Jahon | 22:18 / 22.10.2024
2411
2 daqiqa o‘qiladi

Urush oqibatlari G‘azoning rivojlanishini 69 yil ortga surib yubordi - BMT hisoboti

BMT Taraqqiyot dasturi hamda Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi tomonidan tayyorlangan yangi hisobotga ko‘ra, 2024 yilda Falastindagi qashshoqlik darajasi 74,1 foizga yetadi.

Foto: UNDP

BMT Taraqqiyot dasturi hamda Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi tomonidan tayyorlangan yangi hisobotga ko‘ra, 2024 yilda Falastindagi qashshoqlik darajasi 74,1 foizga yetadi. Natijada, bu 4,1 million kishiga ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, rivojlanish darajasi ham 1955 yilda qayd etilgan holatga tushadi.

«G‘azodagi urush: Falastin davlati uchun kutilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar» nomli hisobotda qayd etilishicha, mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 2024 yilda 35,1 foizga qisqarishi, ishsizlik darajasi esa 49,9 foizga yetishi prognoz qilinmoqda.

Baholashlarga ko‘ra, qayta tiklanish va rekonstruksiya uchun investitsiyalarni gumanitar yordam bilan birlashtiradigan kompleks rejalar, shuningdek, iqtisodiy cheklovlarning yechilishi mamlakat iqtisodiyotiga 2034 yilga borib Falastinni rivojlantirish rejalarini amalga oshirishga ko‘maklashishi mumkin. Biroq bunday ssenariy faqat tiklanish harakatlarida hech qanday cheklovlar bo‘lmasligini nazarda tutadi.

«Bizning baholashlarimiz halokatga uchragan millionlab odamlarning hayoti va o‘nlab yillar davomida barbod qilingan rivojlanish harakatlari haqida bong urishga qaratilgan», — deydi BMT Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi ijrochi kotibi Rola Dashti.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 1,1 milliard odam o‘ta qashshoqlikda yashayapti va ularning deyarli yarmi — 455 million kishi mojaro yoki beqarorlik mavjud mamlakatlarda istiqomat qiladi.

Avvalroq dunyoda hamon 733 million kishi ochlikdan aziyat chekmoqda, ularning aksariyati Afrika mintaqasida yashayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Dunyoning 36 ta davlatida to‘yib ovqatlanmaslik bilan bog‘liq holat «jiddiy», oltitasida esa «o‘ta jiddiy» deya ta’riflanmoqda.

Mavzuga oid