Jamiyat | 16:52 / 02.10.2024
16731
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda maktab o‘quvchisi ustiga futbol maydonidagi darvoza qulashi tufayli vafot etdi

Jarohatlangan o‘quvchining sinfdoshlari tez yordamga qo‘ng‘iroq qilganda u 40 minutda yetib kelgan. Yigit shifoxonaga olib ketilayotganda yo‘lda jon bergan.

Foto: Unsplash

Toshkent shahri Olmazor tumanida yashovchi 17 yoshli maktab o‘quvchisi futbol maydonidagi darvoza to‘sini qulashi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, Olmazor tumanidagi 133-maktabning 11-sinf o‘quvchisi M.A. 2024 yil 27 sentabr kuni soat 21:00-22:00 lar atrofida sinfdoshlari bilan futbol o‘ynagani borgan.

O‘yin tugagandan so‘ng M.A. stadion darvozasi to‘siniga osilgan va muvozanatni ushlay olmay yiqilib tushgan. Shu paytda darvoza yiqilib uni bosib qolgan.

Sinfdoshlar M.A.ni darhol darvoza tagidan chiqarib olishgan va tibbiy tez yordam mashinasini chaqirishgan. Tez yordam mashinasi 40 minutda yetib kelgan.

Og‘ir jarohatlangan M.A.ni Toshkent pediatriya tibbiyot institutining jonlantirish bo‘limiga olib borishayotganda uning joni uzilgan.

Tibbiy xulosaga ko‘ra bemor qorin yopiq jarohati, jigar yorilishi, jigar venasi uzilishi, ichki qon ketishi, travmatik shok oqibatida vafot etgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid