Jahon | 21:06 / 03.10.2024
5324
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning Vuhledar shahri egallanganini e’lon qildi

Shahar «Vostok» qo‘shinlari guruhi bo‘linmalari tomonidan nazoratga olingani ta’kidlanmoqda.

Foto: AP

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning Donetsk oblastidagi Vuhledar shahri qo‘lga olinganini rasman e’lon qildi.

Departamentning qo‘shimcha qilishicha, shahar «Vostok» qo‘shinlari guruhi bo‘linmalari tomonidan nazoratga olingan.

Donetsk oblastining janubi-g‘arbida joylashgan Vuhledar shahri uchun janglar 2022 yil mart oyi oxiridan beri davom etayotgan edi. Uning qo‘lga olingani haqida hafta boshida rossiyalik «harbiy muxbirlar» va Z-blogerlar xabar berishdi. Rus qo‘shinlari 1 oktyabrda shaharni deyarli to‘liq o‘rab olishdi, Donetsk oblasti harbiy boshqarmasi boshlig‘i Vadim Filashkin rus armiyasi Vuhledar markaziga kirganini e’lon qildi. 2 oktyabr kuni Ukraina Qurolli kuchlarining «Xortitsya» tezkor-strategik guruhi qo‘mondonligi Ukraina qo‘shinlari shahardan olib chiqib ketilganini e’lon qildi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 3 oktyabr kuni Kiyevda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ilk bor Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalarining Vuhledardan olib chiqib ketilishiga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukraina Qurolli kuchlarining «pozitsiyalarini yo‘q qilmoqda», ularning jangchilari «jon saqlab qolishi kerak, chunki ular har qanday o‘zgarishlardan ko‘ra muhimroqdir».

Vuhledar Donbassning janubiy qismidagi logistika mudofaa markazlariga yaqin muhim istehkom edi. Uning qo‘lga olinishi Donbassdagi Ukraina mudofaasiga bevosita tahdid solmasa ham, uzoq muddatda Ukraina Qurolli Kuchlari uchun dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Mavzuga oid