Jahon | 19:02 / 16.10.2024
6443
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning bir qator hududlarda migrantlar mehnatiga yangi cheklovlar o‘rnatildi

Irkutsk va Omsk oblastida migrantlar mehnatiga qator taqiqlar joriy etildi.

Foto: Kommersant’

Rossiya hududlarida iqtisodiyotning bir qator tarmoqlarida migrantlarni ishga joylashtirish bo‘yicha yangi taqiqlar qo‘yildi.

Jumladan, Irkutsk oblasti gubernatori Igor Kobzev bir qator muhim tarmoqlarda mehnat patentiga ega xorijiy fuqarolarning ishlashini taqiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu o‘zgarishlar 2025 yilda kuchga kiradi va yo‘lovchi tashish, savdo va ta’lim kabi sohalarni qamrab oladi.

Xuddi shunday cheklovlar Omsk oblastida ham e’lon qilindi. Gubernator qaroriga ko‘ra, migrantlarning taksi, muntazam yo‘lovchi tashish, oziq-ovqat va spirtli ichimliklar savdosi, shuningdek, o‘rmon xo‘jaligi va dori-darmon ishlab chiqarish kabi sohalarda ishlashi taqiqlandi.

Shu bilan birga, Sankt-Peterburg migrantlarga transport sohasida ishlashni taqiqlashni taklif qilgan tashabbusni qo‘llab-quvvatlamadi. Transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiya a’zolari bunday choralar ko‘plab xorijliklar ishlayotgan shahar korxonalari ishiga zarar yetkazishi mumkinligini ta’kidladi. Biroq, ushbu qonun loyihasi 2024 yil noyabr oyida parlament quyi palatasida muhokama qilinadi.

Avvalroq, o‘ndan ortiq oblastlar, jumladan, Novosibirsk, Samara, Tula, Magadan va Chelyabinskda xorijlik fuqarolar mehnatiga taqiq joriy qilingan edi. Bu chora-tadbirlar 22 mart kuni «Krosus Siti Xoll» konsert zalida Tojikiston fuqarolari ayblangan teraktdan keyin kuchaytirildi.

Bundan tashqari, Rossiyaning ayrim hududlarida migrantlar mehnati taqiqlangan sohalarda ularni ishga olganlik uchun katta miqdorda jarimalar joriy qilingan. Yuridik shaxslar million rublgacha, mansabdor shaxslar 50 ming rublgacha, migrantni yollagan jismoniy shaxslar esa 4 ming rublgacha jarimaga tortilishi mumkin.

Mavzuga oid