Iqtisodiyot | 19:50
2270
6 daqiqa o‘qiladi

Odamlar sog‘ligi hammasidan muhim: dunyo AI-80 benzinidan nega voz kechgan?

O‘zbekiston yana kamida uch yil ekologiya va odamlar salomatligiga zararli AI-80 benzinidan hamon foydalanayotgan sanoqli davlatlar qatorida qoladigan bo‘ldi. Hukumat bu benzindan voz kechish bo‘yicha 2025 yilga mo‘ljallagan rejasini 2028 yilga kechiktirdi.

O‘zbekistonda avtomobil yoqilg‘isining Yevro-4 standartidan past turlari, xususun AI-80 benzinidan foydalanish 2028 yildan boshlab to‘xtatiladi. Bu – chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va havo sifatini yaxshilash bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarorida nazarda tutilgan.

Qayd etish lozim, joriy yil boshida hukumat Ai-80dan voz kechishni 2025 yilgi maqsad deb e’lon qilgan edi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ham 2025 yildan boshlab bu turdagi benzinni ishlab chiqarishni to‘xtatishini bildirgan edi. Endilikda bu masala 2028 yilgacha kechiktirildi. Rasmiylar buni Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish uchun vaqt kerakligi bilan izohladi.

AI-80 benzini Evro-4 standartidan past bo‘lgan yonilg‘i hisoblanadi. Bu standart Yevropa Ittifoqida 2005 yilda joriy etilgan. Umuman, Yevroittifoq yengil avtomobillar uchun Evro-1 dan Evro-7gacha bo‘lgan emissiya standartlari ishlab chiqqan bo‘lib, bu orqali atmosfera havosini toza saqlab qolish uchun avtomobillarning zaharli gazini cheklash maqsad qilingan. Yevropa Ittifoqi 2015 yilda Evro-6 standartini ham joriy etgan, bir qator hududlarga bu standartga javob bermaydigan transport vositalarining kirishi taqiqlanib, qoidani buzgan haydovchilarga jarimalar belgilangan.

AI-80 sanoqli mamlakatlarda qolgan

Hozir dunyo bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan deyarli barcha avtomobillar yuqori oktanli yoqilg‘ida ishlashga mo‘ljallangan. AI-80 kabi past oktanli turlari yonishi natijasida ko‘p miqdorda uglerod oksidi va yonmagan uglevodorodlar kabi ifloslantiruvchi moddalar hosil bo‘ladi. Bu esa aholi salomatligiga zararli. Qolaversa, transport chiqindilari iqlim o‘zgarishini ham tezlashtiruvchi omillardan biri hisoblanadi. Shu sababli ko‘plab mamlakatlar ekologik qoidalarni borgan sari qattiqlashtirib boryapti.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning so‘zlariga ko‘ra, 80 benzinni taqiqlashning ortga surilishi ekologiya uchun yomon. Butun dunyo amaliyotida 80 benzini eng sifatsiz benzin hisoblanadi va mamlakatlar buni tan olib, muomaladan chiqarib bo‘lgan.

“Bu turdagi benzinni bizdan tashqari faqat Afg‘oniston ishlatadi. Haydovchilar ham yaxshi biladiki, 80 benzini – motorning tez ishdan chiqishiga sabab bo‘ladigan yoqilg‘i turi hisoblanadi. Bundan tashqari, u atmosferaga PM2,5 magnit zarrachalarini ko‘p chiqaradi. Benzin yoqilg‘i resursining 20 foizi energiyaga aylanib, mashinaning yurishi uchun xizmat qilsa, 80 foiz qismi atmosferaga turli xil gaz va mayda PM2,5 zarrachalarini chiqarishi tadqiqotlarda isbotlangan.

Undan tashqari, sifatsiz benzin alsgeymer kasalligiga chalinish ehtimolini oshirishi ham fanga ma’lum. Bu kasallik xotira susayishi bilan kechadi, tibbiyot hali bu kasallikning davosini topgani yo‘q. Haddan tashqari ko‘p avtomobil harakati va sifatsiz benzin yoqilishi natijasida atmosferaga chiqadigan zaharli gazlar xotira susayishiga olib kelishi mumkin ekan”, – deydi Abdulahatov.

Mutaxassis Ekopartiya ijroqo‘mi raisi Abdushukur Jumayev bergan ma’lumotlarga tayanib aytishicha, Toshkentda sutka davomida o‘rtacha hisobda 700 mingta avtomobil harakatlanadi. Bu bilan 3,5 ming tonna yoqilg‘i resursi sarflanadi. “Mana shu 3,5 ming tonna yoqilg‘i sarflangandan keyin atmosferaga 700 tonna zahar chiqadi”, – deydi u.

Sifatsiz benzin – saraton sabablaridan biri”

“Ekolog” jamoat birlashmasi rahbari Nargis Qosimovaning so‘zlariga ko‘ra, AI-80 benzinidan voz kechish aholi o‘rtasida saraton kasalligi ko‘payishining oldini olishi mumkin.

“O‘zbekiston onkologlar uyushmasi bosh kotibi Yahyo Ziyoyev aytgandi: past sifatli yoqilg‘idan voz kechish O‘zbekistondagi onkologik vaziyatni sezilarli darajada yaxshilashi mumkin. Mutaxassis, shuningdek, O‘zbekistonda AI-72 va AI-76 taqiqlanganida, o‘n yil ichida o‘pka saratoni kamayganini ta’kidlab, o‘z so‘zlarini asoslab bergan edi. Barcha rivojlangan davlatlar ushbu benzin markasidan allaqachon voz kechgan”, – deydi Nargis Qosimova.

Ekologiya vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, Toshkent shahri havosidagi PM2,5 zarrachalarining 60-65 foizi sifati Euro-4'dan pastroq bo‘lgan yoqilg‘i, ya’ni asosan AI-80 benzinida yuradigan mashinalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Buni vazir Aziz Abduhakimov shu yil yanvar oyida parlamentdagi chiqishida aytib o‘tgandi. U poytaxtda havo ifloslanishining 15-20 foizi atrofdagi cho‘lli zonalarning ta’siri, yana taxminan 20 foiz esa ko‘mir va mazut yoqilishi hamda sanoat korxonalar bilan bog‘liqligini ma’lum qilgandi.

Ekologiya vazirligining hisob-kitoblaridan kelib chiqilsa, havoni ifloslantiruvchi ko‘plab manbalarning jami zararlarini jamlaganda ham, birgina AI-80 faktorining ta’siriga teng kela olmaydi.

Madina Ochilova tayyorladi.

Mavzuga oid