishi mumkinligini aniqlagandi.

Mavzuga oid