Jahon | 09:10 / 22.10.2024
6201
2 daqiqa o‘qiladi

TsAHAL: «Hizbulloh» pullarini Livandagi shifoxona ostida yashirgan

Isroil mudofaa kuchlari vakiliga ko‘ra, «Hizbulloh» Bayrut janubidagi «Sahel» klinikasi ostidagi bunkerda yuzlab million dollarlarni yashirgan. Kasalxona direktori bu ayblovlarni rad etdi.

Foto: Hassan Ammar/AP Photo/picture alliance

Livandagi «Hizbulloh» harakati Bayrutdagi kasalxona ostidagi bunkerga yuzlab million dollar naqd pul va oltin yashirgan. Bu haqda 21 oktyabr, dushanba kuni Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) matbuot kotibi Daniel Hagariyga tayanib, Reuters va dpa xabar berdi.

U Livan hukumati va xalqaro tashkilotlarni «Hizbulloh»ning bu boyliklardan Isroilga qarshi terror va hujumlar uchun foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Hagariyning so‘zlariga ko‘ra, gap Bayrut janubidagi «Sahel» klinikasi haqida ketmoqda. Shu bilan birga TsAHAL vakilining aytishicha, Isroil shifoxonaga hujum qilish niyatida emas.

«Men ta’kidlamoqchimanki, biz Livan xalqi bilan urush holatida emasmiz», dedi u.

Livan televideniyesi shifoxona evakuatsiya qilingani haqida xabar berdi

Livan televideniyesining xabar berishicha, ehtiyot chorasi sifatida xodimlar va bemorlar shifoxonadan evakuatsiya qilinmoqda.

O‘z navbatida, klinika direktori Fadi Alame Isroilni tuhmatda ayblab, Livan armiyasini kasalxonaga kirishga hamda u yerda faqat bemorlar joylashgan operatsiya xonalari va o‘likxona joylashganini tasdiqlashga chaqirdi.

Reuters Hagariyning Isroil razvedkasi bir necha yil davomida tegishli ma’lumotlarni yig‘ib kelgani haqidagi da’volarini mustaqil ravishda tasdiqlay olmadi.

TsAHAL «Hizbulloh» razvedka markaziga hujum qildi

Isroil mudofaa kuchlari Livan poytaxti Bayrut chekkasida «Hizbulloh» tashkilotining razvedka markazi va yerosti qurol zavodiga hujum uyushtirilganini e’lon qildi. Harbiylar tegishli xabarni 20 oktyabr kuni tarqatdi.

TsAHAL bayonotida aytilishicha, zarbadan oldin «tinch aholiga zarar yetkazish xavfini kamaytirish uchun ko‘plab choralar ko‘rilgan, jumladan, hudud aholisi oldindan ogohlantirilgan».

Mavzuga oid