O‘zbekiston | 18:22 / 24.10.2024
2829
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zagroinspeksiya» hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazildi

Shuningdek, tashkilotga bug‘doyni qabul qilish, saqlash va xaridorlarga yuklab jo‘natish jarayonida yuzaga keladigan tabiiy kamayish miqdorini hisobdan chiqarishni nazorat qilish kabi qo‘shimcha vazifalar yuklandi.

«Agrosanoat majmuida davlat nazorati tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (O‘zagroinspeksiya) Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazildi.

«O‘zagroinspeksiya»ga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklandi:

- bug‘doyni qabul qilish, saqlash va xaridorlarga yuklab jo‘natish jarayonida yuzaga keladigan tabiiy kamayish miqdorini hisobdan chiqarishni nazorat qilish;

- bug‘doy yetishtiruvchilardan xarid qilinadigan bug‘doyni qabul qilish va sotish jarayonlarida standart talablariga ko‘ra sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha (muvofiqlik sertifikati) hamda bug‘doy sinflari (sifat sertifikati) bo‘yicha sertifikatlashni nazorat qilish;

- import qilinayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘lik va ko‘chat materiallarida geni modifikatsiyalangan organizmlarning (GMO) mavjudligini aniqlash;

- barcha korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarda qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarining texnik holati, ularning ekspluatatsiya qilinishi samaradorligi, shuningdek, servis va ta’mirlash xizmatlarining sifati, qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini majburiy va davriy sinovdan o‘tkazish ustidan nazoratni amalga oshirish;

- sohada davlat nazoratini amalga oshirish va hisobotlarni yuritish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish.

Mavzuga oid