Jamiyat | 14:30 / 28.09.2024
43903
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga 3 metrlik bo‘g‘ma ilonni olib kirmoqchi bo‘lgan bo‘lgan shaxs to‘xtatib qolindi

Ilon asosan Janubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyoda yashaydigan yo‘lbarssimon albinos bo‘g‘ma iloni bo‘lib chiqqan.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Toshkent viloyatida joylashgan “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postida 3 metrlik ilonni olib kirishga urinish fosh qilingan. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postida qo‘shni davlatdan kirib kelgan piyodaga tegishli qo‘l sumkasi nazorat-rentgen uskunasi orqali ko‘zdan kechirilganida, uning ichida bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ma’lum qilinmagan ilon borligi aniqlangan.

3 metr uzunlikdagi mazkur ilon dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lbarssimon albinos bo‘g‘ma iloni bo‘lib, asosan Janubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyoda yashaydi.

Xalqaro Qizil kitobga kiritilgani sababli mazkur jonivorni O‘zbekistonga olib kirishda xalqaro CITIES ruxsatnomasi talab etiladi. Yuqoridagi holatda yo‘lovchi bu kabi hujjatlarni bojxona xodimlariga taqdim qila olmagan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda. Ilon esa Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan bo‘lib, mutaxassislar uning holatini barqaror deb baholamoqda.

Mavzuga oid