Jahon | 11:31 / 22.10.2024
6426
7 daqiqa o‘qiladi

Dramaga aylangan o‘lim: Isroil Sinvar jasadini tiriklarga almashmoqchi

Hamas lideri Yahyo Sinvarning o‘limi katta voqelik bo‘ldi. Isroilda uni harakatning oxirgi lideri deb atashyapti va Sinvardan keyin Hamas yana qayta to‘planib, avvalgi kabi katta kuchga ega bo‘lishiga shubha bildirishmoqda.

HAMAS lideri Yahyo Sinvarning o‘limi katta voqelik bo‘ldi. Isroilda uni harakatning oxirgi lideri deb atashyapti va Sinvardan keyin HAMAS yana qayta to‘planib, avvalgi kabi katta kuchga ega bo‘lishiga shubha bildirishmoqda.

G‘alaba?

Yahyo Sinvarning o‘limini Isroil hukumatida katta bayram o‘laroq qarshilashdi. Hamma kattalar bu o‘limga aloqador ekanini aytishga urindi. Hatto plyajlarda va jamoat joylaridagi karnaylarda Sinvar o‘lgani haqida bayramona e’lon qilishdi. E’lonlarda uni 7 oktyabrdagi hujum tashkilotchisi deb atashdi va bu haqiqat. Chindan Yahyo Sinvar 7 oktyabrdagi Isroilga hujumning eng tepasida turgan inson bo‘lgan. Abu Ibrohim (guruh ichida uni shunday atashadi) bu bir kunlik hujumga ikki yil tayyorlangan.

Biroq isroilliklar Netanyahu hukumati kabi Sinvarning o‘limini bayram qilishmadi. Masalan, o‘sha kungi gazetalar Sinvar o‘limidan ko‘ra ko‘proq 5 harbiy halok bo‘lganiga e’tibor qaratishdi. Bilasiz, Isroilda harbiylar o‘limi yoki asir tushishiga og‘riqli mavzu deb qarashadi. Axir 2011 yil birgina Gilat Shalit degan TsAHAL askariga 1027 nafar falastinlikni almashib yuborishgandi. Almashuvga qo‘yib yuborilganlarning 300 nafari bir umrlik qamoqqa hukm qilingani ham to‘sqinlik qilolmagan. Yahyo Sinvar ham ana o‘sha almashuv doirasida Falastinga qaytgandi.

Isroil rahbariyatining reaksiyasidan Sinvarning o‘limi Hamas ustidan qozonilgan g‘alaba deb qabul qilinayotganini sezish mumkin. Ammo bunday deyishga shoshmaslik kerak. Sinvardan keyin kim guruh tepasiga kelishi ham keyingi harakatlar qanday bo‘lishini belgilab beradi.

Jasadni almashishmoqchi

Esingizda bo‘lsa, Yahyo Sinvar o‘lgani haqida xabar bergan videomizda isroilliklar uning jasadini zambilga solib olib ketganiga e’tibor qaratgandik. Bekorga emaskan. Ma’lum bo‘lishicha, Isroil tomoni Hamas ga Sinvarning jasadini harakat qo‘lida qolayotgan isroillik asirlarga almashishni taklif qilgan. Bu haqda CNN isroillik manbalariga tayanib yozgan. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, isroilliklar Hamas ga asirlarni qaytarish Sinvar jasadini qaytarishning yagona sharti ekanini yetkazgan. Ammo CNN manbalari Sinvar jasadining qaytarilishi hamaschilar qayta jipslashishiga xizmat qilishidan xavotir bildirgan.

Shu o‘rinda asirlarni ozod qilish masalasida bir mulohaza paydo bo‘ladi. Isroil G‘azoning kulini ko‘kka sovurgan, Hamas ning barcha yetakchilari va qo‘mondonlarini yo‘q qilgan bo‘lsa-da, guruh qanday qilib axborot berishda, yangi rahbarlarni saylashda davom etayotgani jumboqligicha qoladi. Isroil G‘azoda butun bino qoldirmay hamma yerni yer bilan bitta qilib 101 asirni topa olmagani esa yanada ko‘proq savollarni paydo qiladi. Axir Isroil tomoniga ko‘ra, G‘azodagi tunellar yo‘q qilingan, Hamas harbiy qudrati parchalangan. Bunday bo‘lsa, asirlarni kim, qayerda yashirib o‘tiribdi?

Yangi lider kim?

Yahyo Sinvar o‘lganidan keyin Hamas lideri bo‘lish uchun 6 nafar nomzod borligi aytilgandi. Kutilganidek ulardan eng nomdori va guruh ichida obro‘si balandi Xolid Mash’al yangi lider bo‘ldi. Hozircha, bu haqda harakat rasman e’lon qilgani yo‘q, lekin Mash’al Sinvarning o‘limidan keyin e’lon qilgan murojaatida o‘zini guruh lideridek tutgan. U harakat tepasiga kelishi deyarli aniq.

Hamas lideri bo‘lish bu inson uchun yangilik emas. U 1996 yildan 2017 yilgacha Hamas siyosiy lideri bo‘lib ishlagan. Isroil bilan eng yirik asirlar almashish muzokaralariga bosh bo‘lgan. Turli nashrlarning yozishicha, Isroil uchun Sinvarning o‘rniga kelishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi nomzod aynan Xolid Mash’al. Chunki Qatarda yashaydigan bu siyosatchi Eron bilan yaqinlashishning radikal tarafdori emasligi aytiladi. Ya’ni, Mash’alning yangi lider bo‘lishi asirlarni ozod qilish borasida muzokaralarga yo‘l ochishi mumkin. Isroillik asirlar ozod qilinishi esa urush tugashiga olib keladi degani.

Sinvar va Tom Henks

Video oxirida Hamas lideri Yahyo Sinvarning o‘limi dunyoda qanday qarshilangani haqida ikki og‘iz. Davlatlar va rasmiy shaxslarning bu borada munosabatlari to‘g‘risi sariq chaqaga arzimaydi. Dunyodagi odamlar bu holatni qanday kutib olgani eng muhimi.

Isroil Sinvarning oxirgi lahzalari tasvirlangan videoni e’lon qilganini ko‘rdingiz. Aslida isroilliklar bu videoni e’lon qilishidan maqsadi eng katta dushmanimizning yetakchisini yo‘q qildik, deb maqtanish bo‘lgan. Ammo urush boshidan buyon axborot urushida mag‘lub bo‘layotgan Isroil bu videoni e’lon qilib chinakam xatoga yo‘l qo‘ydi deyish mumkin. Chunki oxirgi lahzasida chalajon holatda qo‘lidagi tayoq bilan dronni urishga uringan Yahyo Sinvar butun dunyoda shunchalik qahramonga aylanib ketdiki, hozir u 7 oktyabrda nimalar qilganini hech kim eslamaydi.

Futbol o‘yinlarida muxlislar uning suratini ko‘tarib qo‘shiq kuylashdi, Mag‘ribdagi bir maydonda Sinvar o‘tirganiga o‘xshash kursi qo‘yildi va u yerda odamlar og‘zini arab ro‘moli bilan bog‘lab, qo‘liga tayoq ko‘targan go‘yi rasm tushishmoqda.

Stiven Spilbergning ikkinchi jahon urushi haqida «Oddiy askar Rayanni qutqarish» degan filmi bor. 1944 yil Normandiyada bo‘lgan voqealar tasvirlangan bu filmda bosh rolni Tom Henks maromiga yetkazib ijro etgan. Eng dramatik epizodlardan birida Henks ijro etgan qahramon kapitan Jon Miller ustiga yurib kelayotgan va uni yanchib tashlashi muqarrar bo‘lgan tankka qarata chalajon holatda to‘pponchadan o‘q uzadi. Tarmoqda Sinvarning oxirgi lahzalari aynan mana shu epizodga o‘xshatilmoqda.

Isroil Sinvarning o‘limi haqida shunchaki yozma xabar berib qo‘yganida, dunyoda buni oddiy xabar deb o‘qib ketgan bo‘lishardi. Chunki Hamas hozir yetakchisining o‘limini dramalashtiradigan holatda emas. Ammo Isroil dushmanimni o‘ldirdim deb maqtanish asnosida Sinvarning o‘limini shunchalik dramaga aylantitrib yubordiki, bunaqasini faqat Stiven Spilberglar eplay olgan bo‘lardi...

O‘tkir Jalolxonov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Fahriddin Hotamov

Mavzuga oid