Sport | 12:23 / 02.10.2024
13840
21 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» «PSJ»ga imkon qoldirmadi, «Barsa» va «Siti» istagancha gol urdi. YeChLda kun o‘yinlari

Chempionlar ligasida seshanba kuni o‘tkazilgan 2-tur uchrashuvlari, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat.

Foto: Sky Spors

«Brest» va «Sparta» — asosiy sensatsiyalar

Zalsburg — Brest 0:4
Gollar:
Sima (24, 71), Kamara (66), Pereyra Lajye (76). 
Zalsburg – Blasvix, Dedich, Baydu (Blank, 77), Piontkovski, Morgalla (Baychetich, 77), Klark (Dorjyeles, 61), Gurna-Duat (Diambu, 77), Bidstrup (Kapaldo, 61), Glux, Konate, Dagim.
Brest – Bizot, Aydara, Kulibali, Le Kardinal, Lala, Manetti, Fernandesh (Marten, 63), Kamara (Dumbiya, 75), Del Kastiyo (Balde, 63), Sima (Pereyra Lajye, 75), Ajork (Fevr, 85).
Ogohlantirishlar: Le Kardinal (15), Glux (18), Aydara (26), Baydu (62), Dagim (86).

Shtutgart — Sparta 1:1
Gollar:
Miyo (7) — Kayrinen (32).
Shtutgart – Nyubel, Mittelshtadt, Shabo, Ruo, Shtensel (Cheyz, 62), Shtiller, Karazor (Ture, 76), Miyo, Leveling (Rider, 84), Undav, Demirovich (Fyurix, 62).
Sparta – Vindal-Yyensen, Zeleni, Panak, Vitik, Presiado, Rinesh, Lyachi (Sadilek, 70), Kayrinen, Garaslin (Krasniki, 81), Birmanchevich, Rahmani (Olatunji, 70).
Ogohlantirishlar: Shtensel (12), Kayrinen (77).

O‘yin kuni Shtutgart va Zalsburgda boshlanib, ikki syurpriz taqdim etdi. Biri nisbiy, shu bilan birgalikda kompleksli. Saralash bosqichidayoq hozirgi «Zalsburg» oldingisiga umuman o‘xshamasligi, yozda jamoani qabul qilib olgan, «Liverpul»da Yurgen Kloppga yordamchilik qilgan Pep Leynders — vaziyatni o‘nglay olmasligi ko‘rinib turgandi. Avstriyadagi gegemonligiga barham berilgan jamoa uchun reallik o‘ta shafqatsiz kechmoqda. Birinchi turda safarda «Sparta»ga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lingandi, endi esa uyda «Brest»ga — 0:4.

«Zalsburg» uchun eng yoqimsiz holat shundaki, ikki yirik hisobdagi mag‘lubiyat ham o‘ziga teng darajadagi klublardan uchraldi. Va gap avstriyaliklar hisob 0:0 holatida ofsayd tufayli tezkor goldan mahrum qilinganida emas, jamoa ochiqchasiga autsayder bo‘lib ko‘rinmoqda. Turnirda debyut qilgan «Brest» ikki o‘yinda ikki g‘alabaga erishdi va bu Fransiya uchun tarixiy voqea. O‘tgan safar fransuzlarning yevrokubokdagi yangi vakili («Strasbur») bilan bunday holat ro‘y berishi uzoq 1979 yilda kuzatilgandi.

«Sparta» ham o‘z natijalari bilan hayratga solmoqda, jamoa Shtutgartda ham ochko olishga muvaffaq bo‘ldi. Holbuki shvablar o‘tgan turda «Real» maydonida munosib raqobat ko‘rsatgan va bu o‘yinda favorit sanalayotgandi. Qolaversa, barchasi Sebastyan Hyoness jamoasi uchun ideal boshlangandi — Miyo tezkor gol urgandi. Ammo bu golga Kayrinen jarima zarbasidan urilgan gol bilan javob qaytardi, chexlarning yana bir standart vaziyati to‘p darvoza ustuniga tegishi bilan yakunlandi. Hisob tenglashganidan keyin pragaliklar mezbonlar kuchli bosim o‘tkazganiga qaramay, mudofaada namunali o‘yin ko‘rsatishdi va natijani saqlab qolishdi.

