Fan-texnika | 23:20 / 26.10.2024
6959
3 daqiqa o‘qiladi

ChatGPT’ni aldash va undan jinoyatlarni sodir etish bo‘yicha maslahat olish mumkinligi aniqlandi

Norvegiyaning Strise firmasi ChatGPT’dan aniq jinoyatlarni sodir etish bo‘yicha maslahatlar so‘rab, tajriba o‘tkazdi.

Foto: Getty Images

Norvegiyaning Strise texnologik startapi ChatGPT chatbotini pul yuvishdan tortib, sanksiya ostidagi davlatdan qurol-yaroq eksport qilishgacha bo‘lgan jinoyatlar bo‘yicha maslahatlar berishga aldov yo‘li bilan majburlash mumkinligini aniqladi, deb xabar beradi CNN. Bu chatbotdan noqonuniy faoliyatga ko‘maklash maqsadida foydalanib bo‘lmaydi degan kafolatni shubha ostiga qo‘yadi.

Norvegiyaning Strise firmasi ChatGPT’dan aniq jinoyatlarni sodir etish bo‘yicha maslahatlar so‘rab, tajriba o‘tkazdi. O‘tgan oyda o‘tkazilgan tajribalarning birida chatbot pul yuvish haqida ma’lumot bergan. Joriy oy boshidagi tajriba davomida esa ChatGPT sanksiyalarni chetlab o‘tadigan kompaniyalarga yodam beradigan usullar ro‘yxatini tuzgan.

Strise turli banklar va yirik kompaniyalarga pul yuvish, sanksiyalar ostidagi shaxslarni aniqlash va boshqa xatarlarni prognoz qilishga yordam beradigan dasturiy ta’minotni sotish bilan shug‘ullanadi. Startap direktori Marit Ryodevandning so‘zlariga ko‘ra, potensial qonunbuzarlar o‘z faoliyatini tez va oson amalga oshirish uchun endi sun’iy intellektga asoslangan chatbotdan foydalanishlari mumkin.

«Bu rostdan ham ortiqcha harakat talab qilmaydi. Shu shunchaki telefonimdagi ilova», — deydi u CNN’ga bergan intervyusida.

Strise OpenAI kompaniyasi tomonidan o‘rnatilgan ma’lum savollarga javob bermaslik borasidagi cheklovni aylanib o‘tish mumkinligini aniqlagan. «Bu xuddi ish stolingda poraxo‘r moliyaviy maslahatchiga ega bo‘lishdek gap», — deya ta’kidlaydi Ryodevand.

OpenAI vakili holatga munosabat bildirib, ChatGPT muntazam takomillashtirib borilayotganini ma’lum qildi.

Avvalroq Apple kompaniyasining ichki tadqiqotlari ChatGPT aniqlik bo‘yicha Siri’dan 25 foizga ustun ekani ma’lum bo‘lgandi. Bundan tashqari, ChatGPT ko‘proq savollarga javob berishga qodir. Bu esa sun’iy intellektga asoslangan Apple Intelligence raqobatchilaridan taxminan ikki yil ortda qolgani haqidagi tasavvurlarni kuchaytiradi.

Mavzuga oid