O‘zbekiston | 12:14
1491
8 daqiqa o‘qiladi

“Yana nechta bola yo‘llarda o‘lishi kerak?” – ko‘paygan avariyalar haqida katta suhbat

So‘nggi paytlarda avariyalar, tezlik bilan bog‘liq videolar, haydovchilarning yo‘l-harakati qoidalariga bepisand ekanini isbotlovchi holatlar ko‘paydi. YTHlar o‘lim bilan yakunlanmoqda, maktab o‘quvchilari mashinalar ostida jon beryapti. Piyodalar ham yo‘llarda yurish madaniyatidan yiroq. Kun.uz mavzu yuzasidan suhbat o‘tkazdi. Suhbatdoshlarga ko‘ra, bu uzoq yillik muammo. Haydovchilarning davlat tasdiqlagan qoidalarga munosabati “huquqiy nigilizm” darajasiga chiqdi. Birgina Otajonovning videosi – huquq-tartibot organlariga “qo‘lingdan nima keladi?” degandek bo‘ldi. 

O‘tgan 15-20 kun ichida yosh bolalar, maktab o‘quvchilari bilan sodir bo‘lgan mudhish avariyalar soni 10 ga yaqin, balki bundan ham ko‘pdir. Mutaxassislar fikricha, mavzu va muammolar juda eski. Lekin natijadan, yo‘llardagi YTHlarni kamaytirishga qaratilgan choralardan darak yo‘q. Masalani yillab muhokama qilish mumkin, sabablarini o‘rganib, tizimli chora ko‘rish muhimroq. Birgina Buxoroning Qorako‘lida yuz bergan fojiada piyodalar ham aybdor. Odamning o‘zini himoya qilishi – psixologik instinkt bo‘ladi. Organizm avtomat o‘zini himoya qilishga urinadi, yosh qizlar sayilgohda emas, katta yo‘lda. Haydovchi ham svetofor va piyodalar o‘tish joyi ekanini inobatga olib, tezlikni nazoratga olishi kerak edi, deydi ekspert Nosirjon Zokirov. 

Advokat, avtobloger Kamoliddin Bahovuddinov fikricha, avariya va o‘limlar odamlarning ko‘zini ochgani yo‘q. Aksincha, qoidabuzarlar qilmishidan zarracha pushaymon emas. Haydovchilar o‘z qilmishi nima bilan yakunlanishini, maksimal oqibatni biladi va qo‘rqmaydi. Ularning yuzida achinish hissi yo‘q. 

“Ular qoidabuzarliklarning muntazam va takroriyligi bizda inobatga olinmasligini ham biladi. Pul bilan hammasi hal bo‘lishiga ishonadi, katta ehtimol,  video chiqarayotganlar 1 oydan so‘ng yana shunday tasvirlar e’lon qiladi. Qo‘lingdan nima keladi, degani bu. Ta’sir choralar juda yumshoq va bo‘sh. Jazolar juda halim, faqat moddiy jarima emas, qamoq, haydovchilikdan mahrum qilish, ozodlikdan cheklash jazolarini ham qo‘llash kerak”, - deydi Bahovuddinov.

2024 yilning 5 oyi davomida 64 nafar maktab o‘quvchisi YTH oqibatida halok bo‘lgan, bu oyiga kamida 13 nafar bolalar qurbon bo‘lyapti degani. Jamiyatimiz esa kimningdir fojiasini kuzatish bilan band. Qonunlarni ochiq-oydin inkor etib, bepisand qarash – huquqiy nigilizm cho‘qqisiga chiqib bo‘ldi. Jazo choralarini kuchaytirish va shu jazolar hamma uchun, hokimiyat vakilidan tortib dehqongacha bir xil ishlashi lozim.

YTH ishtirokchisi faqat haydovchi emas, piyodalar ham. Mumkin bo‘lmagan joydan kesib o‘tish holatlari bilan bog‘liq statistika yuritilganda, piyodalarning qoidabuzarliklari darajasi ham namoyon bo‘ladi. Yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun bunday piyodalarni ro‘yxatga olib, tushuntirish ishlarini olib borish – ortiqcha ish. Balki shuning uchun bunday statistika yuritilmaydi.

Psixolog Zebiniso Ahmedovaga ko‘ra, piyodalar ogohligini oshirishi kerak. Jon avvalo insonlarning o‘ziga kerak. Yo‘ldan o‘tayotganda o‘ng va chapga qarash, svetofor chirog‘iga e’tibor berish – birlamchi talablar. Ota-onalar, maktab o‘qituvchilari, kattalar bolalar ongiga shuni quyishi kerak. 

“Sovet ittifoqi parchalangach, possovet makonida O‘zbekiston aholisi eng ko‘paygan davlat bo‘ldi. Lekin yo‘llarimiz, ularning kengligi, yo‘l infratuzilmasi demografik rivojlanishga nomutanosib bo‘ldi. Yaqindagina Amerikada sud jarayonini ko‘rdim, birincha marta 140 km/s yurgan haydovchini 6 yilga kesishdi, bundan tashqari jarimaga ham tortildi. Bizda esa mana, xonanda Otajonov nimasi bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lyapti. Bu xalqning tanazzuli”, - deydi psixoterapevt. 

Yo‘l-harakati qoidalari bo‘yicha mustaxassis fikricha, hozir vaziyatni o‘nglash uchun hech narsa qilib bo‘lmaydi. Chunki tizgin qo‘ldan chiqqan. Biroq jamoatchilik faollari muhokama va talabni kamaytirmasligi kerak. Haydovchining vaqt va transportni boshqarish rejimini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlariga ehtiyoj bor. Mutaxassislar muammolarni ko‘rsatib bergandamas’ullar, ayniqsa yo‘l-harakati xavfsizligini ta’minlashga bosh-qosh idoralar ularni eshitmas ekan, biror natija bo‘lishi noaniq. 

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida “Cobalt” rusumli avtomobil 11 yoshli qizaloqni urib ketgan. Yo‘lning o‘sha qismida o‘quvchilarning yo‘ldan o‘tishiga mas’ul odamning reaksiyasi odamni o‘ylantiradi. Yoki Qorako‘ldagi YTHda mashina urib yuborgan 2 qizning holatiga beparvo uchinchi qizning harakatlari odamning e’tiborini tortadi. Bu bir tarafdan shok holati, ikkinchidan esa bunday voqealar shu qadar ko‘paydiki, aholining ko‘zi o‘rganib ketganidan dalolat beradi.

Avtomaktablar va haydovchilarni tayyorlash tizimi – doim og‘riqli muammo bo‘lib kelgan. Bir necha yillik mutaxassis Abdujalil Rashidovga ko‘ra, bizdagi avtomaktablar haydovchilarni tayyorlashga moslashmagan. Qo‘yilayotgan talablarning o‘zi haydovchilikka o‘rgatishga to‘siq bo‘lmoqda. 

Sergeli tumanida yuz bergan YTHda maktab o‘quvchisi avtobusdan belgilanmagan joyda tushib qolgan va u avtobusning old tomonidan yo‘lni kesib o‘tgan. Bunday sharoitda avtobus haydovchisi nega bolani bekatda yoki avtobus to‘xtashi mumkin bo‘lmagan joyda tushirgani, o‘quvchi avtobusning old tarafidan yugurgani muhokama qilinmayapti. 

“Nega men haydovchimanda, atrofdan xavf kutishim kerak? To‘g‘ri yo‘ldan ketyapman, atrofda mashinalar, svetofor yo‘q, belgilangan tezlik. Nega atrofimdan kimdir yugurib chiqishini inobatga olishim kerak? Tergov harakatlarida bu ham, albatta, inobatga olinishi kerak”, - deydi advokat Bahovuddinov. 

Suhbatdan xulosa shuki, yo‘llarda yo‘qotilayotgan jonlar faqat o‘sha haydovchi va piyodaning muammosi emas, bu jamiyat muammosi. Har bir o‘lim holatlariga IIV va transport vazirligi, mahalliy hokimliklar va idoralar, yo‘l-harakati xavfsizligiga bosh-qosh organlar javobgarlikni bo‘yniga olishi lozim. 

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid