Jahon | 19:47 / 27.09.2024
14101
4 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik aktrisa Meggi Smit vafot etdi

U Harri Potter haqidagi filmlarda professor Minevra Makgonagall roli orqali tanilgandi.

Foto: Sky News

Britaniyalik aktrisa Meggi Smit 89 yoshda olamdan o‘tdi. Bu haqda BBC News uning farzandlari Tobi Stivens va Kris Larkinga asoslanib xabar bermoqda.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Smit xonim hayotining so‘nggi kunlarini Londondagi shifoxonada yaqinlari qurshovida o‘tkazgan.

«Juda yopiq odam sifatida u hayotining oxirgi qismini do‘stlari va oilasi bilan o‘tkazdi. Undan ikki o‘g‘il va besh nafar sevimli nabira qoldi, ular mehribon onasi va buvisidan mahrum bo‘lishdi. Biz shifoxona xodimlariga uning hayotining so‘nggi kunlarida ko‘rsatgan g‘amxo‘rligi va davomiy mehri uchun minnatdorchilik bildiramiz», — deyilgan bayonotda.

Meggi Smit Harri Potter haqidagi filmlarda professor Minerva Makgonagall rolini ijro etish orqali tanilgandi, shuningdek, kinoixlosmandlar uni «Daunton abbatligi» seriali va boshqa ko‘plab kartinalardagi ijrosi orqali bilishardi: Smit xonim — «Oskar» mukofotining ikki karra  laureati bo‘lgan (1970 yilda — «Miss Jin Brodining porlashi», 1979 yilda — «Kaliforniya oteli» filmlari uchun). 1989 yilda Britaniya imperiyasi Ordeni Komandor-xonimi darajasini olgan.

1950-yillardan boshlangan faoliyati davomida u juda ko‘p rollar ijro etgan — Dezdemonadan tortib miss Jin Broudi, Virjiniya Vulf va Minerva Makgonagallgacha. «Mening kareram murakkab, - degandi u 2004 yilda Guardian uchun bergan intervyusida. Men komediya ampluasi asiriga aylanib qolgandekman. Agar siz komediyada suratga tushsangiz, sizni hisobga olishmaydi. Komediyani hech qachon jiddiy ish deb qabul qilishmagan». Ammo Smit yumoristik bo‘lmagan dramatik rollarni ijro etishga ham ulgurgandi: u Milliy teatrda Lorens Olive bilan o‘ynagan, «Judit Hirnning yolg‘izlikdagi hissiyotlari» filmidagi ijrosi uchun eng yaxshi ayol aktrisa sifatida BAFTA mukofotini qo‘lga kiritgan, 1970 yilda Ingmar Bergmanning «Gedda Gabler» filmida bosh rolni ijro etgan.

Smit 1934 yilda Oksfordda tug‘ilgan va o‘smirlik chog‘laridayoq shahardagi Playhouse teatrida rol o‘ynashni boshlagan. 1952 yildan kinolarda ham suratga tushishni boshlagan, 1958 yilda Set Holtning «Hech qayerga yo‘l yo‘q» trillerida ilk jiddiy rolini olgan, bu ijrosi orqali ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa nominatsiyasida BAFTA mukofotiga nomzod bo‘lgan. Keyinroq Lorens Olive bilan yaqindan ishlay boshlagan, 1962 yilda u tomonidan qayta uyg‘onayotgan Milliy teatrga taklif etilgan, bu yerda qator spektakllarda o‘ynagan, jumladan «Otello»da Dezdemona rolini ijro etgan.

1969 yilda u «Miss Jin Broudining porlashi» filmida bosh rolni ijro etadi — bu Myuriel Sparkning edinburglik maktab o‘qituvchisi, Mussolinidan hayratlanadigan ayol haqidagi romanining ekranlashtirilishi bo‘lgandi; 1970 yilda Smit bu roli uchun eng yaxshi aktrisa sifatida «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritadi. 2001 yilda Smit Harri Potter haqidagi filmlar seriyasida Minerva Makgonagall rolini oladi, franshizaning «Ajal tuhfalari»ning birinchi qismidan boshqa barcha qismlarida qatnashadi. Aynan o‘sha paytlarda u «Daunton abbatligi» serialida grafinya Grentem rolini oladi va bu rolni 2019 va 2022 yillarda chiqqan ikki filmda takrorlaydi. Aktrisa ishtirokidagi boshqa filmlar qatorida — «Nildagi o‘lim», «Missioner», «Birinchi rafiqalar klubi» kabilar bor.

Mavzuga oid