Jahon | 16:32 / 19.10.2024
15721
2 daqiqa o‘qiladi

«Hizbulloh» dronlaridan biri Netanyahuning uyini nishonga oldi

Livandan uchirilgan uchuvchisiz qurilma Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Kesariyadagi shaxsiy uyini nishonga olgan. Bosh vazir ofisi Netanyahu va uning oila a’zolari uyda bo‘lmaganini bildirdi. Uchuvchisiz qurilmaning bunday masofagacha uchib kelishi Isroil xavfsizlik tizimida “o‘ta jiddiy xatolik” sifatida ko‘rilmoqda.

Foto: Jack GUEZ / AFP

19 oktabr kuni erta tongda “Hizbulloh” harakati Livandan uchirgan 3 ta dronning 2 tasi Isroil armiyasi tomonidan urib tushirilgan. 1 ta dron Isroilning O‘rta yer dengizi sohilida joylashgan Kesariya shahriga uchib kelgan. Portlagan uchuvchisiz qurilma bosh vazir Binyamin Netanyahuning shaxsiy uyini nishonga olgan.

Bosh vazir ofisining xabariga ko‘ra, Netanyahu va uning rafiqasi bu vaqtda uyda bo‘lmagan. Jabrlanganlar haqida xabar berilmagan, rezidensiyaga qanchalik zarar yetgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.

Ma’lum qilinishicha, Isroilning ko‘plab millionerlari va siyosatchilar yashaydigan bu hududda havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar yangramagan. lekin, uninga qo‘shni rayonlardan sirena chalingan.

“Hizbulloh” xavfni aniqlashni qiyinlashtirish va chalg‘itish uchun birdaniga bir nechta hududlarga dron bilan hujum qilmoqda.

Al-Jazeera nashriga ko‘ra, dronga qulagan hudud harbiylar tomonidan o‘rab olingan va ma’lumotlarni tarqatish uchun jiddiy senzura qo‘llanilmoqda.

Isroil Mudofaa vazirligi Livandan uchirilgan dron tufayli o‘z ogohlantirish tizimining bir nechta nosozliklarni aniqlagan. Shuningdek, voqea xavfsizlik tizimida “o‘ta jiddiy xatolik” sifatida ko‘rilib, tergov jarayonlari boshlangan.

Kesariyadagi rezidensiyasiga qilingan hujumdan so‘ng Netanyahu ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilib, uni “hech narsa to‘xtata olmasligini” va Isroil “bu urushda g‘alaba qozonishini” ta’kidlagan.

Shuningdek, tarmoqlarda Isroil harbiy vertolyoti yonidan uchib o‘tib ketayotgan Hizbulloh droni videosi tarqaldi.

Mavzuga oid