O‘zbekiston | 19:33 / 24.09.2024
24395
5 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro miqyosdagi ko‘zbo‘yamachilik: Samarqandda qurib yotgan uchta bog‘

Samarqandda xalqaro delegatsiya bilan birgalikda barpo etilgan ikkita bog‘ning, shuningdek, ekologiya boshqarmasi va jurnalistlar jamoasi tomonidan yaratilgan bog‘ daraxtlari qurib yotibdi.

Qayd etib o‘tish lozimki, yangi bog‘larning barchasi Samarqand tumanida joylashgan.

Birinchi bog‘ «CRIC-21 yashil bog‘i» degan tantanali nom bilan 2023 yilning 13 noyabrida Samarqand shahrida BMTning cho‘llashishga qarshi kurashish konvensiyasini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi doirasida barpo etilgan edi.

Daraxt ekish tadbirida BMT bosh kotibining o‘rinbosari, cho‘llashish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish konvensiyasining ijrochi kotibi Ibrohim Tiau, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining raisi Tanzila Norboyeva, ekologiya vaziri Aziz Abduxakimov va xorijiy delegatsiya vakillari ishtirok etishgan edi.

Foto: Ekologiya vazirligi axborot xizmati

Oradan bir yil o‘tmasdan, 1000 tup qimmatbaho manzarali daraxtlar ekilgan 2,5 gektar ekanligi aytilgan bog‘ to‘liq qurib ketgan.

Ikkinchi bog‘ Samarqand tumani markazi Gulobod shaharchasiga borish yo‘lining yoqasida, joylashgan. U 2024 yilning fevralida Samarqandda o‘tkazilgan yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha konvensiya tomonlarining 14-konferensiyasi — COP14 yig‘ilishi doirasida barpo etilgan edi va «COP-14 Yashil jamoat parki» deb atalgandi.

Foto: Ekologiya vazirligi axborot xizmati

O‘shanda ham ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov, BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrochi kotibi Emi Frenkel, xalqaro delegatsiyalar vakillari va xorijlik mehmonlar ishtirokida bog‘da shumtol, zarang, yapon saforasi, Qrim qarag‘ayi va boshqa daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan.

Foto: Ekologiya vazirligi axborot xizmati

Aziz Abduhakimov «COP14 — Yashil jamoat parki» 4,5 gektar maydonni egallashi, parkda jami 2500 tup turli daraxtlar ekilishi, bu yerda savdo do‘konlari, avtoturargoh, shaxmat maydonchalari qurilishini, umuman park aholi uchun har tomonlama qulay bo‘lgan madaniy hordiq maskaniga aylanishi aytgan edi.

Ammo yashil jamoat parkiga aylanishi lozim bo‘lgan va Samarqand tumaniga ishonib topshirilgan va qarovsiz qolgan park qisqa vaqt ichida qurib, yantoqzorga aylandi.

Samarqand tumanida mahalliy jamoatchilik tomonidan katta tashabbus bilan ochilgan va qarovsizlikdan qurib qolgan yana bir bog‘ bor.

Samarqand viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tashabbusi bilan Samarqand tumanidagi Ohalik mahallasi hududida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 2 gektarli yer maydonida shu yilning bahorida «Ekologiya bog‘i» barpo etilgan.

Uning bir gektarli qismida jurnalistlar bog‘i ham bog‘i barpo etilgan, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlar ham borib 500 tupdan ziyod ko‘chat ekishgan edi.

Foto: nuz.uz

Eng qizig‘i, har ikkala bog‘da sug‘orish uchun quduqlar qazilgan, biroq ular umuman ishlatilmagan. Faqatgina jurnalistlar o‘sha ko‘chat ekish jarayonida uning sug‘orilishidan xavotirini bildirishgan va o‘rtada bir ikki marta bog‘ni o‘sha yerda oqib yotgan kanaldan suv olib, qo‘lda sug‘orishni ham tashkil qilishgan.

Foto: nuz.uz

Ammo bog‘larning barchasi ko‘karmasdan quridi.

Bu nima deb atash mumkin: viloyat darajasidagi loqaydlikmi? Katta dabdaba bilan o‘tkazilgan xalqaro tadbirlardan esdalik bo‘lib qolishi kerak bo‘lgan bog‘larni ko‘kartirib, parklarni viloyat va tuman aholisi hordiq chiqaradigan joy qilishning imkoni bo‘lmagani nihoyatda taassufli.

Bu xo‘jasizlik, behudaga sarflangan mablag‘lar va sa’y-harakatlar uchun kim javob beradi? Bitta bog‘ni ko‘kartirishni yo‘lga qo‘ya olmaganlarga lavozimni buyog‘igayam ishonib topshirish mumkinmi?

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid