Urushda nemislar tomonida turib jang qilgan sotqin guruhlar
Bugun Ikkinchi jahon urushida sotqinlik qilganlar haqida gap ketsa ko‘pchilik general Vlasovni eslaydi. Biroq sotqinlik qilgan birgina general Vlasov va uning armiyasi emasdi.
O‘sha paytda nemislar tomoniga o‘tib ketgan yoki ular tomonida turib sovet armiyasiga qarshi jang qilganlar soni ancha ko‘p edi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra sotqinlik qilib nemislar tomoniga o‘tib ketganlar eng ko‘p SSSR (asosan ruslar) va Fransiya fuqarolari bo‘lgan.
Nemislar SSSRga bostirib kirgach turli yillarda yigirmadan oshiq turli guruhlar ular tomonida turib jang qilgan. Bu guruhlarning qo‘mondonlari va jangchilari asosan sovet fuqarolaridan iborat bo‘lgan.
Jumladan:
- Rossiya ozodlik armiyasi (ROA) (general Vlasov boshchiligida);
- Rossiya ozodlik xalq armiyasi (Branislav Kaminskiy boshchiligida);
- Rossiya xalqlarini ozod qilish komiteti (KONR);
- Rossiya milliy-sotsialistlar mehnat partiyasi (Konstantin Voskoboynik boshchiligida);
- Bolshivizmga qarshi kurashish ittifoqi (Mixail Oktan boshchiligida);
- 29-ko‘ngilli piyodalar «RONA» diviziyasi;
- Vermaxtning 9-rus otryadi;
- «Shelon» rus batalioni;
- Muravyov batalioni;
- 29 va 30-ko‘ngilli piyodalar diviziyalari (Bularga nemislar boshchilik qilgan;
- Rus millatchilarining jangovor ittifoqi (podpolkovnik Vladimir Gil boshchiligida);
- «Varyag» ko‘ngillilar otryadi;
- «Desna» ko‘ngillilar polki;
- Bolshivizmga qarshi kurash siyosiy markazi (Ivan Bessonov boshchiligida);
- «Drujina» rus milliy brigadasi (Gilya Radionov boshchiligida);
- Rus milliy xalq armiyasi (bir necha kishi qo‘mondonlik qilgan);
- «Russland» diviziyasi (Boris Smislovskiy boshchiligida);
- Rus korpusi (bir necha kishi qo‘mondonlik qilgan);
- Kazaklar diviziyasi (qo‘mondonlar nemislardan bo‘lgan:
- Kazak qo‘shinlari bosh boshqarmasi (ataman Petr Krasnov boshchiligida);
- Tseppelin tashkiloti (nemislar boshqargan);
- «Xivi» ko‘ngillilar armiyasi (nemislar boshqargan) sovet armiyasiga qarshi janglarda qatnashgan.
Yuqorida nomlari keltirilgan guruhlarning aksariyati Ikkinchi jahon urushi boshlangandan so‘ng sotqinlik qilgan insonlar tomonidan tashkil etilgan.
Ayrimlari Rossiyada oktyabr to‘ntarishi amalga oshirilgandan so‘ng fuqarolar urushi yoki kollektivlashtirish davrida Yevropaga qochib ketgan rus muhojirlari tomonidan tuzilgan.
Shuningdek, rus sotqinlari tomonidan yigirmaga yaqin siyosiy partiyalar tuzilgan. Butunrossiya milliy partiyasi, Rossiya xalqlarini ozod qilish komiteti, Rus yoshlari milliy harakati, Rossiya fashistlar partiyasi, Rus milliy mehnat partiyasi kabilar shular jumlasidan edi.
Bundan tashqari, ikkinchi jahon urushi paytida ruslardan tashqil topgan guruh Yaponiya imperiyasining Kvantun armiyasi safida turib ham jang qilgan. Bu guruhning nomi «Asano brigadasi» bo‘lgan.
