Jahon | 17:43 / 27.09.2024
18868
9 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyning AQShga tashrifi: Tramp «Ukraina endi yo‘qligi»ni aytdi, Bayden Kiyevga 8 mlrd dollarlik paket ajratilishini e’lon qildi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Oq uyda Jo Bayden bilan muzokaralar o‘tkazdi, undan oldinroq esa Kongressda Respublikachilar va Demokratik partiya vakillari bilan uchrashdi. U Amerika siyosatchilari uning Rossiyaga qarshi urushdagi «G‘alaba rejasi»ni qo‘llab-quvvatlashidan umid qilmoqda, ammo AQShga tashrifi chog‘ida ukrainlar yetakchisi respublikachilar rahbariyatining keskin tanqidiga uchradi.

Foto: Bloomberg via Getty Images

AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp navbatdagi marta Ukraina g‘alaba qozonishi dargumonligini aytdi, Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson Zelenskiyning Pensilvaniyaga tashrifi tufayli Ukrainaning AQShdagi elchisini ishdan olishni talab qildi.

Zelenskiyning tashrifining birinchi aniq natijasi prezident Jo Bayden Ukrainaga 7,9 mlrd dollar miqdoridagi yangi harbiy yordam paketi ajratilishini e’lon qilishi bldi.

Bu Kongress yil boshida ma’qullagan 61 mlrd dollarlik paketning bir qismidir. Ukraina uning doirasida boshqa narsalar qatori Joint Standoff Weapon rusumli o‘zi uchib boruvchi aviabombalar, yana bitta Patriot havo hujumidan mudofaa tizimi batareyasi hamda unga qo‘shimcha raketalar oladi; AQSh ukrain uchuvchilarini F-16 qiruvchilarida parvoz qilishga o‘rgatish dasturini ham kengaytiradi.

Amerika nashrlari yozishicha, AQSh Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini ma’qullagan joriy yil bahoridan buyon bu mablag‘ning katta qismi yetkazish zanjiridagi muammolar tufayli ishlatilmay turibdi. Shu bilan birga, Bayden ma’muriyati mablag‘larni AQShdagi moliyaviy yil tugagunicha, ya’ni sentabr oyi oxirigacha ishlatib bo‘lishi kerak.

Zelenskiy Kongressda Senatdagi respublikachilar fraksiyasi yetakchisi Mitch Makkonnell va demokratlarning yuqori palatadagi yetakchisi Chak Shumer bilan uchrashdi

Shu tufayli yangi paket doirasidagi qolgan 5,5 mlrd dollar 30 sentabrga qadar taqsimlanishi lozim, yana 2,4 mlrd dollarni Kiyev «Ukraine Security Assistance Initiative» dasturi doirasida oladi, bu AQSh hukumatiga qurollarni Amerika harbiy omborlaridan ajratmasdan, ishlab chiqaruvchining o‘zidan sotib olishga imkon beradi.

Zelenskiy bilan Oq uydagi uchrashuv chog‘ida Bayden bu choralar «kelgusi muzokaralarda Ukrainaning pozitsiyasini mustahkamlash»ga yordam berishini aytdi.

Bayden shuningdek Ukrainaning muvaffaqiyati uchun ikkita element lozimligini ta’kidladi: g‘arb mamlakatlari harbiy yordami davom etishi va uzoq muddatli xavfsizlikni, jumladan Kiyevni YeI va NATO a’zoligiga yaqinlashtirish orqali ta’minlash uchun xalqaro qo‘llab-quvvatlov.

Keyinroq Zelenskiy AQSh vitse-prezidenti, Oq uy rahbarligi uchun saylovda Demokratik partiyadan nomzod sifatida qatnashayotgan Kamala Harris bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Zelenskiy va Bayden Oq uyda uchrashuv o‘tkazdi. Foto: EPA

Bu Ukrainada urush boshlanganidan buyon Zelenskiyning AQShga to‘rtinchi safari bo‘ldi.

