Jahon | 23:26 / 26.09.2024
10480
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp urushni to‘xtatish uchun «har qanday bitim»ga bormayotgan Zelenskiyga qarshi hujumga o‘tdi

AQSh sobiq prezidenti kundan kunga Ukraina prezidentiga hujumlarini kuchaytirmoqda, uning saylov natijalariga ta’sir ko‘rsatuvchi Pensilvaniya shtatidagi harbiy zavodga tashrifi esa respublikachilarning g‘azabini qo‘zg‘atdi.

Foto: AFP

Volodimir Zelenskiy AQSh prezidentligiga har ikkala nomzodning ham qo‘llab-quvvatlovini ololmadi. Donald Tramp kundan kunga Ukraina prezidentiga hujumlarini kuchaytirmoqda, uning saylov natijalariga ta’sir ko‘rsatuvchi Pensilvaniya shtatidagi harbiy zavodga tashrifi esa respublikachilarning g‘azabini qo‘zg‘atdi.

«Ukraina endi yo‘q. Bu endilikda Ukraina emas. Ushbu shahar va qishloqlar, marhum insonlar, bunday ko‘lamdagi o‘liklarni almashtirib bo‘lmaydi. Har qanday bitim, hatto eng yomoni ham hozirda bizda mavjudidan yaxshiroq bo‘ladi» — deydi Tramp Rossiya bilan urushni to‘xtatish haqidagi kelishuvni nazarda tutib.

Zelenskiy o‘zining g‘alaba rejasi bilan tanishtirish uchun har ikkala nomzodning shtablari bilan uchrashishni xohlagan edi. Jo Bayden va Kamala Harris bilan uchrashuv 26 sentabr kuni bo‘lib o‘tadi. Tramp shtabining vakiliga ko‘ra, sobiq prezidentning jadvaliga Zelenksiy bilan uchrashuv kiritilmagan.

«G‘alaba rejasi»ga xabardor g‘arb amaldorlariga ko‘ra, Kiyev harbiy qo‘llab-quvvatlovni oshirishga va taqdim etilgan qurol-yarog‘larni qo‘llashda cheklovlar qo‘ymaslikka chaqirmoqda. Rejaning asosiy qismini AQSh Ukrainaga qurollardan o‘z manfaatidan kelib chiqib qo‘llashga ruxsat berishi tashkil etadi. Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubbning aytishicha, bunday ruxsatsiz Ukrainaning qolgan takliflari «u qadar dolzarb emas» bo‘lib qoladi, chunki u Rossiyaning davom etayotgan bosqiniga qarshi turishi mushkul kechadi.

Tramp 23 sentabr kuni Zelenskiyni «tarixdagi eng buyuk savdogar» deb atagandi: «Har safar u mamlakatga kelganida 60 milliard dollar bilan qaytib ketadi». 25 sentabr kuni o‘tkazilgan mitingda Tramp Zelenskiyga yana shu savollar bilan hujumini davom ettirdi: «Biz bitim tuzishdan bosh tortgan inson — Zelenskiyga milliardlab dollar berishni davom etyapmiz. U tuzishi mumkin bo‘lgan har qanday bitim, hozirgi vaziyatdan yaxshiroq bo‘lardi. Hozirda esa yakson qilingan davlat bor».

Shu bilan birga, Tramp Oq uyga qaytishi bilan urushni darhol to‘xtatishga qodirligini ta’kidlab kelmoqda. «Men prezident bo‘lmasam, shu urushda qolib ketamiz. Men buni amalga oshiraman, tinchlik bo‘yicha kelishib olaman. Men undan chiqib ketaman. Biz chiqib ketishimiz kerak», — degan edi Tramp.

Aftidan, Tramp Zelenskiyning AQShga tashrifi oldidan uning Ukrainadagi vaziyatni tushunish imkoniyatiga shubha bildirgani jahlini chiqargan. Ukraina prezidenti New Yorker’ga intervyusida AQShning sobiq prezidenti mojaroning butun murakkabligini tushunmasigini aytgandi.

Ayrim respublikachilar ham Zelenskiyga qarshi. Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson unga maktub yo‘llab, Pensilvaniyadagi qurol zavodiga tashrifini «demokratlarga yordam berish va saylovlarga aralashishga qaratilgan partiyaviy kampaniya tadbiri», deb atadi. Jonson Zelenskiyni ushbu tashrifni tashkillashtirgan Ukrainaning AQShdagi elchisi Oksana Markarovani iste’foga yuborishga chaqirdi.

Mavzuga oid