Sotqinlikning boshlanishi
1941 yil 22 iyun kuni Germaniya armiyasi SSSRga bostirib kiradi va bir necha oyda mamlakat g‘arbida joylashgan Moldaviya (bu hudud 1940 yilda Ruminiyadan tortib olingandi), Ukraina, Belarus, Boltiqbo‘yi respublikalari, Kareliya, Murmansk va Arxengelsk tomonlarni bosib oladi.
Shundan so‘ng nemislar asir tushgan sovet jangchilaridan va bosib olingan hududlar aholisidan Germaniya foydasiga xizmat qiladigan va urushlarda qatnashadigan bo‘linmalar tuza boshlashadi.
Ana shunday guruhlardan birinchisi 1941 yil avgust oyida Velij shahrida (Bu shahar Smolensk oblastida joylashgan) tashkil etiladi. Bu otryadni janglarning birida asir tushgan va nemislar uchun xizmat qilish istagini bildirgan kapitan Zaustinskiy tuzgan edi.
1942 yil boshlarida nemislar Moskva ostonasiga yetib kelgan, SSSRning g‘arbiy qismi to‘liq bosib olingan edi. Bo‘lib o‘tgan janglarda ko‘plab askarlar asirga olingandi.
O‘sha paytda nemislar zo‘r berib asirlarni va bosib olingan hududlar aholisini «Ulug‘ Germaniya»ga xizmat qilishga targ‘ib qiladi.
Targ‘ibot birmuncha natija beradi va 1942 yil bahorgacha asosan ruslardan tashkil topgan juda ko‘p jangovar guruhlar va xo‘jalik ishlarida yordam beruvchi ko‘ngillilar tashkilotlari tuziladi.
Jumladan, birinchi batalion Smolenskdagi nemislar markazi qoshida tashkil etiladi. Keyinchalik boshqa harbiy bo‘linmalar tuziladi. Ular orasida eng yirigi general Vlasov boshchilik qilgan Rossiya ozodlik armiyasi (ROA) edi.
General Vlasovning sotqinga aylanishi va ROAning tuzilishi
1942 yil yozda nemislar muhim bir muvaffaqiyatni qo‘lga kiritishadi. O‘sha yili iyun oyida Volxovsk frontida nemislarga qarshi jang qilayotgan general Vlasov boshchiligidagi armiya qurshab olinadi.
O‘shanda Vlasovning oldida ikkita yo‘l bor edi. Biri dushmanga qarshi mardonavor jang qilish. Bunda general va uning qo‘l ostidagilarni og‘ir janglar va yo‘qotishlar, balki muqarrar o‘lim kutayotgandi.
Ikkinchisi qurshovdan chetda qolayotgan tor yo‘lak orqali ortga chekinish. Bunda yo‘qotishlar kamroq bo‘lishi va asosiy armiya xavfsiz joyga chekinishi mumkin edi.
Ana shu joyda Vlasov mutlaqo kutilmaganda uchinchi yo‘lni tanlaydi. Uning buyrug‘i bilan jangchilar dushmanga qarshilik ko‘rsatmaydi va 1942 yil 11 iyul kuni general boshchiligidagi armiya nemislarga taslim bo‘ladi.
Asirlar Vinnitsadagi harbiy asirlar lageriga joylashtiriladi. Dastlabki so‘roqdayoq nemislar Vlasovga Rossiya ozodlik armiyasiga (ROA) qo‘mondonlik qilishni taklif etadi, u rozi bo‘ladi.
Nemislar Vlasovga urushda g‘alaba qozonganlaridan so‘ng Rossiyada yangi davlat barpo etishlarini va generalga bosh qo‘mondonlik vazifasini topshirishlarini aytishadi.
Shundan so‘ng Vlasov o‘zi bilan asirga tushgan jangchilarning bir qismini ROA tarkibiga o‘tishga ko‘ndiradi. Shuningdek, ROA safiga boshqa joylarda asirga tushgan sovet harbiylar ham qo‘shiladi. Natijada Vlasov qo‘l ostida yirik armiya jamlanadi.