«Arsenal» «PSJ»ga o‘yin bermadi. Donnarummada ikkita golli xato

Arsenal — PSJ 2:0
Gollar:
Haverts (20), Saka (35). 
Arsenal – Rayya, Kalafiori, Gabriel, Saliba, Timber (Kivior, 46), Rays, Parti (Merino, 64), Martinelli, Saka (Lyuis-Skelli, 90+2), Haverts, Trossar (Jyezus, 74).
PSJ – Donnarumma, Mendesh, Pacho, Markinos, Hakimi, Nevesh, Vitinya (Fabian Ruis, 64), Zair-Emeri, Li Kan In, Due (Kolo-Muani, 64), Barkolya.
Ogohlantirishlar: Kalafiori (76), Ruis (76).

«Arsenal» kuchli raqib bilan o‘yinda Chempionlar ligasidagi ilk g‘alabasiga erishdi. 1-turda Arteta jamoasi safarda «Atalanta»ga qarshi og‘ir o‘yin o‘tkazgandi (0:0), bu safar «PSJ» bilan o‘yinda londonliklar ishonchli harakat qilishdi va 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Fransuzlar jamoasida murabbiy bilan kelishmovchiligi uchun chetlatilgan Dembelening yo‘qligi ham bilindi.

Londonliklar so‘nggi vaqtlarda to‘pga egalik qilishdan bosh tortib (ayniqsa, Edegorning jarohatidan keyin) ancha pragmatik o‘ynashga o‘tib oldi. Luise Enrike boshqaruvidagi «PSJ» esa, tabiiyki, har bir o‘yinda to‘pga egalik qilishga e’tibor qaratadi va bu safar ham bu borada yaqqol ustunlikka ega bo‘ldi. Ikki jamoa ham o‘z uslubida harakatlandi, ammo eng yaxshi vaziyatlar «Arsenal» tomonidan yaratildi. Trossar chap qanotda reyd uyushtirib, jarim maydoni markaziga to‘p uzatganida esa hisob ochildi. Donnarumma to‘pga chiqishda kechikdi va Havers bosh bilan to‘qqizlik tomon aniq zarba yo‘lladi.

«PSJ»ning birinchi bo‘limdagi eng yaxshi vaziyatlari qanot himoyachilarining oldinga o‘tishi orqali amalga oshirildi. Avvaliga Nunu Mendesh jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan kuchli zarba olis ustunga tegib, maydonni tark etdi. Keyin esa Hakimining o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasini Rayya to‘sishga ulgurdi. «Arsenal» esa darhol Sakaning jarima zarbasidan urgan goli bilan javob qaytardi. Bu holatda ham Donnarumma ishonchsiz harakat qildi. U qanotdan berilgan oddiy uzatmani o‘tkazib yubordi. Italiyalik darvozabonni qarshisida birdaniga raqibning uch futbolchisi paydo bo‘lgani dovdiratib qo‘ydi. «Arsenal» bu mavsumda standart vaziyatdan navbatdagi golni urdi.

Ikkinchi bo‘limni «Arsenal» kutilmagan o‘zgarish bilan boshladi. O‘ng qanot himoyachisi Timber maydonga qaytmadi va unng o‘rniga birinchi bo‘limda chap qanotda harakat qilgan Kalafiori o‘tdi. Chap qanotni esa Kivyor egalladi. Keyinroq Merino ham maydonga chiqdi — bu uning «Arsenal» safidagi debyuti bo‘ldi. Londonliklarning ispaniyalik yangi futbolchisi tayanch zonasida Rays bilan juftlik hosil qildi.

Tanaffusdan keyin «PSJ» izchilroq harakat qildi. Luis Enrike jamoasi yuqoridan uzatmalardan voz kechib, pastdan o‘ynashni afzal ko‘rdi. Ayrim holatlarda bu xavfli ko‘rinish oldi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib mehmonlar faollikni oshirdi. Epizodlardan birida to‘p Rayya qo‘riqlayotgan darvoza to‘siniga bordi. 78-daqiqada «PSJ» futbolchilari to‘p Kalafiorining qo‘liga tekkani uchun penalti talab qilishdi. Bu holatda uning qo‘li pastga tushirilgandi va oradagi masofa ham kichik edi.

Mezbonlar safida esa Martinelli bir necha vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi. «Arsenal» ayrim muammolarga qaramay, ishonchli o‘ynab, hisobdagi ustunlikni saqlab qoldi. Arteta jamoasi bu g‘alabadan keyin umumiy reytingda sakkizinchi o‘ringa ko‘tarildi, lekin 2-tur yakunlariga ko‘ra sakkizlikda qolishi dargumon. «PSJ» es uch ochkosi bilan bir kundan keyin top-20 da qolishi ham qiyin bo‘ladi.

«Arsenal» keyingi turlarda avvaliga «Shaxtyor»ni qabul qiladi, keyin «Inter» mehmoni bo‘ladi. «PSJ»ni keyingi turlarda PSV va «Atletiko»ga qarshi o‘yinlar kutmoqda.

Leverkuzenning yangi rekordi

Bayyer — Milan 1:0
Gol:
Bonifase (51). 
Bayyer – Gradetski, Inkapie, Ta, Tapsoba, Virts (Tella, 89), Adli (Palasios, 82), Grimaldo (Belosyan, 89), Frimpong, Aleish Garsiya (Andrix, 75), Jaka, Bonifase (Terre, 75).
Milan – Menyan, Teo, Tomori, Gabbiya, Emerson, Loftus-Chik, Fofana, Reynders, Pulishich (Chukvueze, 79), Leau, Abraham (Morata, 62).
Ogohlantirishlar: Garsiya (8), Frimpong (74), Morata (84), Chukvueze (90+3).

«Bayyer» va «Milan» o‘yini — seshanba oqshomidagi ikkinchi afisha maqomida edi. Va bu o‘yin chindan ham keskin kechib, «Bayyer» bir necha kun ichida ikkinchi marta pragmatik ham bo‘la olishini ko‘rsatgan o‘yin bo‘ldi. Dam olish kunlarida Habi Alonso jamoasi «Bavariya» maydonida durangga erishgandi. Bu safar — ikkinchi bo‘limda Frimpongning zarbasidan keyin qaytgan to‘pni darvozaga kiritgan Bonifeysning goli yagonaligini saqlab qoldi.

Bu juftlik birinchi bo‘limda ham gol uyushtirgandi, ammo videotakrordan keyin niderlandiyalik lateral ofsaydda qolib ketgani ma’lum bo‘ldi. «Milan» o‘yin oxirida oldinga tashlandi, zarbalar berish bo‘yicha oldinga ham chiqib oldi – 17:16 (faqat darvoza sohasiga borgan zarbalar bo‘yicha qariyb ikki barobar ortda qoldi 5:9), ammo qulay imkoniyatidan foydalana olmadi. Reynders to‘pni o‘ziga moslashtirishga ko‘p vaqt sarfladi, ammo Gradetskini dog‘da qoldira olmadi. Natijada «rossonerilar» qatorasiga ikkinchi o‘yinda yutqazdi, Leverkuzen rekord o‘rnatdi, jamoa yevrokuboklarda o‘n o‘yindan buyon yutqazmayapti (+7=3).

Rafinyaning ilhomi jo‘sh urdi, Levandovski o‘z ishini qildi

Barselona — Yang Boyz 5:0
Gollar:
Levandovski (8, 51), Rafinya (34), Martines (37), Kamara (81, avtogol). 
Barselona – Penya, Balde, Martines (Kuenka, 84), Kubarsi (Fort, 64), Kunde, Pedri (Fati, 64), Kasado, Torres, Rafinya, Yamal (de Yong, 75), Levandovski (Viktor, 75).
Yang Boyz – Keller, Hajam, Bani-Zukru, Kamara, Blum (Atekame, 58), Lauper, Ugrinich (Nyasse, 58), Imeri (Lakomi, 82), Kolli (Virjiniyus, 73), Monteyru, Itten (Ganvula, 73).
Ogohlantirishlar: Kolli (36), Ugrinich (40)

Birinchi bo‘limdagi ikki asosiy figura — Shchensni va Rafinya bo‘lishdi. «Barselona» safida o‘ynash uchun futbolga qaytgan darvozabon o‘yinni tribunada o‘tirib kuzatdi va ayrim muxlislarni selfiga tushish orqali xursand qildi. Maydonda esa Rafinya javlon urdi. Braziliyalik vinger sardorlik bog‘ichi unga ilhom berayotganini tan olgandi va u buni o‘z o‘yini bilan tasdiqladi.

Avvaliga Rafinya Levandovskini golli pas bilan ta’minladi, keyin esa o‘zi qaytgan to‘pga zarba berib, hisobdagi farqni oshirdi. Faqat uchinchi gol uning ishtirokisiz urildi, bu vaziyatda Inigo Martines Pedri ijrosidagi jarima zarbasidan keyin bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi. Levandovski uchun — «Yang Boyz» polyak hujumchisi YeChLda darvozasini ishg‘ol etgan 35-jamoa bo‘ldi. U bu borada Benzemani ortda qoldirdi, faqat Messi (40) va Krishtianu Ronaldu (38) yevrokubok o‘yinlarida undan ko‘proq jamoa darvozasini ishg‘ol etgan. Qolaversa, Levandovski dubl rasmiylashtirib, 30 yoshdan keyin YeChLda o‘z hisobiga 50 dan ortiq gol yozib qo‘ygan ikkinchi futbolchi (portugaliyalik yulduzdan keyin) bo‘ldi.

Ikkinchi bo‘limdagi asosiy lahza — Frenki de Yong maydonga tushishi bo‘ldi. Niderlandiyalik yarimhimoyachi 2024 yil aprelidan buyon o‘ynay olmayotgandi. O‘shanda u «Real»ga qarshi klasiko bahsida jiddiy jarohat olgan va Yevropa chempionatini ham o‘tkazib yuborgandi. Tribunalar u chigalyozdi mashqlarini bajarishga kirishganidayoq uni olqishlashni boshladi. «Yang Boyz» bilan o‘yinda Frenkiga jiddiy o‘yinlar muhitini his qilishga imkon berildi. 

Umuman olganda, «Barselona» 3-tur arafasida yengil sparring o‘tkazdi. Kataloniyaliklar 23 oktyabr kuni uyda «Bavariya»ni qabul qiladi. Jamoa «Bavariya»ni qatorasiga olti o‘yinda yenga olmagan, endi bu seriyani raqibning sobiq bosh murabbiyi boshchiligida to‘xtatishga urinib ko‘radi.

Holandning grafigi

Slovan — Manchester Siti 0:4
Gollar:
Gundo‘g‘an (8), Foden (15), Holand (58), Makeyti (74). 
Slovan – Takach, Vimmer, Bayrich, Kashiya, Blekmen, Savvidis, Ignatenko (Szoke, 63), Vayss (Sharani, 63), Tolich (Paushek, 79), Barsegyan (Mak, 85), Strelets (Marselli, 79).
Manchester Siti – Ortega, Gvardiol (Uoker, 78), Stounz, Akanji (Diash, 61), Lyuis, Gundo‘g‘an, Nunesh, Savio, Foden (Grilish, 78), Doku, Holand (Makati, 61).

Bratislava «Slovan»ning YeChLdagi ilk uy uchrashuvini kutdi, faqat bu bayramda Vladimir Vayss jamoasi statist rolida bo‘lishi oldindan ayon edi. Slovakiya poytaxtiga «Manchester Siti» tashrif buyurgandi va bu jamoa safida gol urishi kerak bo‘lganlar o‘z golini urishdi. O‘yin startidayoq rikoshet orqali hisobni ochgan Gundo‘g‘an uchun bu Angliyaga qaytganidan keyingi ilk goli bo‘ldi. Foden uchun ham — mavsumdagi birinchisi. Tabiiyki, Fil buni o‘ziga xos uslubda ishni chiroyli amalga oshirib, to‘pni ustun orqali darvoza to‘riga kiritdi.

Birinchi bo‘limda 0:2 hisobi saqlanib qolgani — «Slovan»ning omadi edi. Mezbonlar darvozasini uch holatda ustun va to‘sinlar goldan saqlab qoldi. Ammo Xosep Gvardiola jamoasi to‘xtash haqida o‘ylamadi. Aslida, Holand ham o‘zi uchun muhim golni urdi. Gap shundaki, norvegiyalik hujumchi bungacha YeChLda uch o‘yinda gol ura olmagandi, seshanba oqshomidagi muvaffaqiyat esa unga o‘yindan ko‘p gol urish bo‘yicha statistikasini saqlab qolishga imkon berdi (41 o‘yinda 42 gol). Shundan keyin murabbiy unga dam berdi va estafetani Makeyti qabul qilib oldi.

Indzagining zaxira variantlari

Inter — Tsrvena Zvezda 4:0
Gollar:
Chalxono‘g‘li (11), Arnautovich (59), Martines (71), Torimiy (78, penalti). 
Inter – Zommer, Bastoni (Bissek, 74), de Vrey (Acherbi, 64), Pavar, Karlos Augusto, Dumfris, Mxitaryan (Frattezi, 64), Chalxono‘g‘li (Aslani, 70), Zelinski, Arnautovich (Martines, 64), Torimiy.
Tsrvena Zvezda – Glazer, Jiga, Spayich, Drkushich (Rodich, 89), Seul Yon U, Elshnik, Krunich (Dalsiu, 89), Olayinka, Maksimovich (Radonich, 70), Mvumpa (Bruno Duarte, 70), Ndiayye (Ilich, 69).
Ogohlantirishlar: Mxitaryan (15), de Vrey (48), Elshnik (69).

Turnirdagi islohot top-klublar uchun ko‘proq top-o‘yinlar tuhfa etishi aytilgandi. Aslida esa ko‘proq o‘yinlar natijasini oldindan topish mumkin bo‘lmoqda. Shunchalikki, Simone Indzagi hujum chizig‘ida Lautaro Martines va Tyuram juftligini emas, balki ikkinchi plandagi qahramonlar — Arnautovich va Torimiyni tushirishni o‘ziga ep ko‘rmoqda.

Eronlik hujumchi o‘yinning eng faol futbolchisi bo‘lib, «Inter»ning ikki golini tashkillashtirdi. Birinchi holatda u «Milan»ning sobiq futbolchisi Krunichdan to‘pni olib qo‘yib, Arnautovichni qulay vaziyatga chiqardi. Ikkinchi holatda esa Torimiyning qurboni serblar jamoasi sardori Spaich bo‘ldi. U bu safar zaxiradan maydonga tushgan Lautaroni golli pas bilan ta’minladi, o‘yin masalasi hal bo‘lganidan keyin esa Torimiyga penalti tepish huquqi berildi. Barchasi esa Hoqon Chalxono‘g‘lining chiroyli goli bilan boshlangandi. Turkiyalik yarimhimoyachisi — standart vaziyatlardan gol urishga usta, «Inter» esa 2010 yil aprelidan buyon YeChLda bunday gol urmagandi, o‘shanda Snayder jarima nuqtasidan TsSKA darvozasini ishg‘ol etgandi.

Shmeyxel uchun Dortmunddagi dahshat

Borussiya D — Seltik 7:1
Gollar:
Jan (7, penalti), Adeyyemi (11, 29, 42), Girassi (40 penalti, 66), Nmecha (79) — Maeda (9).
Borussiya D – Kobel, Ryuerson, Shlotterbek, Anton, Yan Kouto (Bensebayni, 62), Gross (Nmecha, 61), Jan, Brandt (Bayyer, 61), Gittens, Adeyyemi (Dyuranvil, 48), Girassi (Zabitser, 70).
Seltik – Shmeyxel, Teylor (Valle, 46), Skeylz, Trasti, Jonston (Ralston, 86), Bernardu (Hatate, 46), Makgregor, Engels, Maeda, Furuhasi (Ida, 63), Kyun (Yan Hyon Jun, 63).
Ogohlantirishlar: Shmeyxel (6), Gross (32), Hatate (74), Bensebayni (90+3).

«Seltik» Shotlandiya chempionatida hali gol o‘tkazmagandi (olti o‘yinda), Dortmundda esa Brendan Rodjyers jamoasi tanaffusga qadar o‘z darvozasidan besh gol olib chiqishiga to‘g‘ri keldi. Bu Shmeyxelning otasi, tribunada o‘tirgan Peterning ko‘z o‘ngida ro‘y berdi. Daniyalik posbon o‘tgan turda «Bryugge»ga qarshi o‘yinda zaxiradan tushib ikki gol urgan va bu safar haqli ravishda boshlang‘ich tarkibda tushgan Bayno-Gittensni qo‘pollik bilan to‘xtatdi va belgilangan penaltini Emre Jan aniq amalga oshirdi.

Adeyyemi esa shotlandlar uchun haqiqiy dahshatga aylandi. Forvard het-trik qayd etishdan tashqari bo‘lim oxirida Girassi uchun penalti ishlab, «Bavariya» sobiq hujumchisi Mario Gomesdan keyin YeChLda ilk 45 daqiqalikdayoq bunday natijaga erishgan ikkinchi nemis futbolchisiga aylandi. «Borussiya» YeChL o‘yinining birinchi bo‘limida 5 gol urishi avval ham kuzatilgandi, yetti yil muqaddam Polshaning «Legiya» klubi mudofaasi yakson etilgandi. O‘shanda varshavaliklar bilan birgalikda dortmundliklar turnir tarixidagi gollarga eng boy o‘yinni (8:4) o‘tkazishgandi. Hozir esa nemislar yetti gol bilan cheklandi va birinchi turda to‘qqiz gol urgan «Bavariya»ning natijasiga yeta olmadi.

PSV — Sporting 1:1
Gollar:
Shauten (15) — Bragansa (84). 
PSV – Benites, Dams, Boskalli, Flamingo, Mauro Junior (Karsdorp, 65), Saybari (Lang, 66), Til (Ledesma, 79), Shauten, Tillman, de Yong, Bakayoko.
Sporting – Israel, Inasiu, Diomande (Kuarejma, 32), Debast, Katamu (Daniel Bragansa, 52), Trinkau (Arauxo, 80), Santush (Harder, 79), Yulmand, Morita, Kenda, Dokeresh.
Ogohlantirishlar: Mauro Junior (22), Kenda (53), Tillman (64), Bragansa (85), Lang (87).

O‘yin boshidayoq Niderlandiya milliy jamoasi futbolchisi Shauten jarima maydoni yaqinida to‘pni raqibdan olib qo‘yib, to‘pni olis burchak tomon yo‘llaganida «Sporting» qiyin ahvolga tushib qoldi. Portugaliyaliklar mavsumda ilk bor o‘zi ko‘nikmagan noodatiy holatga tushishdi, chunki jamoa hali birinchi bo‘limda hisobda ortda qolmagandi. Agar hisob o‘zgarmay qolganida ikkinchi bo‘limda yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, hal qiluvchi pallada toyib ketgan Eduardu Kuarejmaning epizodi o‘yindan keyin ko‘p muhokama qilingan bo‘lardi.

Ammo uning jamoadoshi Daniel Bragansa o‘yin oxiriga borib baribir hisobni tenglashtirdi.

Kun statistikasi

«PSJ» futbolchilari o‘tgan mavsum boshidan buyon YeChL o‘yinlarida 16 bor darvoza ustuni yoki to‘sinini poylashgan.
«Arsenal» yil boshidan buyon barcha turnirlar doirasidagi 17 o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Top-5 ligalarda bundan ko‘proq quruq o‘yin faqat «Real»da bo‘lgan (18).
«PSJ» asosiy yevrokubokdagi qatorasiga 20 ta safar o‘yinida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlay olmadi.
«Manchester Siti» qatorasiga 25 o‘yinda yutqazmasdan, «MYu»ning 2007-2009 yillar oralig‘ida o‘rnatilgan rekordini takrorladi.
«Barselona» hujumchisi Levandovski YeChL o‘yinlarida 28 o‘yinda hisobni ochuvchi golni urib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha «Real» hujumchisi Raulni ortda qoldirdi. Undan yaxshiroq natijani Krishtianu Ronaldu (49), Messi (43) va Benzema (30) qayd etgan.
«PSJ» Luis Enrike boshqaruvida YeChLdagi o‘yinlarining 43 foizini yutqazgan. Bu parijliklar tarixidagi eng yomon natija.
Niderlandiyalik hujumchi Lyuk de Yong PSV safidagi 300-o‘yinini o‘tkazdi.

Turnir jadvalidagi vaziyat:

Mavzuga oid