Jahon | 14:04 / 22.10.2024
4428
10 daqiqa o‘qiladi

Isroil «Hizbulloh» banklariga hujum qilmoqda, AQSh sulh muzokaralari uchun elchi yubordi

Dushanba kuni AQSh elchisi Amos Xoxshteyn Bayrutda Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasida o‘t o‘chishni to‘xtatish shartlari bo‘yicha livanlik rasmiylar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu vaqtda Isroil butun Livan bo‘ylab «„Hizbulloh“ning soyadagi banklari»ni nishonga olgan.

Foto: Getty Images

Xoxshteyn Livanning vaqtincha bosh vaziri Najib Mikatiy va parlament spikeri Nabih Berri bilan uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirgan. Dam olish kunlari Berri Al-Arabiya telekanaliga Xoxshteynning tashrifi — sulhga erishish uchun «AQShdagi saylovlardan oldin oxirgi imkoniyat» ekanini aytgandi.

Amerikalik mulozimlar Isroil sentabr oyi oxirida quruqlik amaliyotini boshlab, «Hizbulloh» rahbariyatining asosiy qismini yo‘q qilgan Livanda sulhga erishishga harakat qilmoqda.

O‘tgan haftada isroillik harbiylar o‘tgan yil oktyabrida Isroilga hujumni tashkillashtirgan va G‘azodagi urush boshlanishiga sabab bo‘lgan Hamas yetakchisi Yahyo Sinvarni o‘ldirishdi.

Yakshanba kuni Axios amerikanlik ikki va isroillik bir mulozimga tayanib xabar berishicha, Isroil Livandagi harbiy harakatlarni to‘xtatish uchun diplomatik yechim shartlari ko‘rsatilgan hujjatni Qo‘shma Shtatlarga topshirgan.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Isroil o‘z qo‘shinlari «Hizbulloh» qayta qurollanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun chegara hududlarda «faol majburiy harakatlar» o‘tkazishiga ruxsat berilishini hamda o‘z aviatsiyasi Livan havo kengliklarida erkin harakatlanishini istamoqda.

Shu bilan birga, amerikalik mulozim Axios bilan muloqotda Livan va xalqaro hamjamiyat Isroil shartlariga rozi bo‘lishi dargumon ekanini ta’kidlagan.

Diplomatlar va mintaqaga ixtisoslashgan tahlilchilar Isroil AQShda yanvarda yangi prezident lavozimiga kirishguniga qadar mintaqada ortga qaytmas «yangi reallik» yaratish uchun prezidentlik saylovlariga qadar «Hizbulloh»ga maksimal darajada zarar yetkazmoqchi.

Yakshanba kuni tunda TsAHAL Bayrut, Livan janubi va Bekaa vodiysidagi nishonlarga hujum qildi. Bu zarbalar nishoni Isroil va AQShdagilar fikricha, «Hizbulloh» o‘z amaliyotlarini moliyalashtirish uchun foydalanadigan «Al-Kard Al-Hasan assotsiatsiya»si muqobil bank tizimi filiallari bo‘lgan. Uning butun Livan bo‘ylab 30 filiali mavjud bo‘lib, shundan 15 tasi Bayrut markazidagi aholi tig‘iz yashovchi hududlar hamda shahar chekkalarida joylashgan.

Isroilning 21 oktyabrga o‘tar kechasi «Al-Kard al-Hasan» moliya guruhining Tirdagi filialiga qilgan hujumi oqibatlari

Sun’iy yo‘ldosh radari ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning Livanni bombalash bo‘yicha kampaniyasi ikki hafta ichida binolarga «Hizbulloh» bilan oldingi bir yil davomidagi urushdan ko‘proq zarar yetkazgan.

Bu ma’lumotlarga ko‘ra, Livanda 2024 yilning 2-14 oktyabr kunlarida 3600 dan ortiq bino shikastlangan yoki vayron bo‘lgan, bu Hamasning 2023 yil 7 oktyabridagi hujumidan keyin Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi chegara janglarda yetkazilgan jami zararning 54 foizga yaqinini tashkil etadi.

Yetkazilgan zarar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Nyu York Shahar universiteti vakili Kori Sher hamda Oregon shtati universitetidan bo‘lgan Jamon van den Hoyk tomonidan yig‘ilgan. Ular binolar balandligi yoki tuzilishidagi to‘satdan ro‘y bergan o‘zgarishlarni aniqlash uchun sun’iy yo‘ldosh suratlarini solishtirgan, bu esa shikastlanish holatlarini ko‘rsatgan.

Pax for Peace tashkilotining atrof-muhit bo‘yicha eksperti Vim Tsviynenburg sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini o‘rganib, Isroil aviazarbalari oqibatlaridan ogohlantirgan.

«Isroil harbiy kampaniyasi, aftidan, aholini ko‘chirish va „Hizbulloh“ o‘z pozitsiyalarini tiklashini qiyinlashtirish uchun tinch aholi hisobiga Livan janubida „o‘lik zona“ hosil qilmoqda», — degan u.

Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi harbiy harakatlar2023 yil 8 oktyabrida, o‘z ittifoqchisi Hamas Isroil janubiga hujum qilgani ortidan Isroil shimolini raketalar bilan o‘qqa tutish orqali boshlangandi.

Qarama-qarshilik Isroil 30 sentabr kuni «Hizbulloh»ning qurol va infratuzilmalarini yo‘q qilish maqsadida Livan janubiga bostirib kirganida yangi bosqichga chiqdi, isroillik harbiylar bu amaliyot «cheklangan, lokal, maqsadli reydlar»dan iborat bo‘lishini aytishgandi.

Sun’iy yo‘ldosh orqali olingan fotosuratlar, radar tasvirlari va harbiy yozuvlar Isroilning Livandagi zarbalari yaqingacha asosan janubiy chegara hududiga qaratilganini ko‘rsatadi. Keyinroq bombalashlar markaziy va shimoliy hududlar, jumladan Bekaa vodiysi hamda Bayrutning janubiy chekkalariga ham tarqaldi.

Isroil armiyasi butun Livan bo‘ylab, jumladan poytaxt Bayrutda «Hizbulloh»ning minglab obektlari bo‘ylab zarbalar berganini aytadi.

Bayrut bo‘ylab zarbalarning aksari shaharning janubiy chekkasi, minglab aholi yashovchi Dahiya tumani bo‘ylab beriladi. Isroillik harbiylar bu hududda «Hizbulloh»ning qo‘mondonlik shtabi joylashganini ma’lum qilgan.

Isroil 27 sentabr kuni aynan shu hudud bo‘ylab davomli zarbalar yo‘llashi oqibatida «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrulloh halok bo‘lgandi.

Transchegaraviy harbiy harakatlar

Amerikaning Armed Conflict Location and Event Data Project (ACLED) tashkiloti tomonidan olingan ma’lumotlar guvohlik berishicha, 2024 yil 1 sentabridan 11 oktyabriga qadar isroillik harbiylar Livanning turli hududlariga kamida 2700 bor hujum uyushtirgan. Bu hujumlar asosan mamlakatning chegara hududlariga qaratilgan bo‘lsa-da, shimoliy va markaziy hududlar ham zarbalardan chetda qolmagan.

ACLED ma’lumotiga ko‘ra, bu davrda «Hizbulloh»ning o‘zi Isroilga 540 ga yaqin hujum amalga oshirgan. «Hizbulloh» hujumlari raketa va dronlar bilan zarba berishni ham o‘z ichiga oladi.

Isroillik harbiylar ma’lum qilishicha, Livandagi havo zarbalari nishoni — «Hizbulloh» infratuzilmalaridir.

Ular muntazam ravishda amaliyotdan maqsad «Hizbulloh» hujumlari tufayli o‘z hududlarini tark etgan shimoliy hududlar aholisi qaytishi uchun xavfsizlikni ta’minlash ekanini ta’kidlab kelishadi.

«Hizbulloh»ning har kunlik hujumlari tufayli Isroil shimolidan 60 ming atrofidagi kishini evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan. Ammo ayrim raketalar mamlakat janubiy qismiga ham yetib kelgan va sohildagi Hayfa shahridagi uylarni shikastlagan.

ACLED tomonidan oylar davomida yig‘ilgan ma’lumotlarga ko‘ra, chegaraning Livan tomonida Isroil aviazarbalarining aksar qismi Tir shahri, Bekaa vodiysi va Bayrutga to‘g‘ri kelgan.

Livan hukumati 1,3 milliongacha odam o‘z uylaridan ketishga majbur bo‘lganini bildirgan, bosh vazir Najib Mikatiy esa mamlakat tarixidagi «qochqinlarning eng katta oqimi» haqida ogohlantirgan.

TsAHAL butun mamlakat bo‘ylab, jumladan, Bayrutning ayrim hududlaridagi aholini majburiy evakuatsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Mamlakat janubida armiya ayrim qishloqlar aholisiga zudlik bilan Isroil chegarasidan taxminan 50 masofada dengizga quyiladigan Avali daryosidan shimoldagi hududga ketishga buyruq berilgan.

«Bu gumanitar falokat», — deydi BBC’ga Britaniya Qizil xoch jamiyatining Bayrutdagi Yaqin Sharq bo‘yicha bo‘limi menejeri Gabriel Karlsson.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday ko‘p miqdordagi qochqinlarni joylashtirish uchun boshpanalar yetarli emas.

«Men ko‘chalarda uxlayotgan bolalarni ko‘rdim», — deya qo‘shimcha qilgan Karlsson gumanitar tashkilotlarni kuchayib borayotgan inqirozni hal etish uchun o‘z sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishga chaqirib.

Livan rasmiylariga ko‘ra, Isroilning hujumlari oqibatida shu vaqtgacha 2350 kishi halok bo‘lgan va 10 000 dan ortiq kishi yaralangan. Livan sog‘liqni saqlash vazirligi qurbonlarning ko‘pchiligi — tinch aholi vakillari ekanini bildirgan.

«Urushda ko‘zda tutilmagan qurbonlar bo‘lishi muqarrar», — degan BBC bilan suhbatda iste’fodagi general-mayor, Isroil harbiy razvedkasining sobiq rahbari Amos Yadlin.

Yadlin «Hizbulloh»ni urush boshlashda ayblab, Isroilning quruqlik yurishi guruhni chegara hududlardan siqib chiqarishini aytgan.

Ammo Pax for Peace vakili Vim Tsviynenburg Isroil harbiy kampaniyasining tinch aholi va aholi yashash manzillari uchun jiddiy oqibatlaridan ogohlantirgan.

«Kuchli portlashlar yaqin atrofdagi odamlarni o‘ldiradi va mayib qiladi», — degan u Isroil aviazarbalari haqida.

«Ochiq manbalardagi ma’lumotlar sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bilan birgalikda irrigatsiya kanallari, gaz stansiyalari va elektr tarmoqlari kabi fuqarolik infratuzilmalari ham shikastlanganini ko‘rsatmoqda, bu esa gumanitar vaziyatni yomonlashtiradi», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Mavzuga oid