Yarim asrda birinchi marta: Singapurda sobiq vazir pora olgani uchun qamaldi
Vazir bilan bog‘liq hodisa Singapurni larzaga soldi. Mamlakat korrupsiyadan xoli davlatlar qatorida ko‘p yillardan buyon yetakchi o‘rinlarni egallab keladi.
Singapurda korrupsiya bo‘yicha shov-shuvli ish yakunlandi. Sobiq transport vaziri Subramaniam Isvaran 12 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi.
O‘tgan hafta Isvaran to‘rtta modda bo‘yicha aybiga iqror bo‘ldi. Shundan uchtasi 280 000 dollarlik pora bilan bog‘liq. Xususan sobiq vazir futbol bo‘yicha Angliya Premer ligasi o‘yinlari va Londondagi Vest-End teatriga chiptalar, xususiy samolyotda sayohat, Brompton lyuks velosipedi va Singapurdagi Formula 1 Gran-prisiga chipta ko‘rinishidagi qimmatbaho sovg‘alar olgan.
Yana bir ayblov odil sudlovga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq.
Isvaran o‘tgan yilning iyulida qamoqqa olingandi, so‘ng garov evaziga qo‘yil yuborildi. Yanvar oyida prokuratura unga poraxo‘rlik va korrupsiya bilan bog‘liq 27 ta ayblov qo‘ydi. Isvaran iste’foga chiqdi, lekin ayblovlarni rad etdi. Keyinchalik u yirik biznesmen On Ben Sendan pul va mahalliy kompaniya direktoridan sovg‘a olganini tan oldi.
Prokuratura uni olti oydan yetti oygacha ozodlikdan mahrum qilishni talab qildi. Sud esa qattiqroq hukm chiqardi.
13 yil Vazirlar Mahkamasi a’zosi bo‘lgan Isvaran bilan bog‘liq hodisa o‘z hukumatini korrupsiyadan xoli deb hisoblaydigan Singapurni larzaga soldi. Shahar-davlat muntazam ravishda dunyodagi eng kam korrupsiyalashgan mamlakatlar o‘ntaligidan joy olib keladi. Shuningdek, u Osiyodagi korrupsiyasiz davlatlar qatorida yetakchi o‘rinni egallaydi.
Isvaran yarim asr ichida poraxo‘rlik aybi bilan tergovga tortilgan birinchi vazir bo‘ldi. Bundan oldingi o‘xshash holat 1986 yilda yuz bergandi: o‘shanda milliy taraqqiyot vaziri Tex Chean Van korrupsiyada gumonlangan. Biroq unga rasman ayblov qo‘yishga ulgurishmagan, chunki u o‘z joniga qasd qilgandi.
Mavzuga oid
12:39 / 12.11.2024
Farg‘onada korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mansabdorning o‘zi korrupsiya bilan qo‘lga tushdi
20:06 / 11.11.2024
Qozog‘istonda yana 1 mlrd dollar noqonuniy aktivlar davlatga qaytarildi
19:42 / 07.11.2024
Taxiatosh tumani hokimi sobiq o‘rinbosari ozodlikdan mahrum etildi. U budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan
10:34 / 05.11.2024