Jahon | 21:24 / 24.09.2024
17325
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya xavfsizlik kuchlari Ukrainaga qarshi urushdan bosh tortgan harbiyni Qozog‘istondan o‘g‘irlab ketdi

Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan Kamil Kasimov ta’tilda Ostonaga qochib kelgan va u yerda qonuniy ishga joylashgan. Ammo Rossiya va Qozog‘iston politsiyasi uni qo‘lga olib, noqonuniy yo‘llar bilan mamlakat hududidan olib chiqib ketgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

May oyida qozog‘istonlik huquq himoyachilari Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishni xohlamay, Ostonaga qochib kelgan Rossiya fuqarosi 23 yoshli Kamil Kasimov qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi. Avgust o‘rtalarida Omsk harbiy sudi uni urush davrida dezertirlik ishi bo‘yicha aybdor deb topgan. «Mediazona»ning aniqlashicha, yigit Buryatiya jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan Qozog‘iston hududida ushlangan va qonuniy deporatsiya yoki ekstraditsiya qoidalariga bo‘ysunmay, Rossiyaga olib chiqib ketgan.

Tyumenlik Kamil Kasimovning otasi 2014 yilda, bola 13 yoshligida vafot etgan, akasi Shamil esa bu vaqtda 17 yoshda bo‘lgan. Bolalarning onasi Zulfiya kiyim-kechak tikish ustaxonasida tikuvchi bo‘lib ishlagan va oila mudom qiyinchilikda yashagan. Maktabni tamomlagan Kamil grafik dizaynerlik bo‘yicha texnikumga o‘qishga kirgan, biroq ish topa olmagan. 2021 yil yozida u Mudofaa vazirligi bilan ikki yillik shartnoma imzolagan. Unga 30 ming rublga yaqin pul to‘lashni va’da qilishgan.

«Biz kambag‘al, o‘ta qashshoq oilamiz, men doim kam pul topganman. 30 ming ham katta pul emas, albatta, o‘ylashimcha, u do‘stlari sabab shartnoma imzolagan. Do‘stlaridan biri unga «yur, xizmat qilamiz, nimadir bo‘lar», degan gumonimcha. Shunchaki do‘stlari bilan xizmat qilishni xohlagan, ular uzoqroqqa, Uzoq Sharq yoki boshqa joyga ketishni istagan», — deydi yigitning onasi Zulfiya.

Oradan yarim yil o‘tgach Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlashini na Zulfiya va na uning o‘g‘li bilgan — ular siyosatga qiziqmagan. Kasimovni Ulan-Udega, qurollanishida «Iskander» raketa majmualari mavjud 103-raketa brigadasiga yuborishgan.

Ushbu brigada harbiylarini g‘arbiy chegaralarga birinchilardan bo‘lib, urush boshlanishidan bir oy oldin joylashtirish boshlangan. May oyiga kelib, Belarus hududidan Ukraina tomon uchirilgan raketalar soni 600 taga yetgan. Aftidan, Kasimov Belarusda xizmat qilgan. Kamil onasiga hech narsa aytmagan, ammo u ryadovoydan yefreytorga qadar ko‘tarilgan va unga jangovar harakatlar veterani maqomi berilgan.

Zulfiyaning so‘zlariga ko‘ra, urush boshlanganidan keyin uning o‘g‘lini ikkinchi shartnomani imzolashga majburlashgan — bu safar uch yil muddatga.

2023 yil 15 may kuni Kasimov ta’tilga chiqqan. Uyiga yo‘l olgan yigit, harbiy qismga qaytmaslikka qaror qilgan. «Ona, men u yerga qaytmayman», dedi. U yerda nimalar bo‘lganini aytmagan, o‘g‘lim Ukraina hududida bo‘lgan-bo‘lmaganini ham bilmayman. Menimcha, u qo‘rqqan, yashashni xohlagani uchun shunday qarorga kelgan. Avvaliga u Tyumendagi biror joyga yashirinish taklifini berdi. Unga baribir topishlarini aytdim… Baribir o‘z bilganidan qolmadi», — deydi askarning onasi.

Kamil ta’tili yakunlangunga qadar mamlakat bo‘ylab bemalol harakatlana olardi. U rossiyalik huquq himoyachilari bilan muloqotga kirishmay, 11 iyun kuni Minskka keladi va Belarus poytaxti orqali Ostonaga uchib ketadi.

Kasimov Qozog‘istonda qonuniy ishlashga qaror qiladi: shaxsiy identifikatsiya raqamini rasmiylashtiradi, vaqtincha yashash ruxsatnomasini oladi va tipografiyaga ishga joylashadi.

Barchasi 2024 yil 23 aprel kuni o‘zgarib ketadi. Kamil Kasimov bundan taxminan bir oy oldin yangi ishga joylashadi — Ostonadagi qurilish materiallari fabrikasiga. Uning ish joyi hamma kirib-chiqadigan binoda bo‘lgani uchun Kamil noma’lum erkaklar paydo bo‘lganiga e’tibor qaratmaydi.

«Biz bilan yuring, yigitcha, deb qo‘lidan ushlashgan va olib ketishgan», — deydi Kamilning onasi. U ish joyidan Olmaota politsiya boshqarmasiga olib kelingan va Priozerskdagi harbiy komendatura hududiga yuborilgan.

13 avgust kuni 40-garnizon harbiy sudi Kamil Kasimovga hukm chiqargan. Sud hukmi bilan u urush davrida dezertirlikda aybdor deb topilgan va 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Mavzuga oid