Jahon | 15:30 / 11.10.2024
5081
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainalik jurnalist qiz Rossiya asirligida vafot etdi

Ukraina razvedkasi Rossiyada saqlab turilgan 27 yoshli jurnalist Viktoriya Roshchinaning o‘limi haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Bosh razvedka boshqarmasi uni almashishga tayyorgarlik ko‘rilganini bildirdi.

Foto: Facebook

2023 yil avgust oyida bosib olingan hududda g‘oyib bo‘lgan, keyin esa Rossiya Federatsiyasida garovda ushlab turilgan ukrainalik mustaqil jurnalist Viktoriya Roshchina vafot etdi. Bu ma’lumotni 10 oktyabr, payshanba kuni Harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab spikeri Petr Yatsenko tasdiqladi.

«Afsuski, Viktoriyaning o‘limi haqidagi ma’lumot tasdiqlandi va biz uchun bu juda qayg‘uli xabar, uning o‘limi holatlari haqida gapirishga hali erta», — dedi u «Yedinyye novosti» milliy telemarafon efirida.

Avvalroq jurnalistning oilasiga Rossiya Mudofaa vazirligidan uning 19 sentabr kuni – Taganrogdan Moskvaga olib ketilayotgani vafot etgani haqida xat kelgan.

6 oktyabr kuni Roshchina 28 yoshga to‘lgan bo‘lardi.

GUR: Roshchina almashinuv doirasida qaytarilishi kerak edi

Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) vakili Andrey Yusov «Suspіlne» telekanaliga bergan izohida, jurnalistni almashish doirasida Ukrainaga qaytishi Rossiya Federatsiyasi bilan kelishib olinganini aytdi.

«Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, u yaqin kunlarda uyiga qaytishga tayyorgarlik ko‘rish uchun Lefortovo tergov izolyatoriga o‘tkazilgan», — dedi u.

Rossiyadagi asirlik

2022 yil fevral oyidan boshlab Roshchina Ukraina sharqi va janubidagi harbiy amaliyotlar haqidagi materiallarni chop etib kelgan. Xususan, bosib olingan Energodardan Rossiya kuchlari tomonidan Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiya egallab olingani va Gulyaypoldan ​​doimiy bombardimon ostida hayot haqida reportajlar bergan. U bir qator Ukraina ommaviy axborot vositalari — «Suspіlne» va «Ukrainskaya pravda» bilan hamkorlik qilgan. 2022 yilda u Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi haqidagi reportaji uchun Xalqaro ayollar media jamg‘armasining «Jurnalistikadagi jasorat» mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Roshchina bir necha bor rus harbiylari tomonidan qo‘lga olingan. 2022 yil 11 martda u Mariupolga ketayotganida josuslikda ayblanib, FSB xodimlari tomonidan ushlandi. Jurnalist 10 kun ushlab turilgan, ammo keyin asirga olingan rus askarlariga almashtirilgan. Shundan so‘ng, Roshchina o‘z ona shahri Zaporijjyaga qaytib keldi va Ukraina nazorati ostidagi hududda ishlashni davom ettirdi.

2023 yilning yozida u Rossiya orqali Ukraina sharqidagi egallab olingan hududlarga borish uchun Ukrainadan Polshaga yo‘l oldi. Jurnalist u yerda g‘oyib bo‘ldi va 2024 yil may oyida Rossiya Mudofaa vazirligi uning qo‘lga olingani hamda Rossiya hududida ekanligini tasdiqladi. Keyinchalik Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi Roshchina garovda saqlanayotganini tasdiqladi, ammo u bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Mavzuga oid