Jamiyat | 17:57 / 12.10.2024
4007
11 daqiqa o‘qiladi

Ayollar uchun xavfsiz boshpana – reabilitatsiya markazlari qanday ishlaydi?

Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollar xavfsiz boshpanalarga murojaat qilishlari mumkin: reabilitatsiya markazlarida ularga ijtimoiy, psixologik, yuridik, tibbiy yordamlar ko‘rsatiladi, 3 mahal ovqat va yotoq beriladi. Kun.uz muxbiri respublika markazida bo‘lib, bu tizim faoliyati bilan qiziqdi, vaqtincha boshpanada yashayotgan ayollar bilan suhbatlashdi.

Erim jonimga qasd qilishga majburlagan”

Reablitatsiya va moslashtirish markazida yashayotgan ayol hikoyasi:

— Bu markazga kelganimga 3 hafta bo‘ldi. Xo‘jayinim narkoman, 3 marta meni o‘z jonimga qasd qilishga majburlagan. Chekkan paytlarida darrov o‘zgarib qolardi. Ko‘zlariga nimadirlar ko‘rinadi, shuning natijasida har xil gaplar eshitaman, “moralniy” ezadi. Qo‘limga pichoq berib, o‘zingni o‘ldir deb turadi. Ikki nafar farzandim bor, bittasi 9 yana biri 7 yoshda. Birinchi jonimga qasd qilishga majburlagani 3 yil oldin bo‘lgan. Ertalabga yaqin uyga kelgan, bolalarim bilan uxlab yotgandik. Ko‘ziga yonimda bir erkak kishi ko‘ringan, keyin meni ko‘chaga olib chiqdi, qurilish lezviyasini berib, tomiringni kes, dedi. Qo‘limdan qon chiqsa bo‘ldi, tinchlanadi deb o‘ylab, ozgina qo‘limni kesdim. Bosim o‘tkazib, shuni qilasan deb turgandi.

Ikkinchisi shu yil yangi yilda bo‘ldi. O‘g‘limning tug‘ilgan kuni edi, mehmonlar, o‘rtoqlari kelgandi. Birinchi marta suitsidga majburlaganda orada birga yashamagandik. Undan keyin qaytib keldik, o‘g‘limning tug‘ilgan kunida bittada katta “rasxod” bo‘ldi. Pullarni nima qilding, qayerga tiqding deb janjal qilib, o‘zingga pichoq tiqasan, dedi. Ikkitasida hech narsa qilmadim, o‘zimni ushlab turdim. Uchinchisi bu yerga kelishimdan oldin bo‘ldi. Oxirgisida katta janjal bo‘ldi, mahallaga chiqdik, “uchastkavoy” orqali bolalarim bilan shu markazga joylashdik. Erim bir marta keldi, lekin biz chiqmadik.

Bolalarim dadasidan qo‘rqmaydi, yomon ko‘radi. Yomonlamasam ham qiliqlari tufayli yomon ko‘rib qolgan. Katta o‘g‘limning yonida chekkan, hididan mazasi qochgan. Bir yoshligida o‘rtog‘ining tug‘ilgan kuniga olib ketgan, ular bilan o‘g‘limning yonida chekkan, hididan bolam kulishni boshlagan. Uyga olib kelganida ko‘zlari g‘alati bo‘lib qolgandi. Shuncha yildan beri muntazam birga yashamadik, erim haydaydi, ota-onamnikiga ketaman, yalinib boradi, o‘zgaraman, chekishni tashlayman deb, qaytib olib keladi. Borib kelib, borib kelib, sarson yashadik.

Bu yerdagi sharoitlar juda yaxshi, bolalarni maktabga joylashtirishdi, ular bu yerda o‘zini yaxshi va xavfsiz his qiladi.

Zo‘rlikdan jabrlangan ayollarga qanday yordam beriladi?

Markaz direktori Muqaddam Rasulovaning aytishicha, avvaliga bunday boshpanalar nodavlat notijorat tashkilot sifatida 2020 yilda ochilgan. Hozir bu muassasalar Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufidagi davlat muassasasi sifatida faoliyat yuritadi. Shu paytgacha tumanlarda ikkitadan markaz bo‘lgan, ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgach, tumanlarda bittadan markazlar qoldirilgan, chunki ularning funksiyalarini “Inson” ijtimoiy xizmatlari bajara boshlagan.

“Zo‘ravonlikdan tazyiqdan jabrlangan ayollarga 5 ta yo‘nalishda ijtimoiy xizmat ko‘rsatiladi: ijtimoiy, psixologik, iqtisodiy, tibbiy va pedagogik. Har bir markaz qoshida vaqtincha boshpanalar tashkil qilingan, bu boshpanalarga biz tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarning voyaga yetmagan farzandlari bilan (agar u xavf darajasiga tushib qolgan bo‘lsa, xavfli zo‘ravonlikka uchragan bo‘lsa) bizning boshpanalarga joylashtiriladi.

Agar markazlarimiz oldin 1 oygacha ayollarni qabul qilgan bo‘lsa, endi muddat uzaytirildi – ayollar 6 oygacha farzandlari bilan yashashi mumkin. Bir qancha bosqichlar bor. Birinchi marta zo‘ravonlikka uchragan ayol qayerga murojaat qiladi? Mahallada profilaktika inspektori yoki xotin-qizlar faoli bor, agar ayol og‘ir ahvolda bo‘lsa 102 chaqirishi mumkin – mahalladan boshlab bir biriga axborot uzatish boshlanadi. Zo‘ravonlikka uchragan ayol bilan ijtimoiy xodimlar suhbat o‘tkazadi. Birlamchi suhbat jarayonida bu ayol qanchalik xavf ostidaligiga baho beriladi. Bu ayolni oiladan olib chiqib ketish yoki qoldirish masalasi ko‘riladi va profilaktika noziri bilan birgalikda himoya orderi rasmiylashtiradi.

Hozir tuman va shahar kasalxonalari qoshida bittadan xona olib, 3-4 koyka qo‘yib, birlamchi tinchlantirish xonalari tashkil qilishni boshladik. Mana shu ayol voyaga yetmagan farzandlari bilan shu yerga olib kelinadi. Bu xonalar shoshilinch tez yordam bo‘limlari qoshida ochilgan. Kelishi bilan ayolga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatiladi, hujjatlar rasmiylashtiriladi va ayol 3 kun davomida shu yerda yashashi mumkin.

Birinchi kun shu yerga ayol joylashtirilgach, “Inson” markazidagi psixolog, yuristlar birlamchi yordam xonasiga kelib, ayol bilan suhbat o‘tkazadi. Zo‘ravonlikning sababi nimada, xavf darajasi qancha, bu doimiymi kabi suhbatlar o‘tkazilgach, zarur bo‘lsa himoya orderi rasmiylashtiriladi. Ayolni psixiatr vrach ko‘rigidan o‘tkazamiz, chunki zo‘ravonlikka uchragan ayol depressiya holatiga tushib qoladi yoki qattiq jarohat olgan ayollar suitsidial holatga tushib qolishi mumkin. Tibbiy xulosalar berilgan holda, bu ayolning roziligi bilan u qayerga borishi masalasi ko‘rib chiqiladi. Ayol chuqur reabilitatsiya ko‘magiga muhtoj bo‘lsa, markazga olib kelinadi”, – deydi Muqaddam Rasulova.

Shu yoshimda kelinning zulmiga uchradim”

Reabilitatsiya markazida yashayotgan boshqa bir ayol hikoyasi:

— Markazga iyunning 30-kuni kelganman, kelinimning zulmiga uchrab. O‘sha kuni uyda katta janjal bo‘ldi. Kelinim urishgacha bordi, oynalarni sindirdi. Uydan yugurib chiqib ketdim. Chilonzor tumani hokimligi tomonidan menga himoya orderi berildi. Ular meni shu markazga olib kelishdi. Bu yerga kelganimda g‘ira-shira qorong‘i tushayotgandi.

