O‘zbekiston | 22:14 / 19.10.2024
9284
4 daqiqa o‘qiladi

“Pora olish kamayib, budjet mablag‘larini talon-toroj qilish ortgan” - Akmal Burhonov

O‘zbekistonda amaldorlarning pora berishi va olishi keskin kamaygan, lekin budjetni talon-toroj qilish va vakolatini suiiste’mol qilish holatlari ko‘paygan. Aksilkorrupsiya agentligi korrupsionerlarga sudda yengillashtiruvchi choralar qo‘llashni taqiqlashni taklif qilmoqda. “Masalan, pora olish uchun 10 yil qamoq jazosi berilsa, jinoyatchi shu jazoni 10 yil to‘liq o‘tashi belgilanmoqda”, dedi agentlik direktori.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

O‘zbekistonda amaldorlarning pora berish va pora olish jinoyati kamayib, budjet pullarini talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilishi holatlari ko‘paygan. Bu haqda 17 oktyabr kuni o‘tkazilgan IV Toshkent aksilkorrupsiya forumidan so‘ng jurnalistlarga intervyu bergan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz.

Burhonovning qayd etishicha, statistikaga ko‘ra, 2019 yilga qadar pora berish va pora olish aksariyat jinoyatlarni tashkil qilgan.

“Bugungi kunga kelib esa mansabdor shaxslar tomonidan pora berish va olish jinoyatlari keskin kamaygan, bu 10 foiz ham chiqmaydi. Lekin afsuski, korrupsiyaning yangi turlari – davlat budjeti mablag‘larini talon-toroj qilish, firibgarlik, ya’ni mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi jinoyatlar, aksincha, ko‘paygan”, – dedi agentlik direktori.

Uning izohlashicha, poraxo‘rlik jinoyatlarining kamaygani davlat xizmatlarining raqamlashtirilgani bilan bog‘liq. Hozirda fuqarolar onlayn, ya’ni inson omilisiz 400 dan ortiq davlat xizmatlaridan foydalanmoqda, dedi Akmal Burhonov.

“Korrupsion jinoyatlar statistikasini ko‘radigan bo‘lsak, 2022 yilda 6 mingdan ortiq holat sodir etilgan. 2023 yilda bu jinoyatlar 12 foizga kamaygan. 10 yil oldin ham, 5 yil yo 3 yil avval ham mansabdor shaxslar korrupsion jinoyatga qo‘l urishgan hamda ularga nisbatan belgilangan tartibda jazo muqarrarligi ta’minlangan. Ammo oldinlari yuqori darajadagi mansabdorlarning korrupsiyaga qo‘l urgani ko‘pincha jamoatchilikka e’lon qilinmas edi. Bugun har bir korrupsion jinoyat u kim bo‘lishidan yoki mansabdor shaxsning darajasidan qat’iy nazar ommaga oshkor qilinyapti”, – deya qo‘shimcha qildi u.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Aksilkorrupsiya agentligi rahbariga ko‘ra, 2024 yil iyun oyida prezident tomonidan imzolangan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi ham mansabdor shaxslar orasida nepotizm, tanish-bilishchilik, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yishning oldini olishga qaratilgan juda katta chora hisoblanadi.

“Bu qonun kuchga kirganidan keyin amaliyotga joriy etilsa, yuqori darajali davlat xizmatchilari orasida korrupsiya keskin kamayadi”, – dedi Akmal Burhonov.

Antikorrupsiya agentligi direktori Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish maqsadida qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini ta’kidladi. Loyihada korrupsiyaga qo‘l urgan shaxslarga yengillashtiruvchi choralarning qo‘llanilmasligi taklifi ham bor.

“Masalan, pora olish jinoyati uchun 10 yil qamoq jazosi berilsa, jinoyatchi shu jazoni 10 yil to‘liq o‘tashi belgilanmoqda. Shuningdek, korrupsiyaga qo‘l urgan shaxslar qayta davlat xizmatiga qabul qilinmasligi to‘g‘risida ham yangi norma kiritilmoqda”, – dedi u.

Avvalroq korrupsiyaga qo‘l urgan 566 nafar shaxs davlat ishiga qaytadan kirib, yana korrupsiyaga qo‘l urgani ma’lum qilingandi. Burhonov parlamentdagi chiqishida korrupsionerlarning ochiq reyestrini tuzib, ularga nisbatan qator taqiqlarni joriy etish haqidagi qonun loyihasi sentabr oyi oxirigacha Qonunchilik palatasiga kiritilishini aytgandi.

Mavzuga oid