“Askarlarning o‘liklarini tashidim” - Rossiya armiyasiga yollangan yana bir o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi
Bulung‘urlik 56 yoshli shaxs Rossiya fuqaroligini olish uchun ushbu davlatning Toshkent shahridagi elchixonasiga murojaat qilgan. Elchixonada ko‘rsatilgan yo‘l-yo‘riq asosida Chelyabinsk viloyatiga borib, Rossiya fuqaroligini olgan erkak ko‘p o‘tmay Ukrainaga qarshi urushga jalb etilgan. 2023 yil oktyabrida Donetsk viloyatida ularga Ukraina harbiylari dronlardan granatalar bilan hujum qilgan. U granata “oskolka”lari tegishi oqibatida o‘ng va chap oyoq tizza sohalari hamda qo‘llaridan yaralangan.
Rossiya armiyasiga yollangan o‘zbekistonlik erkakka hukm o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida yashovchi, 1968 yilda tug‘ilgan Sh.J. 2023 yil avgust oyida Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari safiga yollangan. U 2023 yil 28 avgustdan 11 oktyabr kuniga qadar Donetsk va Luhansk viloyatlarida Ukraina davlatiga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etib kelgan.
Sh.J.ga Rossiya fuqaroligini olish uchun ushbu davlatning Toshkent shahridagi elchixonasidan “yo‘llanma” berilgan. Buni u suddagi ko‘rsatmasida aytib o‘tgan.
“2005 yildan buyon daromad orttirish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg va Moskva shaharlaridagi qurilish-ta’mirlash ishlarida elektrik bo‘lib ishlab kelaman. Bu davr mobaynida hujjatlarni rasmiylashtirishda ko‘plab qiyinchiliklarga uchradim. Shu sababli 2023 yil aprel oyida, O‘zbekistonda bo‘lgan paytim Rossiya Federatsiyasining Toshkent shahridagi elchixonasiga murojaat qildim. U yerda menga Chelyabinsk viloyatiga borishimni aytib, ushbu joyda Rossiya fuqaroligiga o‘tish masalasi ko‘rilishi to‘g‘risida yo‘llanma berishdi.
Chelyabinsk viloyatiga bordim va SSSR davrida tug‘ilganim uchun Rossiya fuqaroligini oldim. 2023 yilning 28 avgust kuni Sankt-Peterburg Mudofaa ishlari boshqarmasiga hisobga qo‘yish uchun borganimda, ular Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlariga harbiy xizmatga kirishi uchun shartnomaga qo‘l qo‘ydirib olishdi. Ushbu shartnomani o‘qib ham ko‘rishga ulgurmadim.
Shundan so‘ng Rossiya mudofaa vazirligi xodimlari meni harbiy o‘quv poligoniga olib bordi va harbiy kiyim-kechak kiydirib, qurol berishdi. So‘ngra meni va boshqalarni 1 oy harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazishdi.
Harbiy tayyorgarlikdan keyin bizlarni Donetsk viloyatiga, Rossiya va Ukraina davlatlari o‘rtasida harbiy to‘qnashuvlar bo‘layotgan joyga yuborishdi. Harbiy harakatlarda Rossiya tomonidan egallab olingan hududlarda qo‘riqlash xizmatini olib bordik. Shuningdek, egallangan hududlarda vafot etgan harbiy xizmatchilarning o‘liklarini tashish ishlari bilan shug‘ullandik”, degan erkak o‘z ko‘rsatmasida.
Sh.J.ning qo‘shimcha qilishicha, 2023 yil oktyabr oyida Donetsk viloyatida ularga Ukraini harbiylari dronlardan foydalangan holda granatalar bilan hujum qilgan. U granata “oskolka”lari tegishi oqibatida o‘ng va chap oyoq tizza sohalari hamda qo‘llaridan yaralangan. Shundan so‘ng u Sankt-Peterburg shahridagi harbiy gospitalga joylashtirilgan. Davolanib chiqqanidan keyin esa ma’lum muddat Rossiya davlatida ishlab kelayotgan o‘g‘li bilan yashagan. 2024 yilning 25 aprel kuni ota va o‘g‘il O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Sud hukmi bilan Sh.J. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Oldinroq “Vagner”ga yollanib, harbiy harakatlarda qatnashgan namanganlik yigit 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
21:00 / 12.11.2024
Rossiyada migrantlar uchun uy-joy ijarasi qoidalari kuchaytiriladi
18:09 / 12.11.2024
Polsha Bosh shtabi boshlig‘i Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi
16:07 / 12.11.2024