Jahon | 20:27 / 20.10.2024
27212
13 daqiqa o‘qiladi

Tasodifan halok bo‘lgan. Hamas rahbari o‘limi tafsilotlari haqida yana nimalar ma’lum?

G‘arb davlatlari rahbarlari endi Yaqin Sharqda o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod etish bo‘yicha muzokaralar uchun yangi imkoniyat paydo bo‘ldi deb hisoblamoqda. Sinvarning o‘rniga kim kelishi hozircha noaniq - bu uning Hamas harbiy qanotiga rahbarlik qilayotgan ukasi yoki Qatardagi siyosiy yetakchilardan biri bo‘lishi mumkin.

Foto: Mohammed Saber / EPA / Scanpix / LETA

O‘tgan vaqt mobaynida Yahyo Sinvar asosan G‘azo sektori ostidagi tunnellarda, tan soqchilar guruhi himoyasida, Isroilda garovga olinganlarni jonli qalqon qilgan holda yashiringani aytib kelingandi.

Yakunda esa Sinvarning o‘limi G‘azo janubida isroillik harbiylar patruli bilan tasodifiy to‘qnashuv vaqtida ro‘y berdi. Bu vaqtda Sinvarga faqat ikki kishi hamrohlik qilgan, atrofda esa garovdagilar bo‘lgani belgilari yo‘q.

Sinvarni bir yildan ortiq vaqt behuda qidirishdi — yakunda esa tasodifan o‘ldirishdi

Isroil qo‘mondonligi Sinvar halok bo‘lgan joyda

Isroil hukumati urushning ilk kunlaridan ochiqchasiga Sinvarni G‘azo sektoridagi asosiy nishoni sifatida e’lon qilgandi. Isroil mudofaa armiyasidagilar uni «tirik jasad» deb atashgan va xoh tirik, xoh o‘lik topilmagunicha unga ov to‘xtamasligini qayd etishgandi.

CNN telekanalining amerikalik rasmiylar orasidagi manbalariga ko‘ra, isroillik harbiylar Sinvarni tutishga bir necha marta juda yaqin kelishgan. Bir safar ularning qo‘liga Hamas rahbari va uning oila a’zolari tunnellardan birida yashiringani aks etgan video ham kelib tushgan. Boshqa safar esa Sinvarga oid DNK belgilarini keyinroq avgust oyi oxirida garovdagi olti kishi jasadi topilgan tunnelda, o‘sha joydan bir necha yuz metr masofada uchratishgan.

Sinvar 16 oktyabr kuni G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida olib borilgan kundalik reydlardan biri vaqtida halok bo‘ldi. CNN telekanalining Isroildagi manbasiga ko‘ra, 828-brigada harbiylari atrofdagi binolardan biri tomon yugurayotgan uch kishini payqab qolib, o‘t ochgan va o‘rtada otishma boshlangan. Isroilliklar tankdan ular yashiringan binoni o‘qqa tutgan, shundan keyin vayron bo‘lgan bino ichkarisiga dron uchirilgan. Uchuvchisiz uchar qurilma yarodor Sinvar hayotining oxirgi lahzalarini videoga olgan: u xarobalar orasida stulda o‘tirgan, o‘ng qo‘li jiddiy yaralangani uchun chap qo‘li bilan dron tomonga yog‘och parchasini uloqtirgan. Shundan keyin video uziladi.

Avvaliga Isroil mudofaa armiyasi u tank zarbasi oqibatida halok bo‘lganini aytishdi, keyinroq Isroil Milliy sud-tibbiyot markazi bosh patologoanatomi, jasadni ochib ko‘rgan Xen Kugel, Sinvarda boshqa og‘ir jarohatlar bo‘lsa-da, uning o‘limiga aynan boshidagi o‘q sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Kugel o‘z xulosasida jasadni tekshirishga asoslangan tahlilga tayanganini aytdi. «Bu men jasadda topganlarimga asoslanadi», dedi Kugel. «Uning boshqa jarohatlari ham bor, masalan, snaryad bo‘lagidan yelka jarohati, chap oyog‘iga tosh tushishi oqibatidagi jarohat, ko‘kragiga qadalgan ko‘plab mayda bo‘laklar. Ular jiddiy zarar yetkazgan, ammo o‘lim sababi — boshga o‘qotar quroldan yetkazilgan jarohat», — deya qayd etgan mutaxassis.

Voqea joyida olingan kadrlarda ham Sinvarning boshida katta jarohat paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Sinvar o‘limining taxminiy vaqti haqida so‘ralganda, Kugel 16 oktyabr kuni kechqurun, ehtimol, jasad tekshiruvga keltirilganidan 24 soat oldin bo‘lganini aytdi.

CNN xabariga ko‘ra, Sinvarning jasadi Isroilda maxfiy joyda saqlanmoqda va rasmiylar uni garovdagi isroilliklarga almashishni ma’qul ko‘rmoqda.

Barmog‘i eskpertizaga yuborilgan

Bu urush doirasidagi odatiy otishma edi va falastinliklarning barchasi halok bo‘lganiga ishonch hosil qilgach, harbiylar to‘qnashuv joyini tark etadi va bu yerga faqat keyingi kuni qaytib keladi.

Aynan o‘shanda qurbonlarning jasadlarini ko‘zdan kechirish chog‘ida ulardan biri Hamas yetakchisiga juda o‘xshash ekanini sezib qolishadi.

Harbiylar qopqon-mina xavfi tufayli uning jasadiga teginishmaydi, ammo uning barmog‘ining bir qismini ekspertiza uchin Isroilga yuborishadi.

Keyinroq, xavfsizlik bo‘yicha barcha normalar bajarilgach, uning jasadi Isroilga olib ketiladi.

Uning shaxsini tasdiqlash uchun bir necha soat vaqt ketadi, bu vaqt mobaynida tishlar, barmoq izlari va DNK tahlillari o‘tkaziladi.

Isroillik harbiylar Hamas rahbari o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida birinchi marta payshanba kuni kunduzi xabar qilishadi, kechga borib esa TsAHAL «Yahyo Sinvar yo‘q qilingani»ni rasman e’lon qiladi.

Isroillik harbiylarga ko‘ra, uning yonidan avtomat va 10 ming dollar qiymatidagi Isroil shekellari chiqqan.

Sinvarning o‘limi yuzasidan izohida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu «yovuzlikka zarba berilgani»ni aytadi, ammo G‘azodagi urush hali yakunlanmaganidan ogohlantiradi.

«Sinvar qochib yurgan vaqtida ov qilindi. U qo‘mondon sifatida emas, faqat o‘zi haqida qayg‘uradigan odam sifatida halok bo‘ldi. Bu barcha dushmanlarimizga aniq signal degan», — Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant.

Halqa torayib borgan

Isroil harbiylari muntazam ravishda G‘azoning vayron bo‘lgan hududlarida patrullik qilib keladi

Isroil mudofaa armiyasi rasmiy vakili Daniel Hagari o‘z bayonotida isroilliklar patruli bilan to‘qnashuv vaqtida Sinvarning yonida deyarli qo‘riqchilari bo‘lmaganiga e’tibor qaratgan.

Isroil qo‘mondonligi fikricha, bu guruh yoki sezdirmasdan harakat qilgani yoki Sinvarning atrofidagilar katta yo‘qotishga uchragani bilan izohlanishi mumkin.

Sinvar jonli qalqon sifatida foydalanib kelgani aytilgan garovdagilar otishma joyida bo‘lmagan.

Shu bilan birga, Sinvar maqsadli amaliyot davomida yo‘q qilinmagan, TsAHAL esa razvedka ma’lumotlari u bir necha hafta davomida mazkur hududda bo‘lganini ko‘rsatgani va harbiylar aynan shu hududda harakatlangani bejiz emasligini iddao qilgan.

Aytilishicha, Isroil kuchlari Sinvarni qidirish radiusini Rafahning janubiy hududlariga qadar toraytirgan va asta-sekinlik bilan uning joylashuv manzili tomon yaqinlashgan.

Sinvar bir yildan ortiq vaqt davomida qidirilayotgandi. Shubhasiz, uning o‘zi ham Isroil bosimi ortayotganini his qilgan. Bungacha bir necha oy ichida Isroil Hamasning Muhammad Deyf va Ismoil Haniya kabi yetakchilarini topib yo‘q qilgandi.

Bundan tashqari, Isroil izchillik bilan harakat vakillari boshpana uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan infratuzilmalarni vayron qildi.

TsAHAL bayonotida so‘nggi haftalarda sektor janubida o‘tkazilgan amaliyotlar «Yahyo Sinvarning operativ harakatlarini cheklagani» aytilgan.

G‘arbdagilar Sinvarning o‘limi sulh tuzish uchun yangi imkoniyat, deb hisoblamoqda

Tel-Aviv markazida Yahyo Sinvar aks etgan ulkan bannerda isroilliklar asosiy dushmanga qarshi jipslashishga chaqirilgan

Sinvar yo‘q qilinishi Isroilning 7 oktyabr voqealaridan keyingi asosiy maqsadlaridan biri edi. Ammo uning o‘limi G‘azodagi urush yakunini anglatmaydi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 17 oktyabr kuni millatga murojaatida amaliyot hamon Hamas qo‘lida qolayotgan garovdagilar to‘liq ozod etilgunicha davom ettirilishini ma’lum qilgan.

«Men garovdagilarning oila a’zolariga aytaman: bu urushdagi muhim palla. Sizning yaqinlaringiz uyga qaytmagunicha, biz to‘liq kuch bilan davom etamiz»,— degan Netanyahu. U agar terrorchilar qurollarni tashlab, garovdagilarni qo‘yib yuborsa, «urush ertagayoq tugashi mumkinligi»ni ta’kidlagan.

Garovdagilarning qarindoshlari esa Sinvarning o‘limidan keyin Netanyahu, nihoyat asirlar qaytarilishi evaziga o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishiga umid qilmoqda.

AQSh va Yevropadagilar ham o‘t o‘chishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imkoniyati haqida aytishmoqda. «Oldinga [sulh tomon] harakatlanish vaqti keldi», — degan AQSh prezidenti Jo Bayden Berlinga tashrifi vaqtida. Germaniya kansleri Olaf Shols ham shunga o‘xshash bayonot bergan: «Umid qilamanki [Sinvarning o‘limi bilan], o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azodagi garovdagilarni ozod etish bo‘yicha kelishuv uchun aniq istiqbollar ochildi».

Financial Times amerikalik anonim diplomatga tayanib xabar qilishicha, AQShda Sinvarning o‘limidan keyin yangi tashabbusni muhokama qilish boshlangan, uning doirasida garovdagilar ozod etilishi evaziga Isroil ularni qo‘yib yuboradigan Hamas jangchilari xavfsizligiga kafolat berib,  o‘z hujumlarida «pauza» qilishga rozi bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Hamas ham 18 oktyabr, juma kuni Sinvarning o‘limini tasdiqladi va tashkilot yetakchilari o‘limi Falastin xalqining qarshilik harakatiga yakun yasamasligiga ishontirdi. Unda aytilishicha, guruhning butun tarixi davomida uning yetakchi arboblariga har bir suiqasddan keyin guruh faqat kuchayib borgan.

«Ha, sevimli insonlarimizni, ayniqsa, yetakchilarimizni yo‘qotish og‘riqli va qayg‘uli, ammo biz shunga aminmizki, oxir-oqibat g‘olib bo‘lamiz — o‘z ozodligi uchun kurashuvchilarning barchasi uchun yakun shunday bo‘lishi lozim», — deyilgan bayonotda.

G‘azo sektorida Sinvarning o‘limi bo‘yicha fikrlar qarama-qarshiligi kuzatilmoqda, deya yozadi mahalliy aholi vakillari bilan gaplashgan The New York Times jurnalistlari. Ko‘plar uni shahid deb hisoblayotgan bir mahalda, urush boshlanishiga Isroilga qilingan hujum sabab bo‘lganini keltirib, uning o‘limini olqishlayotganlar ham topiladi. «U urush boshlab bizni tahqirladi, endi biz uysiz, suvsiz, yeguliksiz va pulsiz qoldik», — degan NY Times bilan suhbatda g‘azoliklardan biri va Sinvarning o‘limini «hayotidagi eng yaxshi kun» deb atagan.

Ayrim ekspertlar Sinvarning o‘limi Hamas uchun «falokat» bo‘lishi mumkinligini aytmoqda

Hamas rahbarligida Sinvar o‘rniga kim kelishi mumkinligi hozircha noma’lum. «Al-Jazira» ehtimoliy nomzodlar nomini keltirgan, ular orasida guruhning siyosiy qanotiga 1996 yildan 2007 yilgacha rahbarlik qilgan Xolid Mashal, Hamas asoschilaridan biri va 1992 yildan 1996 yilgacha unga rahbarlik qilgan Muso Abu Marzuq, shuningdek, Yahyoning ukasi, guruh harbiy qanoti rahbari Muhammad Sinvar bor.

Ko‘plab tahlilchilar Sinvar o‘ldirilishi guruh faoliyatida markazsizlashuv va parchalanishga olib kelishi mumkin deb hisoblaydi. Bu holda Qatardagi Hamas siyosiy rahbariyati hamda G‘azodagi harbiy qo‘mondonlik bir-biridan mustaqil bo‘lib qoladi.

«[Yangi rahbarlar] Sinvar tutgan liniya bo‘yicha o‘z shartlarini yumshatishga tayyor bo‘lishi mumkin, ammo bu faqat ma’lum darajagacha — aks holda ular Hamasning haqiqiy rahbari bo‘la olmaydi», — degan Financial Times nashriga Ramallohdagi tahlil markazlaridan birining rahbari Ibrohim Dalalsha.

«Buni vaqt ko‘rsatadi, ammo men o‘ylaymanki, bu Hamasga halokatli zarba bo‘ldi, — deydi Politico nashriga terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha amerikalik ekspert Neytan Seyls. — Har safar terrorchilik tashkiloti boshlig‘ini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lganingizda, xoh u bin Lodin, xoh Bag‘dodiy bo‘lsin, bu uning imkoniyatlari va rejalarini sezilarli darajada o‘zgartiradi». Uning fikricha, Hamas misolida bu effekt katta ehtimol bilan kuchliroq bo‘ladi, chunki Sinvar guruhdagi barcha rejalashtirish va qaror qabul qilish vakolatlarini o‘z qo‘lida jamlagandi.

Mavzuga oid