7 oktyabr. Isroil va Hamas urushi xronologiyasi
Bir yil muqaddam falastinliklarning Hamas harakati Isroil janubiga hujum qilish orqali Yaqin Sharqda so‘nggi ellik yillikdagi eng yirik qurolli mojaroni boshlab bergandi. Buning oqibatida halok bo‘lganlar soni o‘n minglabni tashkil etadi va bir yil o‘tib harbiy harakatlar Livanga ham yoyilganida vaziyat keng ko‘lamli mintaqaviy urush yoqasida turibdi. Quyidagi fotojamlanmada - ushbu mojaroning o‘tgan o‘n ikki oyidagi eng muhim pallalar aks etgan.
2023 yil 7 oktyabr kuni tong otishidan oldinroq G‘azo sektoridan Isroil janubidagi shaharlar bo‘ylab noodatiy darajada ko‘p — minglab raketalar uchiriladi. Ammo buning ortidan misli ko‘rilmagan voqealar ham sodir bo‘ladi: Hamasning minglab jangchilari Falastin va Isroil hududlari o‘rtasidagi to‘siqlarni buzib o‘tib, chegaraga yaqin joylashgan aholi yashash manzillariga yopiriladi.
Hujum qilganlarning yo‘lidagi eng birinchi va nisbatan oson nishonlardan biri isroilliklar bayrami munosabati bilan chegaraga bir necha kilometrlik hududda tashkil etilgan Supernova festivali bo‘ladi. Quyidagi fotolarda — festival turargohining hujumdan keyingi ko‘rinishi keltirilgan.
Qurollangan falastinliklar isroilliklar yashaydigan qishloqlar — kibutsalarga ham bostirib kirgan. Shuningdek, mamlakat janubidagi ikki shahar — Sderot va Ofakim hujumga uchragan. Maxsus boshpanalarga yashirinishga ulgurmaganlar ilk qurbonlarga aylangan. Keyin esa hujum qiluvchilar boshpanalarni ham ochib kirishgan yoki uylarga o‘t qo‘yishgan. Chegara yaqinidagi qishloqlarda qirg‘in bir necha soat davom etgan.
Chegaraga yetib kelgan Isroil armiyasining Hamas jangchilari bilan qurolli to‘qnashuvlari qariyb ikki kun davom etgan, Isroildagi fojia ko‘lamiga tezda baho berib bo‘lmagan. Yuzlab kishi o‘ldirilganidan tashqari falastinliklar 253 kishini garovga olib ketib, G‘azo sektori icharisiga olib ketgandi.
Qurbonlar sonini hisoblash bir necha hafta davom etadi, qurbonlarning shaxsiga aniqlik kiritish jarayoni oylarga cho‘ziladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 1200 ga yaqin isroillik halok bo‘lgan, shundan uchdan ikki qismi tinch aholi vakillari edi.
7 oktyabr kuniyoq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ro‘y bergan hodisani «urush ochilishi» deb baholaydi. G‘azo bo‘ylab artilleriya va aviatsiyadan shiddatli zarbalar berilishi boshlanadi. Netanyahu G‘azo sektorida quruqlik amaliyotiga tayyorgarlik e’lon qiladi. Hamas harbiy tuzilmalarini yo‘q qilish va garovdagilarni ozod etish amaliyotning asosiy maqsadlari sifatida belgilab olinadi.
Isroilning G‘azo bo‘ylab ilk zarbalariyoq ulkan vayrongarchiliklar va tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlarga olib keladi. Isroil armiyasi G‘azodagi shaharlar aholisi zudlik bilan uylarini tark etib, anklav janubiga ketishi kerakligini ma’lum qiladi. Keyinroq bunday ko‘chirishlar yana bir necha bor ro‘y beradi — isroilliklar Falastin hududining u yoki bu qismidagi Hamas otryadlari va infratuzilmalarini yo‘q qilishga kirishishidan oldin.
27 oktyabr kuni Isroil G‘azoda keng miqyosli quruqlik amaliyotini ham boshlaydi. Bu Yaqin Sharqda so‘nggi 50 yillikdagi eng yirik harbiy mojaroga aylanadi va 1940-yillar oxirida boshlangan arab-isroil to‘qnashuvlari davridagi falastinliklar orasida eng ko‘p qurbonlarga sabab bo‘ladi.
Hamasning Isroilga hujumidan buyon o‘tgan bir yil mobaynida garovdagilar taqdiri Mamlakat ichkarisida eng ko‘p muhokamalar mavzusi bo‘lib qolmoqda. Ularni qo‘llab-quvvatlab, nafaqat Isroilning o‘zida, balki butun dunyo bo‘ylab ommaviy aksiyalar o‘tkazilgan. Isroil hukumatidan bu odamlarni qutqarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish talab qilingan. Urush davrida garovdagi odamlarni Hamasga yon bermasdan va G‘azo sektoridagi qurolli hujumni davom ettirgan holda qutqarish mumkinmi, degan savol tobora ko‘proq ko‘tariladi.
Bosqinga qadar millionga yaqin kishi yashagan G‘azodan evakuatsiya tartibsiz va Isroil armiyasining to‘xtovsiz zarbalari ostida kechadi. Falastin hududining Misr bilan tutushgan janubiy chegarasi yopilgandi, G‘azo sektorini faqat xorijiy davlat pasportiga ega bo‘lgan shaxslar tark eta olardi. Janubda anklavga ta’minot yetkazib beriladigan yagona nuqta qoldiriladi. Isroil G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamlarini ataylab cheklashda ayblanadi. Isroil hukumati bunda BMTni ayblab, tashkilot G‘azoga oziq-ovqat va ichimlik suv yetkazib berishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olmaganini bildiradi.
Isroilning 7 oktyabr kungi hujumga javoban boshlagan harbiy amaliyotining ilk kunlaridan buyon G‘azo sektoridagi tinch aholi orasidagi qurbonlar sonini kim va qanday hisoblashi haqidagi savol Isroilga xayrixoh va qarshi bo‘lgan tomonlar o‘rtasida muhokama mavzusi bo‘lib keladi. Qurbonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni G‘azo sektoridagi sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qiladi. Avgust oyi o‘rtalarida BMT mazkur ma’lumotlardan foydalangan holda mojaroning 10 oyi davomida tinch aholi vakillaridan 40 ming kishi halok bo‘lganini e’lon qilgandi. Isroil bu raqamlarni qabul qilmaydi va vazirlik to‘lig‘icha Hamasga bo‘ysunishi hamda unga ishonib bo‘lmasligini aytadi. Noyabr oyida BBC Falastin tuzilmalari tomonidan taqdim etilgan qurbonlar ro‘yxatidagi ma’lumotlarni tekshirishga qaror qildi, o‘rganishlar esa hech qanday buzilishlar yo‘qligini ko‘rsatgan.
21 noyabr kuni, G‘azodagi quruqlik amaliyoti boshlanganidan bir yarim oy vaqt o‘tib Isroil hamda Hamas sulh e’lon qiladi. Uning asosiy natijasi 7 oktyabr kuni garovga olingan isroilliklarning qariyb yarmi 250 nafar falastinlik mahbusga almashtirilishi bo‘ladi — Isroil qamoqxonalarida ushlab turilgan ayollar va bolalar qaytariladi. G‘azo aholisi o‘z uylarini tark etib, anklav janubiga ko‘chishda davom etadi.
Garovdagilarning bir qismi qaytarilishi Isroilda olqishlar bilan qarshi olinadi. Aholi ozod etilganlar karvoni avvaliga G‘azo sektoridan Misrga o‘tishi va keyin Isroilga kelishini jonli efirda kuzatib boradi. Quyidagi suratda ozod etilganlarning bir qanchasini Tel-Aviv chekkasidagi tibbiyot markaziga olib kelgan vertolyotni kutib olayotgan yoshlar tashkiloti a’zolari aks etgan.
1 dekabr kuni otashkesim muddati tugaydi va Isroil harbiy harakatlarini anklavning butun hududi bo‘ylab amalga oshira boshlaydi. Bir necha kun o‘tib G‘azoning shimoli va markazidagi shaharlardan qochib ketgan yuz minglab kishilar boshpana qilgan janubdagi Xon Yunus shahrini o‘qqa tutish boshlanadi. 2024 yil sentabr oyi oxirida BMT sun’iy yo‘ldosh orqali olingan ma’lumotlarga tayanib, G‘azo sektoridagi barcha binolarning 66 foiz qismi shikastlangani haqida ma’lum qildi. Shundan uchdan bir qismi — butunlay yakson etilgan.
Qish boshlanganida bungacha Binyamin Netanyahuni qo‘llab turgan Qo‘shma Shtatlar rahbariyati ham Isroilning urush olib borish usullarini tanqid qila boshlaydi. Prezident Jo Bayden isroillik harbiylar G‘azo sektoridagi shaharlarni «nishon ajratmasdan bombardimon» qilishda ayblab, Isroilni tinch aholi xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rishga chaqiradi. Isroil hukumati esa Hamas otryadlari va infratuzilmalari bo‘ylab zarbalar aniq borishi uchun harakat qilayotganini, ammo Hamas obektlari aholi yashash hududlariga joylashtirilgani tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lishidan qochib bo‘lmasligiga sabab bo‘lishini bildiradi.
Yanvar boshida Isroil armiyasi G‘azo sektori shimolida Hamas boshqaruv tuzilmasini «demontaj qilish yakunlangani» haqida ma’lum qiladi. Shundan buyon harbiylar falastinlik o‘nlab qo‘mondonlar va ularning minglab jangchilari halok bo‘lganini xabar qilgan.
Hamasning jangovar qobiliyatiga yetkazilgan zarar doimiymi? Mustaqil tahlilchilar bu borada ehtiyotkorlik bilan gapirishadi. Va hatto isroillik harbiylar ham Hamasning 24 batalyonidan ayrimlari hamon jangovar qobiliyatini saqlab qolganini tan olishadi. Bular asosan isroillik mahbuslarni ushlab turgan birliklardir.
G‘azodagi amaliyotlar yakunida isroillik harbiylar jurnalistlarga jami uzunligi yuzlab kilometrlarda o‘lchanadigan tunnellar tizimini namoyish etgan, bu yerosti yo‘llari Hamas jangchilariga shahardagi obektlar oralab harakatlanish imkonini bergan. Tunnellar shifoxonalar va hatto BMT muassasalari ostidan o‘tgan. Isroil mudofaa armiyasi G‘azo shaharlaridagi shifoxonalarga o‘z askarlari kirishini dushmanning go‘yoki fuqarolik obektlari ostiga qurilgan qo‘mondonlik punktlarini bartaraf etish zarurati bilan izohlagan.
Isroil va Hamas o‘rtasidagi muzokaralar to‘g‘risida doimiy ravishda xabarlar chiqib turadi, ammo navbatdagi sulh bo‘yicha kelishishning imkoni bo‘lmadi. BMTning Isroilni o‘t ochishni to‘xtatish va sulh e’lon qilishga ko‘ndirish bo‘yicha urinishlari ham natijasiz tugadi. Yuqoridagi suratda Isroilning BMTdagi maxsus vakili sulh istovchilarga Hamas yetakchilariga qo‘ng‘iroq qilishni maslahat qilmoqda, u bu orqali aynan Falastin tomoni yon berishni istamayotganiga ishora qilgan.
Har haftada G‘azodagi tinch aholi orasida yana o‘nlab qurbonlar bo‘ladi. Falastinliklar bir joyda ko‘p miqdorda halok bo‘lishi bilan bog‘liq eng qonli epizod 2024 yil 29 fevralida ro‘y beradi, o‘shanda insonparvarlik yuklari ortilgan yuk mashinalari atrofida kamida 118 kishi halok bo‘lib, yana yuzlab kishilar yaralangan. Isroil harbiylari yuk mashinalar atrofidagi olomonni nazorat qilib bo‘lmay qolgani va havoga o‘q uzilganini ma’lum qilgan. Keyin esa Isroil armiyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘q uzilishidan halok bo‘lganlar soni 10 nafardan oshmasligi, ular oziq-ovqatni talon-toroj qilmoqchi bo‘lganini, qolganlarning o‘limiga vahima tufayli boshlangan tiqilinch sabab bo‘lganini aytadi. Falastinliklar esa yig‘ilgan odamlar qasddan o‘qqa tutilganini ma’lum qilgan.