Xullas boshimdan o‘tganlari bunday: o‘g‘limni uylantirgandim, bir yil o‘tar o‘tmas ishxonasidagi bir qizni yaxshi ko‘rib qolib shunga uylanaman deb turib oldi. Qarshiligimga qaramay xotini bilan ajrashib ketib, uylandi. Men to‘yiga bormaganman, o‘zi uylandi. 3 yil o‘g‘limni ko‘rganim yo‘q. Farzandli bo‘lganidan keyin “roddom”dan chiqib, bolasini menikiga olib keldi. Ko‘rdim, xursand bo‘ldim, keyin bolasini menga tashlab ketadigan bo‘ldi. Baribir nevaram, qabul qildim. Lekin kelin bilan gaplashmas edim. Qizim bilan chet elga ketishga to‘g‘ri keldi. Ketayotganimda kelinni birinchi marta ko‘rdim. O‘g‘lim va nevaralarim bilan telefonda video orqali gaplashardik, ularga sovg‘alar yuborib turardim. Bir kuni o‘g‘lim telefon qildi “oyi, kvartira egasi narsalarimizni ko‘chaga otib bizni haydavordi”, dedi. Ikki oyga deb uyimni so‘radi, mayli yashab turaver, dedim. Chet elda yashashim uchun ham pul kerak edi, shuning uchun uyimga ijarachi qo‘yib ketgandim. Ijarachilarni chiqarib, ularni uyimga kirgizdim, shu bilan uyda qolib ketishdi.

Qizimning o‘qishi uchun u bilan chetga ketgandim, 2 yildan keyin, 2021 yilda qaytishga to‘g‘ri keldi. Kelganimdan keyin bir haftacha kelin yaxshi bo‘ldi, bir haftadan keyin “uyni sotasan, uyga “kliyent” topib qo‘ydim, Sergelidan qurilmagan uylardan olib berasan”, deb turib oldi. Uyni borib ko‘rdim, uy hali bitmagan. Men yo‘q deb turib olganimdan keyin janjallar boshlanib ketdi. Kelinning niyati meni uysiz qoldirish edi. Urushganda ochiqchasiga “ 5 yil kvartirada turdim, qasdimni sendan olaman”, deb aytdi.

O‘zingizning boshingizga tushsa yomon ekan, shu yoshimda kelinning zulmini ko‘rdim. Dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Lekin sudda haqiqat qaror topdi, kelin uydan chiqib ketishi uchun sud 1 oy muhlat berdi. Lekin chiqib ketmadi, hali ham uyimga kira olmayapman.

O‘g‘limga yomon tarbiya berdim deya olmayman. Biz ahil, sirdosh edik, aldandimi, adashdimi, bilmayman. Xorijdan kelganimdan keyin umuman o‘zgarib qoldi. Men bilan urushmadi, hech narsa demadi, lekin himoya ham qila olmadi.

Ayollar jamiyatga qaytgach, dovdirab qolishi kerak emas”

Markaz rahbari Muqaddam Rasulova bu yerga olib kelingan ayollar bilan qanday ishlanishi haqida gapirib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda ayolning psixologik holati yaxshilanadi.

“Markazga kelganidan keyin bir haftagacha u bilan gaplashmaymiz. O‘ziga kelganidan keyin suhbat o‘tkaziladi. Birinchi suhbatdayoq muammolarini aytib berib olmaydi. Huquqshunos va psixolog suhbatidan keyin unga reabilitatsiya dasturi ishlab chiqiladi. Bu dastur nazoratga olinadi va ayol bilan shartnoma tuzamiz. Avval bu shartnoma 1 oyga tuziladi, keyinchalik uning muammolari 1 oyda yechilmasa, muddatni yana uzaytirib boramiz.

Bu yerda ularni issiq ovqat, yotoq bilan ta’minlaymiz. Ayol markazda 5-6 oygacha yashashi mumkin, bu davrda psixolog u bilan doimiy ishlamaydi. 6 oydan keyin ayol baribir jamiyatga qaytishi kerak. Yo oilasiga qaytadi, yoki ajrashishni xohlaydi. Shu masalada bir necha yo‘nalishlarda o‘zimizda kasbga yo‘naltirish bo‘yicha kurslarini yo‘lga qo‘ydik. Bunda har bir hudud xususiyatidan kelib chiqamiz – masalan, Xorazmda gilamchilik, Toshkentda ayti kurslari. Agar ayolning o‘zida biror ishi yoki kasbi bo‘lsa, ularni ishga joylashtirish masalasi ustida ham ishlaymiz. U ertaga jamiyatga chiqqanidan keyin dovdirab qolishi kerak emas, u hayotini davom ettira olishi kerak”, – deydi Muqaddam Rasulova.

Madina Ochilova tayyorladi.

Mavzuga oid