Jahon | 21:24 / 25.09.2024
22889
7 daqiqa o‘qiladi

Eron nima uchun «Hizbulloh»ga yordamga shoshilmayapti?

So‘nggi hafta davomida Livandagi «Hizbulloh» harakati bemisl darajadagi zarbalar seriyasiga uchradi, ayrimlarning fikricha, bu hujumlar guruhning so‘nggi qirq yillikdagi eng chuqur inqirozi bo‘lmoqda.

NurPhoto

Avvaliga butun mamlakat bo‘ylab guruh a’zolarining aloqa qurilmalari - peyjyerlar va ratsiya vositalari portlay boshladi, buning natijasida o‘nlab kishi halok bo‘lib, minglab kishilar yaralandi. Keyin esa Isroil aviatsiyasi «Hizbulloh» obektlari bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘llashga va yuqori martabali qo‘mondonlarni yo‘q qilishga kirishdi. Boshqacha aytganda, guruh Isroil bilan 2006 yilgi urushdan buyon eng jiddiy qon to‘kilishini boshdan kechirmoqda.

«Hizbulloh» — mintaqadagi Isroilga dushman bo‘lgan qurolli guruhlar koalitsiyasi sifatida ko‘riladigan «Qarshilik o‘qi»dagi eng yirik jangari guruhdir. Uni tez-tez «dunyodagi eng qudratli nodavlat armiya» deb ham atashadi. U o‘z mavjudligining ilk kunlaridanoq Eron tomonidan to‘la va to‘xtovsiz qo‘llab-quvvatlangan.

Ko‘pchilik Isroilning «Hizbulloh» tuzilmasiga jiddiy putur yetkazadigan misli ko‘rilmagan jiddiy zarbalari Eronning yanada qat’iy javobini keltirib chiqarishini kutgandi. Ammo hozircha bunday reaksiya ro‘y bermadi.

Eron anchadan buyon «Hizbulloh» — uning «qizil chizig‘i» ekanini aytib kelishi va «Hizbulloh» yetakchisi Hassan Nasrulloh bir necha kun oldin Isroil «barcha qizil chiziqlar»dan o‘tganini aytganiga qaramay, Eron hozircha na tiyib turuvchi va na tajovuzkor javob qaytarmayapti.

Hatto eronliklarning Isroildan qasos olish to‘g‘risidagi olovli ritorikasi ham bu safar sezilarli darajada vazmin chiqmoqda.

Eron rasmiy shaxslari nimalar dedi?

Eronning pozitsiyasi qandayligini Nyu Yorkdagi BMT Bosh assambleyasiga kelgan mamlakat prezidenti Mas’ud Pizishkiyonning izohlaridan bilish mumkin.

Amerikalik jurnalistlar bilan uchrashuvga oid audioyozuvga ko‘ra, Pizishkiyon noodatiy bayonot berib, agar Isroil shunday yo‘l tutadigan bo‘lsa, Eron ham kuch ishlatishdan voz kechish masalasini ko‘rib chiqishi mumkinligini aytgan.

Bu Eronning ikki oy oldin, Tehronda Hamas yetakchisi Ismoil Haniya o‘ldirilganidan keyin bildirilgan pozitsiyadan butkul farq qiladi, o‘shanda eronliklar Isroilga qat’iy javob qaytarilishiga ont ichishgandi.

Nyu Yorkda murosa ohangiga o‘tish shu qadar sezilarli bo‘ldiki, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Eron Isroil bilan munosabatlarida keskinlashuvga tayyorligi to‘g‘risida tarqalgan xabarni qat’iyan rad etishga shoshildi.

Javan gazetasidagi sarlavha: «Aqldan ozgan Isroil, «Hizbulloh» shturmi. Foto: Javan

Eronning sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirda mamlakat vitse-prezidenti sanalgan Muhammad Javod Zarif ijtimoiy tarmoqlarda Pizishkiyonni qo‘llab-quvvatlab, prezident mohiyatan «Isroil jinoyatlari»ni qoralagani, shu bilan birga, Eronni tinchlik kurashchisi va mintaqadagi yadroviy qurolsizlanish tarafdori sifatida namoyish etganiga ishora qildi.

Zarif Isroilni Eronning niyatlari haqida «xavfli va soxta narrativ» targ‘ib qilishda ayblab, bu bilan Isroilning da’volariga zid o‘laroq, Eron urushga intilmayotganini nazarda tutdi.

Pizishkiyonning o‘zi amerikalik jurnalistlar bilan suhbatda aniq qilib aytdi: «Biz urush istamaymiz». U Isroilni Eronni g‘oliblar bo‘lmaydigan mojaroga tortish uchun tuzoq qo‘yishda ayblagan.

G‘aflatda qoldirishmoqchimi?

Eron oliy diniy rahnamosi, azaldan Isroil va AQShga nisbatan eng keskin qarashlarga ega bo‘lgan oyatulloh Ali Xominaiy «Hizbulloh»ning peyjyerlari va ratsiyalari portlashidan uch kun o‘tib bergan so‘nggi bayonotida Livan haqida qisqacha to‘xtalib o‘tgan.

U o‘z nutqini asosan islom davlatlarini Isroilga qarshi birlashishga hamda u bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarni uzishga chaqirishga bag‘ishlagan.

Bu tendensiya Erondagi hukumat ta’siridagi nashrlarda ham aks etmoqda, holbuki bu nashrlar odatga ko‘ra Isroildan qasos olishga undab kelardi. Qat’iy liniyani ushlab turadigan alohida ovozlar va manbalar endilikda ko‘proq e’tiborni Isroil qarshisidagi islom birligi g‘oyasiga qaratmoqda — garchi bunday chaqiriqlar ko‘p yillardan buyon ko‘zlangan natijalarni bermagan bo‘lsa ham.

Ushbu mediya manbalarning aksariyati hanuz o‘z matnlariga tajovuzkor sarlavhalar va raketalarning qo‘rqinchli fotosuratlarini qo‘yayotgan bo‘lsa-da, ularda qasosga tashnalik bilan to‘lgan ohangi g‘oyib bo‘lgan. Bu ayniqsa Eronning Isroil bo‘ylab muvaffaqiyatsiz raketa zarbalari hamda Hamas siyosiy qanoti rahbari Ismoil Haniya Tehronda o‘ldirilganidan keyin sezilarli bo‘ldi.

Masalan, ultrakonservativ Kayhan gazetasi yaqinda Isroilga qarshi ruhdagi «Ortga sanoq boshlandi!» sarlavhali tahririyat maqolasini e’lon qilgandi. Ammo maqolaning o‘zida Isroil G‘arb yordam tufayli «texnologiyalar va razvedka sohasida yaqqol ustunligi» so‘zsiz tan olinadi, bu vaqtda esa «Hizbulloh»ni faqat Eron, Falastin, Yaman va Iroqdagi qarshilik guruhlarigina qo‘llashi aytiladi.

Kayhan gazetasidagi bunday ohang shuni ko‘rsatadiki, Isroilning tezkor va vayronkor zarbalari debochasi bo‘lib xizmat qilgan «Hizbulloh»ning aloqa vositalari portlashidek murakkab amaliyot nafaqat «Hizbulloh»ni g‘aflatda qoldirgan, balki Eron rahbariyatining o‘zini ham jiddiy o‘ylab ko‘rishga majbur qilgan bo‘lishi mumkin.

Bu fikrlarni va’da qilingan qasosdan voz kechish deb talqin qilish mumkin. Ammo ayrimlar bu Eron kutilmaganda javob zarbasini yo‘llashni rejalashtirayotgan payt uchun qilinayotgan pauza bo‘lishi ham mumkinligini aytishmoqda.

Ayni vaqtda voqealarning bunday rivoji ehtimoli kam bo‘lib ko‘rinayotgan bo‘lsa-da, Yaqin Sharq azaldan oldindan aytib bo‘lmaydigan voqealar ro‘y beradigan mintaqa bo‘lib kelganini yoddan chiqarmaslik lozim.

Mavzuga oid