1 aprel kuni Isroil raketalari G‘azo sektori aholisiga oziq-ovqat yetkazish bilan shug‘ullanuvchi World Central Kitchen xayriya tashkiloti avtomobillari guruhi ustiga tushishi oqibatida tashkilotning yetti nafar xodimi halok bo‘ladi. Qurbonlar orasida Buyuk Britaniya, Avstraliya va Polshadan kelgan ko‘ngillilar, shuningdek falastinlik va Kanada-Amerika fuqaroligiga ega shaxs ham bor edi. Isroil hukumati harbiylar xatoga yo‘l qo‘yganini tan olib, tekshiruv o‘tkazishga va’da beradi. WCK G‘azo sektoridagi faoliyatini to‘xtatadi, ammo aprel oyi oxirida falastinliklar uchun oziq-ovqat tarqatish ishiga qaytadi.
Shu kuni Isroil raketalari Eronning Suriya poytaxti Damashq shahridagi elchixonasi yonidagi binoni yakson qiladi. Isroil Eron tomonidan G‘azo sektoridagi Hamas hamda Livandagi «Hizbulloh» guruhlari qo‘llab-quvvatlanishi javobsiz qolmasligidan ogohlantiradi. Vayron bo‘lgan binoda Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining yuqori martabali vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilayotgandi. Keyinroq qurbonlar orasida korpusning ikki generali bo‘lgani ma’lum qilinadi. Ulardan biri Eron kuchlarining xorijdagi amaliyotlarini bajaruvchi «Quds kuchlari» qo‘mondoni Muhammad Zohidiy edi.
Damashqda eronlik harbiy amaldorlar o‘ldirilishiga javoban 13 aprel kuni Eron Isroil bo‘ylab raketa zarbalari yo‘llaydi. Yuzlab raketalar uchirilishi eronliklar tomonidan bayram qilinadi. Ammo bu zarbalar Isroilga jiddiy zarar yetkaza olmaydi — raketalarning ko‘pchiligi Isroil hududiga kirib kelmasdanoq to‘xtatiladi. Isroil bir hafta o‘tib Eronning Isfahon shahridagi havo hujumidan mudofaa obektlariga zarba berish bilan javob qaytaradi.
Yoz o‘rtalariga kelib Isroilning G‘azo sektoridagi amaliyoti susaya boshlaydi. Ammo Isroil hukumati tanqidchilari G‘azoga bosqinning e’lon qilingan maqsadlaridan kamida bittasi — garovdagilarni to‘liq ozod etishga erishilmaganiga e’tibor qaratadi. Avgust oyining oxirgi kunida G‘azo sektori janubidagi Rafah shahri ostidagi tunnelda 7 oktyabr kuni garovga olingan isroilliklardan olti nafarining jasadi topiladi. Isroillik harbiylar asirlar ular topilishidan biroz vaqt oldin o‘ldirilganini ma’lum qiladi, Hamasdagilar ularning o‘limiga Isroil hukumati murosaga borishni istamagani sabab bo‘lganini aytadi.
Bosh vazir Netanyahu Isroil o‘z fuqarolarining o‘limida aybdorlar topilmagunicha tinchlanmasligini aytadi va hukumat asirlikdagilarning qolganini ham ozod etishga imkon beruvchi kelishuv ustida ish olib borayotganini bildiradi. Bu so‘zlar garovdagilarning qarindoshlarini xotirjam qila olmaydi va ular sulh va garovdagilarni ozod etish bo‘yicha kelishuv tuzish, shuningdek, yangi saylovlar o‘tkazish talabi bilan ommaviy namoyishlar o‘tkazishadi.
Sentyabr oyiga kelib asosiy keskinlik Isroilning Livan bilan shimoldagi chegaralariga ko‘chadi. Isroil rasmiylari amalda Livandagi xavfsizlik tizimini o‘z nazoratiga olgan «Hizbulloh» harakatidan bo‘layotgan tahdid Hamas tahdididan kattaroq deb hisoblaydi. «Hizbulloh» 7 oktyabr voqealaridan ko‘p o‘tmay Hamas bilan birdamligini izhor qilib, Isroilning shimoliy hududlarini o‘qqa tutishga kirishgan va rasmiylar chegara yaqinidagi o‘nlab aholi yashash manzillaridan fuqarolarini mamlakat ichkarisiga ko‘chirishga majbur bo‘lgandi.
