Jahon | 22:39 / 16.10.2024
8507
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR matbuoti armiyaga qo‘shilish uchun 1,4 million ariza tushganini xabar qildi

Ko‘ngillilar Janubiy Koreya bilan munosabatlardagi «urushga to‘la keskin vaziyat» fonida KXDR armiyasiga qo‘shilish yoki qaytish istagini bildirgan.

Foto: KCNA

1,4 millionga yaqin yoshlar «muqaddas urush»da ishtirok etish va «dushmanni inqilob qo‘li bilan yo‘q qilish» maqsadida ikki kun, 14 va 15 oktyabr kunlari KXDR armiyasiga qo‘shilish yoki qaytish uchun ariza topshirdi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi (KMTA) va «Koreya ovozi» radiostansiyasiga tayanib Reuters xabar berdi.

KMTA ma’lumotlariga ko‘ra, «Yoshlar ittifoqi» xodimlari, ishchi va talaba yoshlar vakillari Janubiy Koreya bilan munosabatlardagi «urushga to‘la keskin vaziyat» fonida KXDR armiyasiga qo‘shilish yoki qaytish istagini bildirgan. «Urush bo‘lgan taqdirda Koreya Respublikasi (Janubiy Koreya) yo‘q qilinadi», deyiladi KMTA bayonotida.

«Koreya Ovozi» davlat radiostansiyasi ham Shimoliy Koreyada harbiy mojaroga tayyor bo‘lganlar soni vaqt o‘tgan sayin ortib borayotgani haqida xabar berdi.

«Butun mamlakat KXDR muqaddas suvereniteti va xavfsizligini buzgan Janubiy Koreya qabihlarini shafqatsizlarcha yo‘q qilishga intilmoqda», deyiladi radiostansiya xabarida.

Reuters axborot agentligining yozishicha, bunday ritorika Janubiy Koreya Pxenyan osmonida dronlarni uchirgani haqidagi ayblovlardan keyin paydo bo‘lgan. 11 oktyabr kuni KXDR TIV dronlar kechasi va o‘tgan hafta Shimoliy Koreya poytaxti uzra uchib o‘tib, hukumatga qarshi tashviqot varaqalarini tarqatganini ma’lum qildi. Agentlik ularning Seul tomonidan uchirilishini javob choralarini talab qiladigan bosqinchilik deb atadi.

O‘z navbatida Janubiy Koreya bosh shtabi KXDR tomonidan qo‘yilgan ayblovlarni tasdiqlay olmasligini ma’lum qilib, Pxenyanning Janubiy Koreya hududiga chiqindi to‘ldirilgan havo sharlarini uchirish amaliyotini eslatdi.

Mavzuga oid