U o‘zi bilan Ukraina ma’muriyati «G‘alaba rejasi» deb atayotgan hujjatni olib kelgan, bu hujjatni Zelenskiy Bayden va Harris bilan o‘zaro uchrashuvlarda, shuningdek, agar o‘tkaziladigan bo‘lsa, respublikachilarning prezidentlikka nomzodi Donald Tramp bilan uchrashuvda ham taqdim etilishi ko‘zda tutilgandi.

Hujjat mazmuni haligacha oshkor etilmagan, faqat u to‘rt banddan iborat ekani ma’lum: Ukrainaga harbiy yordam, iqtisodiy qadamlar, tajovuzkorga diplomatik bosim va «Rossiyani siyosiy yo‘llar bilan majbur qilish».

Shu bilan bir vaqtda, Wall Street Journal nashri yozishicha, Bayden ma’muriyatidagi qator yuqori martabali mulozimlar allaqachon «G‘alaba rejasi» bilan tanishib chiqqan va uning mazmunidan qoniqish hosil qilmagan.

Oq uy vakillari rejada keng qamrovli strategiya yo‘qligidan xavotirda, takliflar asosan ko‘proq qurol-yarog‘ bilan ta’minlash hamda Amerikaning uzoq masofali raketalari bilan Rossiyaga zarba berishga o‘rnatilgan cheklovni olib tashlash bilan cheklangan.

«Meni hayratga solmadi, unda yangi gaplar ko‘p emas», — degan WSJ suhbatdoshlaridan biri.

Shuningdek, nashr suhbatdoshlari Zelenskiyning takliflari murosasizligi, hujjatning diplomatiya va siyosatga bag‘ishlangan bo‘limlari qurollar taqdim etish bo‘yicha bo‘lim kabi batafsil bayon qilinmaganini ta’kidlagan.

Tramp Zelenskiyni tanqid qildi

AQSh prezidentligiga respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp Zelenskiyga hujumga o‘tib, uni yana bir bor kinoya bilan sayyoradagi eng ustomon savdogar deb atagandi.

Uning bu bayonoti Zelenskiy allaqachon AQShga tashrifini boshlagan pallada yangradi.

Donald Tramp bir necha bor Ukrainadagi urushni to‘xtatishga qodirligini aytgan

«Ukraina mavjud emas. Bu endi Ukraina emas, — degan Tramp Shimoliy Karolinadagi mitingda. — Uylar yakson etilgan, shaharlar yo‘qolgan. Ular endi yo‘q, biz esa kelishuvdan bosh tortayotgan odamga, Zelenskiyga millionlab dollarlar berishda davom etyapmiz. U mamlakatimizga kelganida har safar 60 mlrd dollar bilan ortga qaytadi».

Tramp oldin ham Ukraina «yo‘q qilingani», urushda «millionlab va millionlab» odamlar halok bo‘lgani haqidagi haqiqatga mos kelmaydigan bayonotlar bergandi.

Bundan tashqari, Zelenskiyning Vashingtondagi uchrashuvlari doim ham bu qadar katta miqdordagi yordam ajratilishiga olib kelmagan. O‘tgan yil dekabrida, oldin ajratilgan ishlatib bo‘lingani va Amerikaning harbiy yetkazmalari bir necha oyga to‘xtab qolganida, Zelenskiy Amerika poytaxtidan bo‘sh qo‘l bilan qaytgandi.

Tramp o‘z chiqishida Rossiya armiyasining tarixiy muvaffaqiyatlari haqida ham eslatdi. «Bayden aytadiki: „Biz g‘alaba qozonmaguncha ketmaymiz“. Ammo agar ular g‘alaba qozonsa nima bo‘ladi? Ular muntazam ravishda shu bilan mashg‘ul — urush olib borish bilan. Kimdir menga yaqinda ular Hitlerni yenggani, Napoleon ustidan g‘alaba qozongani haqida aytgandi. Ular jang qilishadi. Va bu yoqimsiz».