17 sentabr kuni butun Livan bo‘ylab «Hizbulloh» a’zolari foydalanadigan peyjyerlar portlashni boshlaydi, guruhning minglab a’zolari yaralanadi, o‘ndan ortiq kishi halok bo‘ladi. Keyingi kuni «Hizbulloh»ning ratsiya vositalari ham portlab ketadi va yaradorlar hamda qurbonlar takrorlanadi. Quyidagi suratda — Livan armiyasi askari Bayrutda yo‘lni navbatdagi yaradorni olib kelayotgan «Tez yordam» mashinasi uchun ochmoqda.
Isroil «Hizbulloh» a’zolariga ovni davom ettiradi. Peyjyerlar portlashi operatsiyasidan uch kun o‘tib Bayrutda raketa zarbasi bilan harakatning ikki nafar yuqori martabali qo‘mondoni yo‘q qilinadi. 30 sentabr kuni esa Livan poytaxti janubidagi bunker ustiga kuchli bombalar tashlanishi oqibatida «Hizbulloh»ning shu yerda yig‘ilish o‘tkazayotgan bo‘lgan rahbari Hasan Nasrulloh ham halok bo‘ladi, u tashkilotga 1992 yildan buyon rahbarlik qilib kelardi. 5 oktyabr kuni esa Livan shimoliga yo‘llangan raketa zarbasi oqibatida Hamasning yana ikki nafar yuqori martabali harbiy boshlig‘i o‘ldiriladi.
«Hizbulloh» rahbarlari yo‘q qilinishi guruhni o‘nlab yillar mobaynida moliyalashtirgan va qurol-yarog‘ bilan ta’minlab kelgan Eronning pozitsiyalariga yana bir kuchli zarba bo‘ladi. Tehrondagi rasmiylar isroilliklarning harakat rahbarlariga uyushtirayotgan ovi oqibatsiz qolmasligini ma’lum qiladi.
Ikki kun o‘tib Eron yana bir marta Isroil bo‘ylab raketa zarbalari yo‘llaydi. Suratda — Quddus osmonida raketadan qolgan izlar aks etgan. Bu safar raketalar apreldagidan ko‘proq edi. Ammo ularning ham ko‘pchiligi urib tushirilgan va Isroilga jiddiy zarar yetkazmagan. Raketa hujumidan jiddiy yo‘qotishlarga uchramaganini aytganiga qaramay, Isroil hukumati Eron bo‘ylab javob zarbasi yo‘llashga va’da beradi.
Isroil hukumati tinchlik bo‘yicha chaqiriqlarni e’tiborsiz qoldirmoqda. G‘azo sektoridan ko‘chirib kelingan armiya qismlari Livan bilan chegaradan o‘tgan va «Hizbulloh»ning chegara yaqinidagi obektlari va otryadlarini yo‘q qilishga kirishgan. Isroil bu amaliyot «cheklangan» xarakterda ekani va uning vazifasi — «Hizbulloh» Isroilning shimoliy tumanlariga solayotgan xavfni bartaraf etib, BMTning 2006 yilgi rezolyutsiyasi bajarilishiga erishish ekanini aytadi, bu rezolyutsiyada harakat jangchilarini Livandagi Litani daryosidan janubdagi hududlarga joylashtirish taqiqlangan. Bu bosqin qanchalik qisqa muddatli va cheklangan bo‘lishi hozircha tushunarsiz va Hamasning Isroilga hujumining bir yilligida ham Yaqin Sharqdagi keng ko‘lamli va uzoq muddatli urush xavfi saqlanib qolmoqda.
Mavzuga oid
10:31
AQSh Senati Isroilga qurol yetkazib berishni bloklashni rad etdi
23:12 / 19.11.2024
Isroilning keyingi nishoni Turkiyami?
19:01 / 19.11.2024
Qatar Tashqi ishlar vazirligi HAMAS yetakchilari Dohada emasligini ma’lum qildi
21:10 / 17.11.2024