Turli ma’lumotlarga ko‘ra, Vlasov qo‘mondonlik qilgan ROA tarkibida harbiy asirlardan iborat 200 ming nafargacha jangchi bo‘lgan va ular sovet armiyasiga qarshi janglarda aktiv qatnashgan.
Urush oxirroqlarida general Vlasov sovet jangchilari tomonidan asirga olinadi va Moskvaga olib kelinadi. So‘ng sud hukmi bilan o‘lim jazosiga hukm qilinadi. 1946 yilda hukm ijro etiladi va general Vlasov osib o‘ldirish yo‘li bilan qatl qilinadi.
Rus xalq ozodlik armiyasi va SSning 1-rus diviziyasi
Rus xalq ozodlik armiyasiga (RONA, keyinchalik u 1-rus ko‘ngilli piyodalar diviziyasi deb nomlangan) Bronislav Kaminskiy boshchilik qilgan.
Avvaldan sovetlarning kollektivlashtirish harakatiga qarshi chiqqan Bronislav Kaminskiy urushgacha bir necha marta qamalib chiqqan va surgun qilingandi.
Urush boshlangan paytda u Bryansk oblastida joylashgan Lokot shaharchasida joylashgan korxonada ishlardi. O‘sha paytlarda u bir muddat NKVDga josuslik ham qilgan.
1941 yilda kuz fasli boshlarida Lokotni nemislar egallagach Kaminskiy darhol fashistlar tomoniga o‘tib ketadi.
Nemislar u yerda Lokot Respublikasi tuzilganini e’lon qilishadi. Ko‘p o‘tmay Kaminskiy bu respublika burgomisteri bo‘ladi va sotqinlardan iborat armiya tuzib, partizanlarga qarshi jang qila boshlaydi.
Kaminskiy boshchilik qilgan Rus xalq ozodlik armiyasi tarkibida turli ma’lumotlarga ko‘ra 8 mingdan 20 minggacha odam bo‘lgan va ularning barchasi sotqinlardan iborat bo‘lgan.
1944 yilda Kaminskiy brigadasi SSning 1-rus ko‘ngilli piyodalar diviziyasiga aylantiriladi.
Kaminskiyning hayoti ham ayanchli tugaydi. 1944 yilda urushda yutqazayotgan nemislar uning bir paytlar NKVD josusi bo‘lganini eslab qolishadi. Ular Kaminskiyni sotqinlikda ayblab o‘lim jazosiga hukm qilishadi. Hukm 1944 yil 26 avgust kuni ijro etiladi va sotqin kapitan o‘zining rahnamolari tomonidan otib tashlanadi.
Bolshevizmga qarshi kurash ittifoqi
1944 yilda Kaminskiyga jiddiy raqobatchi paydo bo‘ladi. U bolshevizmga qarshi kurash ittifoqi rahbari Mixail Oktan edi.
Bu shaxs avvaliga general Vlasov rahbarlik qilgan ROA tarkibida xizmat qiladi va sovetlarga qarshi janglarda qatnashadi.
So‘ng nemislar tomonidan rus tilida chop etilgan bir nechta gazetaga bosh muharrirlik qilish bilan birga, fashistlar tomonidan bosib olingan Oryol shahri burgomisteri lavozimida ishlaydi.
Mixail Oktan bolshevizmga qarshi kurash ittifoqini 1944 yilda Belarusning Bobruysk shahrida e’lon qiladi.
Rus ozodlik xalq armiyasi rahbari Kaminskiy ham, Oktan ham o‘z harbiy formalariga Georgiy lentasini qadab olishadi. Kaminskiy o‘z armiyasiga boshqa millat vakillarini ham qabul qilgan. Oktan esa ashaddiy millatchi bo‘lgan va qo‘l ostidagi bo‘linmalarga ruslardan boshqalarni qo‘shmagan.
