Jahon | 22:24 / 26.10.2024
4295
3 daqiqa o‘qiladi

Nega investorlar hamon Xitoy kompaniyalari aksiyalariga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda?

Investorlar uch yillik inqirozdan keyin Xitoy moliya bozorlarining tiklanishidan umidvor. Ba’zi sarmoyadorlar qaytyapti, xorijiy investitsiyalar o‘sishi kutilmoqda, shunday bo‘lsa-da ekspertlar Xitoy moliya bozorlarining fundamental muammolari hal etilmaganini aytmoqda. Xo‘sh, bu tub muammolar qaysilar?

Illustration: Satoshi Kambayashi / The Economist

So‘nggi oylarda Xitoyda moliya bozorlari ancha tebranishlarga uchradi: Shanhay va Shenchjyen birjalaridagi eng yirik kompaniyalar aksiyalaridan iborat CSI 300 indeksi ham tez ko‘tarilish, ham keskin pasayishni boshdan kechirdi. Davlat yordami kutilayotgani fonida bozor spekulyativ yutuqlarga guvoh bo‘lgan bo‘lsa-da, uzoq muddatli investorlar ehtiyotkorlik bilan ish yuritishlari zarur, deb yozadi The Economist.

CSI 300 indeksi avvaliga 35 foizga ko‘tarilib, keyin 7 foizga tushdi. Bu asosan hukumat va Xitoy Xalq bankidan kutilayotgan iqtisodiy rag‘batlantirish choralari tufayli sodir bo‘ldi, biroq bu kutilmalar ko‘p hollarda aniq harakatlar bilan tasdiqlanmadi.

Investorlar uch yillik inqirozdan so‘ng Xitoy bozorining tiklanishiga umid bog‘lamoqda. Ushbu inqirozga ko‘chmas mulk sohasidagi muammolar, hukumatning xususiy sektorga nisbatan bosimi hamda Xitoy va AQSh o‘rtasidagi tobora kuchayib borayotgan geosiyosiy ziddiyatlar sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgan edi.

2022 yildan beri “Xitoy bozorining investitsiyaga noloyiqligi” atamasi muhokama qilinmoqda. Bu atama JPMorgan o‘z hisobotida siyosiy beqarorlik Xitoy aksiyalarini investorlar uchun jozibasiz qilib qo‘yayotganini ta’kidlagandan so‘ng paydo bo‘lgan. Bu atama vaqtinchalik siyosiy xavf-xatarlarni aks ettirish maqsadida qo‘llanilgan bo‘lsa-da, Xitoy bozorini uzoq muddatli sarmoyalar uchun xavfli qiladigan muammolar hamon mavjud bo‘lib qolmoqda.

Ba’zi investorlar bozorga qaytayotgan, chet el sarmoyalari esa o‘sish potensialiga ega bo‘lsa-da, Xitoy moliyaviy tizimining tub muammolari hamon hal etilmagan. Asosiy muammolar qatoriga quyidagilar kiradi: korporativ boshqaruvning zaifligi, davlat korxonalarining ustunligi, hukumatning to‘satdan siyosatni o‘zgartirish odati. Bu odat butun iqtisodiyot tarmoqlariga jiddiy zarba berishi mumkin, xuddi 2021 yilda ta’lim va texnologiya kompaniyalari bilan bo‘lgani kabi. Hukumatning yaqinda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatgan sa’y-harakatlariga qaramay, bunday vayronkor o‘zgarishlar takrorlanmasligiga ishonch yo‘q.

Mavzuga oid