Payshanba kuni Donald Tramp juma kuni Zelenskiy bilan uchrashmoqchiligini e’lon qildi.

Zelenskiyning AQShga safaridan oldin u demokratlar Bayden va Harris bilan ham, respublikachi Tramp bilan ham uchrashishni rejalashtirgani ma’lum qilingandi. Bayden va Harris bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, Tramp bilan uchrashuv bo‘lish-bo‘lmasligi shu vaqtgacha noma’lum qolayotgandi.

Ukrain elchisi bilan bog‘liq mojaro

Zelenskiyning AQShga tashrifi chog‘ida uning Respublikachilar partiyasi rahbariyati bilan munosabatlarini keskin yomonlashtiradigan yana bir mojaro ro‘y berdi.

Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Mayk Jonson qat’iy shaklda Zelenskiydan Ukrainaning AQShdagi elchisi Oksana Markarovani lavozimidan olishni talab qildi.

Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, u Zelenskiyni Skrentondagi (Pensilvaniya shtati) snaryadlar ishlab chiqariladigan zavodga taklif etishi AQShdagi saylovoldi kampaniyasiga aralashuv hisoblanadi.

Ukraina elchisi Oksana Markarova Volodimir Zelenskiyni Vashingtonda kutib olmoqda, 23 sentabr

«Men siz zudlik bilan Ukrainaning Qo‘shma Shtatlardagi elchisi Oksana Markarovani ishdan bo‘shatishingizni talab qilaman», — deya yozgan spiker Ukraina prezidentiga ochiq xatida.

Hafta boshida Zelenskiy Skrentondagi Ukraina armiyasiga o‘ta zarur bo‘lgan 155 mm kalibrli snaryadlar uchun metall korpus ishlab chiqariladigan harbiy zavodga borgandi.

Skrenton — prezident Jo Bayden tug‘ilib o‘sgan shahar,  Pensilvaniya esa — noyabrda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlari taqdirini hal qiladigan muhim shtatlardan biridir.

Skrentonda Ukraina prezidentini shtat gubernatori Josh Shapiro, Pensilvaniyadan saylangan senator Bob Keysi hamda kongressmen Mett Kartrayt juda yaxshi kutib oldi. Ularning uchalasi ham — demokratlardir.

Pensilvaniyada Zelenskiy Ukraina uchun snaryadlar ishlab chiqariladigan zavodga bordi

Ko‘plab respublikachilar Zelenskiyning muhim shtatga tashrifini demokratlar uchun saylovoldi targ‘iboti hamda saylovlarga aralashuv sifatida ko‘rishmoqda. Ukraina prezidentining o‘zi Ukraina uchun o‘ta muhim bo‘lgan o‘q-dorilarni ishlab chiqarayotgan odamlarga shaxsan minnatdorchilik bildirishni istaganini aytgan.

Mayk Jonson o‘z maktubida Zelenskiyni Skrentonda kutib olish uchun pensilvaniyalik respublikachilardan birortasi taklif etilmaganiga e’tibor qaratgan, uning fikricha, bu tadbirning partiyaviy xarakteriga yaqqol dalildir.

Ukraina hukumati hozircha Trampning bayonotiga hamda AQShdagi elchini chaqirib olish talabiga munosabat bildirmadi.

Ukrainaning AQShdagi sobiq elchisi Valeriy Chaliy feysbukdagi sahifasida bunday vaziyatda Markarovani ishdan olish «umuman noto‘g‘ri bo‘lishi»ni aytgan. «Hozirning o‘zida iste’foga chiqarish — kuchsiz pozitsiya bo‘ladi. Murakkab sharoitlarda o‘z vakillaringni himoya qilishing kerak! Qolaversa, Markarova xonim Ukraina prezidenti ofisi bilan qat’iy muvofiqlikda ishlaydi».

Mavzuga oid