O‘zbekiston | 16:52 / 04.10.2024
11351
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan viloyat sudi raisi o‘rinbosari fuqaroning uyini soxta hujjatlar bilan o‘z nomiga o‘tkazib, sotib yuborgani aytilmoqda

Sudyalar Oliy kengashi holatni rad etmadi. Viloyat sudi raisi o‘rinbosariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, xulosasi muhokama qilish va tegishli qaror qabul qilish uchun Sudyalar oliy malaka hay’atiga yuborilgan.

Foto: Namangan viloyat sudi

Namangan viloyati sudi raisi o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Abdurahmon Safayev Namangan shahri Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan ko‘pqavatli uylardan biridagi o‘zganing egaligida bo‘lgan xonadonni soxta hujjatlar bilan o‘z nomiga rasmiylashtirib, boshqa bir odamga sotib yuborgani aytilmoqda. Ushbu holatni Kun.uz’ning bir-biridan mustaqil ikki manbasi tasdiqladi.

Kun.uz muxbiri uyning haqiqiy egasi bo‘lgan fuqaro bilan gaplashdi. Uning bildirishicha, kvartirada doimiy hech kim yashamagan.

Bu ehtiyojimizdan ortiqcha bo‘lgan uy edi. Doimiy yashamasak-da, yo‘limiz tushganida bir kun-yarim kun turib ketardik. Usta tushirib, ta’mirlayotgandik, boshqa odam “dokument” ko‘tarib keldi. Shunda bilib qoldik. Ushbu ishga aralashgan insonlarning hammasi javobgarlikka tortilyapti”, deydi uy egasi.

Sudyalar Oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov Kun.uz so‘roviga javoban Abdurahmon Safayevga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilganini bildirdi.

“Namangan viloyat sudi raisining o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi A.Safayevning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Xizmat tekshiruvi xulosasi muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilish uchun Sudyalar oliy malaka hay’atiga yuborilgan”, deyiladi kengash izohida.

Mahkama matbuot kotibi xizmat tekshiruvida shikoyatchining vajlari tasdig‘ini topgani yoki topmaganiga aniqlik kiritmadi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Abdurahmon Safayev bo‘yicha xizmat tekshiruvi xulosasi hali muhokama qilinmagan. Bunga asos sifatida u mehnat ta’tilida ekani ko‘rsatilmoqda.

Sud raisi o‘rinbosari aynan qanday hujjatlarni soxtalashtirgani hamda bu ishga yana kimlar aralashgani hozircha ma’lum emas.

Mavzuga oid