O‘zbekiston | 22:30 / 27.09.2024
9498
5 daqiqa o‘qiladi

“Uy-joy bozori haliyam yovvoyi holatda” – ekspertlar bilan katta suhbat

Shahar bosh rejasi e’lon qilinmagan bir sharoitda Toshkentda qurilish ishlari o‘ta tezlik bilan davom etyapti. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylarni qurib-sotish katta foyda keltiradigan bizneslar ro‘yxatida oldinlab bormoqda. Biroq poytaxtda borgan sari bo‘sh yerni topish muammoga aylanyapti. Kun.uz shaharsozlik muammolari, qurilishlar, yangi uylar xususida navbatdagi suhbatni o‘tkazdi. Ishtirokchilarga ko‘ra, hozir nogiron shaharda yashayapmiz. Uy-joy qurilish bozori haliyam yovvoyi holatda.

Shahar bosh rejasi poytaxtning bundan keyingi bir necha o‘n yillik arxitekturasini tasdiqlaydi. Uni o‘zgartirish mumkin emas, yuzaga keladigan muammolar esa shu reja asosida yechilishi lozim. Biroq yillarki hujjat paysalga solinadi. Bugun Toshkentda rasman ro‘yxatdan o‘tib yashovchilar soni 3 milliondan oshadi. Talabalar va ro‘yxatdan o‘tmaganlar inobatga olinsa, 4 millionga yaqin. Bu ko‘rsatkich bilan Toshkent qo‘shni davlatlar poytaxtlaridan 1-2 million ko‘proq aholiga ega. Lekin hozirgi Toshkent aslida 2,5 million odam uchun qurilgan. Infratuzilma, kanalizatsiya, ijtimoiy obektlar – hammasi shunga moslangan edi. Demak, bor imkoniyat qo‘shimcha bosim bilan ishlatilyapti.

Shaharsoz Muradxan Usmanovga ko‘ra, shahar hududining kengaytirilishi – oqilona qaror emas. Lekin markazdan uzoqlashish, administrativ binolarning ko‘chirilishi bosimni biroz kamaytirishi mumkin. Yangi qurilayotgan binolarga kelsak, ular aholi talab va ijtimoiy holatiga nomunosib. Bundan tashqari, oilada odamlar soni, o‘zbekona mentalitetga ham hozirgi ko‘p qavatli uylar to‘g‘ri kelmaydi. Usmanovning fikricha, mahallalarni saqlab qolish muhimroq.

San’atshunos-arxitektor Shuhrat Abdullayev yangi qurilayotgan uylar talabga umuman javob bermaydi, degan fikrga qo‘shilmaydi. U tekshiruv komissiyasi haliyam halol ishlayotganiga ishonadi. Asosiy muammo yerni qazish bosqichida, deydi arxitektor.

Uy-joy savdosi bo‘yicha mutaxassis Abror Zohidovning gapiga ko‘ra, Toshkentda qurilishlar birdaniga ko‘payishiga sabab – davlatning aholi soni oshishiga mos ravishda uy qurmagani. Bir necha o‘n yillar biz qurilish qilmadik, aholi esa ko‘payib bordi. Masalan, Toshkentning uylar qurilishiga to‘yinishi uchun hali 5-10 yil bor, deydi Zohidov. Uning qo‘shimcha qilishicha, narx-navo tushishini kutish noo‘rin. Ayni paytda bozor yana o‘sishni boshlagan. Tabiiy ravishda yozda bozor sovigan, ya’ni narx o‘sishdan to‘xtagan edi.

Davlatda uy xaridorlari yo‘q bino, yo‘q obektga to‘lov qilishadi. Tadbirkorlar esa mijozlarning pulini yig‘ib, shu mablag‘ga uy qurishi sir emas. Ayni shu tizim bugun qurilish kompaniyalarining deyarli hammasida ishlaydi. Biroq firibgarlar ham yo‘q emas. Mutaxassis fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda aldanishlar soni u qadar ko‘p emas, lekin bitta holat ham odamlarga juda yomon ta’sir qiladi.

Parij va Toshkent aholisi deyarli teng miqdorda. Lekin Parijda binolar ko‘pi bilan 6-7 qavat. Hududi bo‘yicha shahar Toshkentdan kichkina ham, lekin investor-developerlar uchun maydon shahar chekkasidan berilgan. Moliya markazlariga bosh ko‘chalarda joy yo‘q. Bu to‘g‘ri qaror, deydi shaharsoz Usmanov.

Yangi uylar qurilishining eng xavfli tomoniga kelsak, iqtisodiy jihatdan foyda olishni ko‘zlab ikki qavatli uylarni buzib, joyiga ko‘p qavatli bino qurish – mavjud kanalizatsiya, yo‘l, maktab, bog‘cha, poliklinika, shifoxona va boshqa ijtimoiy muhim infratuzilmalarga qo‘shimcha bosimni oshiradi. Hukumat avvalo shuni nazoratga olishi kerak. Bino qurilishini nazorat qiluvchi tashkilotlar esa birinchi navbatda zilzilaga chidamlilik, qurilish materiallari, sement va armaturaning sifatini tekshirishi joiz. Umuman olganda, uy-joy qurilish bozori yagona qoidalar asosida ishlamaydi, yovvoyi holatda qolmoqda.

Prezident ishtirokida o‘tgan videoselektorda odamlar uy olishda aldanib qolmasligi uchun kafolatli eskrou tizimi yo‘lga qo‘yilishi aytildi. Biroq bu zarariga o‘ynashi mumkin. Katta ehtimol bilan banklarning o‘zi quruvchiga aylanishi, yangi uylar bozorida narx-navo oshib ketishi, qurilishlar kamayishi, yashirin iqtisodiyot hajmi yana oshishi mumkin. Chunki yangi uylarning jozibadorligi ularning 1-bosqich qurilish davrida edi. O‘sha bosqichda mijozlar arzonga xarid qilib, foyda olar edi. Endi tadbirkor qurilish davridagi inflyatsion xavf, narx-navoning oshishini ham hisobga oladi va tabiiyki uylar narxi ham oshadi.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid