Jahon | 22:13 / 21.10.2024
3313
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya qul savdosi uchun uzr so‘rashdan yoki tovon to‘lashdan bosh tortdi

Kir Starmer boshchiligidagi leyboristlar ma’muriyati bu mavzuni kun tartibiga olib chiqmaydi.

Kir Starmer / Foto: AP

Britaniya hukumati qul savdosi uchun tovon to‘lash bo‘yicha munozarani davom ettirish niyatida emas, dedi bosh vazir Kir Starmerning matbuot kotibi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Avvalroq, Karib havzasi hamjamiyatining reparatsiya komissiyasi (CARICOM) raisi Xilari Bekls Britaniyaning tovon to‘lash bo‘yicha pozitsiyasi yangi leyboristlar ma’muriyati tufayli o‘zgarishi mumkinligiga umid bildirgan edi. Biroq Starmer vakilining aytishicha, bu mavzu kun tartibida emas.

«Biz kompensatsiya to‘lamaymiz. Kechirim so‘rash bo‘yicha pozitsiya ham o‘zgarishsiz qolmoqda. Biz uzr so‘ramaymiz», dedi vakil.

Britaniyaning mustamlakachilik davri uch asrdan ortiq davom etgan. Uning mustamlakalari orasida zamonaviy Kanada, Hindiston, Janubiy Afrika, Misr va Karib dengizi orollari bor edi. Britaniya qul savdogarlari XVI asr o‘rtalaridan boshlab transatlantik savdoda eng muhim rollardan birini o‘ynagan va tez orada bu borada Ispaniya va Portugaliyani ortda qoldirgan. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, bir necha yuz yil davomida Yevropa mamlakatlari Afrika qit’asidan 20 milliondan ortiq odamni ko‘chirgan va keyinchalik ularni qullikka sotgan. Faqat 1807 yilda Britaniya parlamenti qul savdosini taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.

2023 yilda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish sobiq mustamlakachi davlatlarni qul savdosi uchun moliyaviy kompensatsiyalarni ko‘rib chiqishga chaqirgan edi.

 

Mavzuga oid