Putin Kursk oblastida ukrainalik 2000 harbiy qurshovda qolganini aytdi. Bu qanchalik to‘g‘ri?
Katta ehtimol bilan, u Sudjadan g‘arbda joylashgan Zelyoniy Shlyax xutori hududidagi og‘ir janglarni tasvirlashda mubolag‘aga yo‘l qo‘ygan.
RF prezidenti Vladimir Putin «Rossiya-1» davlat telekanaliga bergan intervyusida Kursk oblastida «2 ming atrofidagi ukrain harbiysining ketish yo‘li to‘sib qo‘yilgani» haqida aytdi.
«Bir necha uchastkada yorib kirilgan. Bu uchastkalardan birida ukrain armiyasi qismlari davlat chegarasidan uzib qo‘yilgan, ular blokirovka holatida», — deya Putinning so‘zlaridan iqtibos keltirgan «Interfaks».
RF prezidenti so‘zlariga ko‘ra, ukrain qo‘shini «blokirovkani yechishga urinmoqda». Shu bilan birga, Putin unda RF mudofaa vazirligi Bosh shtabining so‘nggi ma’lumotlari yo‘qligi, ammo 24 oktyabrga o‘tar kechasidagi holatga ko‘ra, «bu urinishlar muvaffaqiyatga erishmagani»ni qayd etgan.
«Ammo qurshab olingan odamlar qurshovda ekanini unchalik anglamayotganga o‘xshaydi, chunki bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, qo‘shinlar ustidan barqaror boshqaruv yo‘q», — degan u.
O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 25 oktyabr kuni kunduzi Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyning hisobotini tinglagani haqida aytdi. «Vazifalarimizni amalga oshirmoqdamiz. Bosh qo‘mondon bo‘linmalarimiz Kursk oblastining ma’lum hududlarida topshiriqlarni bajargani haqida hisob berdi», — deya yozgan Zelenskiy o‘z telegram-kanalida.
U Kursk oblastida Ukrainani «Rossiyaning mamlakat sharqidagi harbiy harakatlarni kengaytirishidan himoya qiladigan va Rossiyaning sezilarli yo‘qotishlarini ta’minlaydigan» «bufer zona» yaratilganini yana bir bor ta’kidlagan.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Putinning ukrain kuchlari qurshab olingani to‘g‘risidagi bayonotiga alohida izoh bergan. «Bu real holatni aks etirmaydigan ochiq dezinformatsiya. Ukrain qo‘shini Kursk yo‘nalishida faol harakatlarni davom ettirmoqda va uch oydirki dushmanning harbiy salohiyatini yo‘q qilmoqda», — deya yozgan Sirskiy telegram-kanalida. U RF qo‘shini «shaxsiy tarkib va harbiy texnikada sezilarli yo‘qotishlarga uchrayotgani»ni qo‘shimcha qilgan, shu bilan birga, Kursk yo‘nalishida «dushman shiddat bilan bosim qilayotgani»ni qayd etgan.
«Razbor» bo‘limi izohi
Katta ehtimol bilan, Putin Kursk oblastining Korenevo va Sudjan rayonlari chegarasida, Olgovka qishlog‘i va Zelyoniy Shlyax xutori oralig‘idagi uchastkani nazarda tutgan. So‘nggi haftada Ukraina qurolli kuchlari qurshov xavfi ostida mazkur hududdan Sudja tomon chekingan. RF qurolli kuchlari ukrain qo‘shini tashlab chiqqan Olgovkani egallagan. Ammo, «harbiy muxbirlar» Ukraina qurolli kuchlarining olib ketilgan harbiylarining bir qismi shu hududdagi o‘rmonzorda to‘silib qolganini iddao qilishgan. Buni tasdiqlovchi vizual kadrlar taqdim etilmagan.
Bir necha kun muqadda Ukraina zaxira kuchlari, jumladan 47-mexanizatsiyalashgan brigadaning Abrams tanklari va Bradley zirhli mashinalari Olgovka va Korenevo yo‘nalishi bo‘ylab Novoivanovka qishlog‘i va Zelyoniy Shlyax xutoriga hujum qilgandi. Tarqalgan videolarga ko‘ra, to‘qnashuvlardan keyin qishloq ham, xutor ham RF qurolli kuchlari nazorati ostida qolgan.
Sentyabr oyi o‘rtalarida Rossiyaning qarshi hujumi boshlanishidan oldin, Ukraina qurolli kuchlarining turli brigadalardan olingan bir necha batalyoni (jami soni ming kishidan ortiq) Korenevo rayon markazidan shimoldagi Aleksandrovka va shimoli-sharqdagi Sheptuxovkaga qadar bo‘lgan katta hududni egallab oldi. Xabarlarga ko‘ra, ushbu bo‘linmalarning katta qismi oktyabr o‘rtalariga kelib Novoivanovka va Malaya Loknya tomon chekingan. Ayrim bo‘linmalar Rossiya artilleriyasi va dronlari zarbalari ostida piyoda holda ortga qaytishiga to‘g‘ri kelgan.
Mavzuga oid
20:14 / 24.11.2024
Rossiya armiyasining «Janub» qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni lavozimidan chetlatildi
19:21 / 24.11.2024
FT: Rossiya yuzlab yamanliklarni Ukrainaga qarshi urushga yolladi. Ular shartnoma imzolashga majburlanmoqda
15:06 / 24.11.2024
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi - Reuters
14:22 / 24.11.2024