Jahon | 10:50 / 02.10.2024
1757
2 daqiqa o‘qiladi

ABBYY IT-kompaniyasi rossiyaliklarni uch mamlakatdagi ofisida ishdan bo‘shatdi

Ishdan bo‘shatilganlar orasida ABBYY korporatsiyasining Kipr, Vengriya va Serbiyadagi ofislarida ishlagan Rossiya fuqarolari bor. Bir kunda korxonada 300 ga yaqin xodim ishsiz qoldi.

Foto: Yevgeniy Dudin / Kommersant’

Matnni aniqlash bo‘yicha dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi ABBYY Kipr, Vengriya va Serbiyadagi xalqaro ofislarida Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan xodimlarni ishdan bo‘shatdi. Bu haqda X ijtimoiy tarmog‘ida 30 sentabr, dushanba kuni ishdan bo‘shatilgan rossiyaliklar xabar berdi.

Kiprdagi ABBYY ofisining xodimi birinchi bo‘lib Rossiya fuqaroligi tufayli ishdan bo‘shatilgani haqida shikoyat qildi. Keyinchalik kompaniyaning Serbiya va Vengriyadagi vakolatxonalari rahbariyatining shunga o‘xshash qarori haqida ma’lum bo‘ldi. Jurnalist Dmitriy Nizovsevning so‘zlariga ko‘ra, ABBYY rahbariyati yopiq yig‘ilishda Rossiya pasportiga ega bo‘lgan ishchilar ishdan bo‘shatilganini e’lon qilib, ular uchun chatni yopgan, video va ovozni yoqishni taqiqlagan. Yopiq yig‘ilishdan so‘ng darhol ishdan bo‘shatilgan xodimlarning korporativ akkauntlari o‘chirildi.

Anonimlik sharti bilan ushbu ma’lumotni "Nastoyashcheye vremya" telekanaliga Belgraddagi IT-korporatsiya xodimlaridan biri tasdiqladi. Uning fikriga ko‘ra, rossiyaliklarning ishdan bo‘shatilishining sababi ABBYY mijozlari Rossiya Federatsiyasi fuqarolari o‘z hujjatlari bilan tanishishni xohlamagan yirik Amerika kompaniyalari ekanligidadir. Forbes manbalariga ko‘ra, bir kun ichida ABBYY kompaniyasida 200 nafardan 300 nafargacha xodim ishdan ayrilgan.

ABBYY kompaniyasiga 1989 yilda yerevalik David Yan tomonidan asos solingan. Korporatsiya bosh qarorgohi AQShda joylashgan. 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bosqinidan so‘ng, ABBYY Rossiya bozorini tark etdi.

Mavzuga oid