O‘zbekiston | 09:40 / 22.10.2024
6266
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent yana dunyoning havosi eng iflos shaharlari reytingida o‘nlikka kirdi

Ayni damda O‘zbekiston poytaxtida havo tarkibidagi PM2,5 zarrachalari miqdori JSST tasdiqlagan me’yordan qariyb 10 barobarga oshgan. Bunday nosog‘lom muhit barcha toifadagi insonlar salomatligi uchun xavf tug‘diradi.

Foto: Kun.uz

22 oktyabr kuni tongda Toshkent shahrida havo tarkibidagi PM2.5 zarrachasi JSST tasdiqlagan me’yordan qariyb 10 barobarga oshgan. Air Quality Index'ga ko‘ra, bu nosog‘lom havo muhiti hisoblanadi va barcha toifadagi insonlar salomatligi uchun xavf tug‘diradi.

Holat keyinroq, biroz yaxshilangan bo‘lsada, havo tarkibidagi PM2.5 zarrachasi soni yuqoriligicha qolmoqda.

Joriy yil sentabr oyida ham shaharda havo ifloslanish darajasi bir necha marta ortgandi. Kun.uz so‘roviga javoban Ekologiya vazirligi ifloslanish manbalari haqida ma’lumot bergan edi.

Vazirlikka ko‘ra, respublikada havoning chang bilan ifloslanishi tabiiy (quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar) va antropogen (transport, sanoat, qurilish tashlamalari) omillar bilan bog‘liq. Shuningdek, kuchsiz shamollar, harorat inversiyasi, atmosfera havosining turg‘unligi kabi sabablar ham atmosfera havosining tabiiy ifloslanishi uchun sharoit yaratadi.

Eslatib o‘tamiz, 29 sentabr soat kechki vaqtda Toshkent shahrida RM2,5 mayda dispersli zarrachalar konsentratsiyasi 166 mkg/m3 ni tashkil etib, xalqaro IQair ma’lumotlar bazasida dunyoda eng ifloslangan shaharlar reytingida 2-o‘rin deb e’lon qilingandi.

Mavzuga oid