Mixail Oktanning nemislar mag‘lubiyatidan keyingi hayoti haqida turli ma’lumotlar bor. Sovet davrida Belarusning Gomel shahrida chop etilgan «Gomelskaya pravda» gazetasida Oktan urush tugashi arafasida qo‘lga tushgani va SSSRga olib kelinib jazolangani haqida yozgan.
Boshqa manbalarda u 1945 yilda Berlinda bo‘lgani, urush tugagandan so‘ng g‘arblik ittifoqchilar nazorati ostiga o‘tgan Frankfurt-Mayn shahriga ko‘chib o‘tgani haqida ma’lumot berilgan. Uning keyingi hayoti haqida boshqa ma’lumotlar yo‘q.
SSning 2-rus diviziyasi
Nemislar urushda yutqazar ekan, 1944 yilda ruslardan iborat yana bir diviziya tashkil etishadi. SSning 2-rus ko‘ngilli piyodalar diviziyasi deb nom oladi.
Bu diviziyaning asosiy qismi nemislar qo‘l ostidagi hududlarda Germaniya politsiyasiga yordam bergan sotqin shaxslar edi. Nemislar ortga chekinayotganda o‘zlariga yordam berganlarni birga olib ketardi. Oxir-oqibat ulardan yangi diviziya tashkil etiladi.
Boshqa armiya bo‘linmalaridan farqli ravishda 2-rus diviziyasining komandirlari nemislarning SS xizmatidan edi.
Bu diviziya ko‘p o‘tmay general Vlasov armiyasi ixtiyoriga yuboriladi va ular ROAga qo‘shiladi.
Diviziya tarkibida 75, 76, 77-piyodalar polklari, artilleriya polki, tankka qarshi qiruvchi batalion, sapyorlar va aloqa batalionlari bo‘lgan.
Urushgacha SSSRni tark etgan muhojirlar tuzgan harbiy bo‘linmalar
«Russland» diviziyasi. Bu diviziyani oktyabr to‘ntarishidan keyin sovetlar hokimiyat tepasiga kelgach Rossiyadan chiqib ketgan muhojirlar tashkil etgandi. Diviziyaga rus muhojiri, nemislar general unvonini bergan Boris Smislovskiy (Nemislar uni Artur Xolmston deb atashgan) rahbarlik qilgan.
Bu diviziya ham 1941 yilda tuzilgan. Vlasov diviziyani ROA tarkibiga qo‘shib olish uchun bir necha bor harakat qiladi, lekin uddasidan chiqa olmaydi. Diviziya jangchilari ROA tarkibiga o‘tishga rozi bo‘lmaydi.
Rus korpusi. Bu korpus 1941 yilda Yugoslaviyada tashkil etilgan. Urushgacha bu davlatda ko‘plab rus muhojirlari yashagan. Nemislar Yugoslaviyani bosib olgach u yerda Rus korpusini tashkil etishga qaror qilishadi.
Korpusga general-mayor Mixail Skorodumov rahbarlik qilgan. General qo‘l ostidagi jangchilarga o‘zi mustaqil qo‘mondonlik qilishni xohlardi va bu masalada nemislar bilan kelishmovchilik kelib chiqadi.
Shundan so‘ng u nemislar tomonidan hibsga olinadi. O‘rniga boshqa bir rus muhojiri Boris Shteyfon korpus qo‘mondoni etib tayinlanadi. 1944 yil dekabr, 1945 yil yanvarda Shteyfon general Vlasov bilan bir necha marta uchrashadi va korpus ROA tarkibiga o‘tadi.
Kazak bo‘linmasi. Xorijda yurgan muhojirlar orasida ko‘plab kazaklar ham bo‘lgan. Nemislar SSSRga hujum boshlagach ular o‘z bo‘linmasini tashkil etadi. Bo‘linmaga muhojirlikda yurgan kazak atamani Petr Krasnov qo‘mondonlik qilgan.
Yuqoridagilardan tashqari, kazaklar yana bir nechta bo‘linmalari bo‘lgan va ularga turli shaxslar qo‘mondonlik qilgan. Ular orasida SSning Kazak kavaleriya korpusi ham bor edi. Bundan tashqari, boshqa bir guruh kazaklar Kazak qo‘shinlari bosh boshqarmasi degan bo‘linmaga yig‘ilgandi.
Asano brigadasi. 1930-yillar boshlarida Yaponiya Manjuriyani bosib oladi. Shundan so‘ng bu yerda Manjuriya respublikasi tashkil etiladi.
1938 yilga kelib Manjuriya respublikasida SSSRdan qochib ketganlardan iborat harbiy brigada tuziladi. Unga yapon armiyasi polkovnigi Asano Makoto boshchilik qiladi. Shu sababli brigada «Asano brigadasi» deb nom oladi.
1943 yilda yaponlar «Asano brigadasi»ning nomini Rossiya harbiy otryadi deb o‘zgartirishadi va unga rossiyalik mayor A.Gukayev komandir bo‘ladi.
Bu brigada asosan xitoylik va koreyalik partizanlarga qarshi jang qiladi. Brigada 1945 yilda Yaponiya so‘zsiz taslim bo‘lguncha faoliyat olib boradi.
Xulosa o‘rnida
SSSR davrida yuqorida nomlari keltirilgan sotqin bo‘linmalar, korpuslar va diviziyalar haqida umuman ma’lumot berilmagan. Hatto sovet tuzumida general Vlasovning sotqinligini eslash ham uncha xushlanmagan.
Buning asosiy sababi SSSRda yashovchi yuzlab millatlar ongiga «ruslardan sotqin chiqishi mumkinmas» degan tushunchani singdirish edi.
1943 yilga o‘tib, frontda ijobiy natijalar qo‘lga kiritila boshlangach shaxsan Stalinning buyrug‘i bilan qrimtatarlar, mesxeti turklar, chechen-ingushlar, Volgabo‘yi nemislari va boshqa yana ko‘plab millatlar sotqinlikda ayblanib o‘z vatanidan quvib chiqarilgandi.
O‘sha millatlar hatto Stalin vafotidan keyin ham o‘z vatanlariga qayta olishmadi. Ular SSSR parchalanib ketgandan so‘ng yurtlariga borib joylashishdi.
SSSR bo‘ylab millionlab insonlar sotqinlik tamg‘asi ostida nohaq yurtidan quvilgan va boshqa o‘lkalarda yashab yurgan paytda rus sotqinlari haqida ma’lumot berilsa bu ko‘plab insonlarda norozilik kayfiyatini uyg‘otishi aniq edi.
Qolaversa, SSSRda ruslar hukmron millat edi. Rus tili barcha respublikalarda majburiy davlat tili edi va mahalliy tillardan ustun qo‘yilardi.
Maktablarda, oliy ta’lim muassasalarida faqat rus xalqi tarixi o‘qitilardi. Knyaz Vladimir, Dmitriy Donskoy, imperator Petr 1, sarkardalar Suvorov va Kutuzovlar maqtalardi. Boshqa millatlar qahramonlari, masalan Amir Temur kabilar qonxo‘r, vahshiy bo‘lgan deb uqtirilardi.
Ana shunday sharoitda Ikkinchi jahon urushi paytida ruslardan ko‘plab sotqinlar chiqqani aytilsa bu rus xalqining «ulug‘ og‘a» maqomiga jiddiy putur yetkazardi.
SSSR parchalanib ketgandan so‘ng arxivlar ochildi va omma barcha sotqinlar haqida xabar topdi. Ular haqida tadqiqotlar o‘tkazildi. Qisqasi, tarix barchasiga munosib baho berdi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:39
SSSR tarixidagi eng yirik o‘g‘rilik: qatl etilgan amakivachchalar
14:58 / 03.11.2024
G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: Britaniyaga qochgan sovet mayori
14:21 / 20.10.2024
AQShga qochgan diplomat: okean ortidan siyosiy boshpana so‘ragan sovet amaldori
16:15 / 17.10.2024