Jahon | 19:56 / 13.10.2024
1962
2 daqiqa o‘qiladi

Venesuela hukumati jurnalistlarning xorijga chiqish pasportlarini tortib olayotgani ma’lum bo‘ldi

Nikolas Maduro prezidentlik saylovlarida g‘alabaga erishganini e’lon qilganidan keyin o‘nlab jurnalist va faollarning xorijga chiqish pasportlari bekor qilingan.

Venesuela hukumati Nikolas Maduro saylovlarda g‘alabaga erishganini e’lon qilganidan keyin o‘nlab jurnalist va faollarning xorijga chiqish pasportlarini bekor qildi. Bu haqda Karakasdagi Laboratorio de Paz inson huquqlari himoyasi guruhiga tayanib, Financial Times xabar berdi.

Qayd etilishicha, kamida 40 nafar insonning pasportlari olib qo‘yilgan — ularning aksariyati jurnalistlar va huquq himoyachilaridir. Xorijga chiqishga ruxsat beradigan hujjatlar hech bir izohlarsiz bekor qilingan. Mamlakatning asosiy aeroportida uchishga uringan insonlarning pasportlari olib qo‘yilgan.

Huquq himoyachilarining aytishicha, pasportlari bekor qilingan fuqarolar soni oshib borishi mumkin.

«Hukumat siyosiy qiymati qimmatga tushadigan qotillik yoki qiynoqlar o‘rniga pasportlarning bekor qilinishi tanqidiy ovozlarni minimal sa’y-harakatlar bilan zararsizlantirish va bostirishning samarali usuli deb hisoblagan ko‘rinadi», — deyiladi xabarda.

Venesuelada prezidentlik saylovlari 28 iyul kuni bo‘lib o‘tgandi. Mamlakat hukumati nazoratidagi saylov komissiyasining ma’lum qilishicha, avvalroq mamlakatni ikki muddat prezidentlik lavozimida boshqargan Maduroni saylovchilar 51,2 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Biroq xalqaro kuzatuvchilarga saylovlarda ishtirok etishiga ruxsat berilmagan.

Muxolifatga ko‘ra, ovozlar adolatli sanalganda Gonsales taxminan 67 foiz ovoz bilan saylovda g‘alaba qozonishi kerak edi. Maduroning raqiblari Venesuela bo‘ylab to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov uchastkalaridan olingan byulletenlarning 80 foizdan ortig‘ini e’lon qildi. Saylovdan oldingi so‘rovlar ham Maduroning mag‘lubiyatini bashorat etgan edi. Xalqaro tanqidlar va muxolifatning ovoz berish jarayonlariga ta’sir ko‘rsatilgani borasidagi ayblovlariga qaramay, Nikolas Maduro prezident etib saylandi. AQSh va Yevropa Ittifoqi Maduroning legitimligini qabul qilishdan bosh tortdi, mamlakatda esa ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi.

Mavzuga oid