Germaniya o‘z fuqarolarini Livandan evakuatsiya qilmoqda
Germaniya hukumati Bayrutdagi elchixona xodimlarining bir qismini va tibbiy sabablarga ko‘ra xavf ostida bo‘lgan Germaniya fuqarolarini olib chiqadi. Hozirda Livanda 1800 ga yaqin nemis qolmoqda.
Germaniya qurolli kuchlari — Bundesver — «Hizbulloh» harakati nishonlariga Isroil havo hujumlari davom etayotgani munosabati bilan Germaniya fuqarolarini Livandan evakuatsiya qilish uchun transport samolyotini yubordi. Bu haqda 30 sentabr, dushanba kuni mamlakat Mudofaa vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Livanda bo‘lishi shart bo‘lmagan Germaniya elchixonasi xodimlari, diplomatlarning qarindoshlari, shuningdek, tibbiy sabablarga ko‘ra alohida xavf ostida bo‘lgan Germaniya fuqarolari Bayrutdan Berlinga olib ketiladi. Germaniyaga uchgan samolyot bortida jami 110 kishi bor, deya xabar beradi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi.
Ushbu vazirlikning rasmiy vakiliga ko‘ra, hozirda Livanda 1800 ga yaqin Germaniya fuqarosi qolmoqda. Yaqin Sharqdagi vaziyat yomonlashgani sababli Berlindagi hukumat o‘tgan yilning oktyabr oyidan beri vatandoshlarini Livanni tark etishga chaqirib keladi.
Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) va «Hizbulloh» jangchilari o‘rtasidagi shiddatli janglar tufayli Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Bayrut, Tel-Aviv va G‘arbiy sohildagi Ramallah shahridagi elchixonalariga tahdid darajasini oshirib, bir qator fuqarolarni «diplomatik evakuatsiya» qilishni boshladi. Shu bilan birga, elchixonalar o‘z faoliyatini davom ettiradi, deya ta’kidladi Germaniya rasmiylari.
BMT: 100 000 kishi Livandan Suriyaga qochdi
Isroilning Livanda «Hizbulloh» harakatiga qarshi harbiy amaliyoti boshlanganidan beri yuz mingga yaqin odam mamlakatdan qo‘shni Suriyaga qochib o‘tgan. Bu haqda 30 sentabr kuni BMTning qochqinlar bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandi ma’lum qildi.
Grundining so‘zlariga ko‘ra, chegaraga kelayotgan odamlar oqimi to‘xtamagan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi qo‘shimcha qilishicha, BMT xodimlari Suriya chegarasidagi to‘rtta nazorat-o‘tkazish punktida yangi kelganlarga yordam berish uchun mahalliy hokimiyat va Qizil Yarim oy xodimlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Aniqlik kiritilishicha, qochqinlarning 60 foizga yaqini suriyaliklar, qolgan 40 foizi livanliklardir.
Avvalroq Livan bosh vaziri Najib Mikati Isroilning mamlakat bo‘ylab yirik havo hujumlari boshlanganidan so‘ng, uylarini tashlab ketganlar soni bir millionga yaqinlashganini aytgan edi. U buni «Livan tarixidagi odamlarning eng katta ko‘chishi» deb atadi.
Mavzuga oid
21:33 / 18.11.2024
Finlandiya va Germaniya o‘rtasidagi suvosti telekommunikatsiya kabeli ishdan chiqdi
20:47 / 18.11.2024
Germaniya Ukrainaga sun’iy intellektga ega Helsing dronlarini yetkazib beradi
11:37 / 18.11.2024
Nemis "yashillari" Habekni kansler lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatdi
00:32 / 16.11.2024