O‘zbekistonda AI-80 benzinidan to‘liq voz kechish 2028 yilga qoldirildi
O‘zbekistonda 2028 yildan boshlab «Yevro-4» standartidan past bo‘lgan avtomobil yonilg‘isidan foydalanish taqiqlanadi. Shuningdek, 2025−2027 yillarda bosqichma-bosqich AI-80 benzinining importi ham cheklanadi. Avvalroq, 2025 yildan boshlab ushbu markadagi yonilg‘idan voz kechilishi aytilgandi.
Toshkent shahrida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, 2028 yildan boshlab «Yevro-4» standartidan past bo‘lgan avtomobil yonilg‘isidan(AI-80) foydalanish taqiqlanadi. Bu haqda chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va havo sifatini yaxshilash bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarorida keltirib o‘tilgan.
Shuningdek, qaror bilan 2025−2027 yillarda «Yevro-4»dan past standartdagi yoqilg‘i importini bosqichma-bosqich taqiqlash va mamlakatdagi korxonalarni modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.
«Buxoro neftni qayta ishlash zavodida «Yevro-4» va undan yuqori benzinga o‘tish uchun vaqt kerak. Yil oxirigacha loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi va shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Loyihani to‘liq yakunlash uchun 30−32 oy vaqt ketadi. Shu bilan birga, 2025 yildan boshlab AI-92 benzinini ishlab chiqarish har oy oshib boradi. AI-92 benzini ishlab chiqarishga to‘liq o‘tish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi», deyiladi «O‘zbekneftgaz» axborot xizmatining Gazeta.uz’ga bergan izohida.
Avvalroq, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi noyabr-dekabr oylarida AI-91 va undan yuqori oktonli benzinni ko‘proq ishlab chiqarishni boshlashi, 2025 yil boshidan esa AI-80 ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatish rejalashtirilgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
15:18 / 20.11.2024
Yoqilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchalari bo‘yicha mobil ilova ishga tushirildi
15:10 / 13.11.2024
Birjaga chiqarilayotgan AI-80 benzinining boshlang‘ich narxiga nisbatan cheklov o‘rnatildi
17:26 / 06.11.2024
Propan 5 oyda qariyb 2 barobarga, AI-80 benzini esa yillik nisbatda 26 foizga qimmatlashdi
07:30 / 04.11.2024