Urushlardan tin olmayotgan dunyo: eng yirik qurol eksport qiluvchi davlatlar
2022 yil fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng dunyoda yana bir yirik urush o‘chog‘i paydo bo‘ldi. Shu bilan birga qurol-yarog‘ ishlab chiqarish va ularni eksport qilish hajmi ham ko‘paydi. Qo‘yida eng ko‘p qurol eksport va import qiluvchi davlatlar haqida so‘z yuritamiz.
Stokholm tinchlik muammolarini tadqiq qilish xalqaro instituti (SIRPI) ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa davlatlari asosiy qurol turlarining importini ikki barobarga oshirgan.
Shuningdek, Yaqin Sharq va Fors Ko‘rfazi davlatlari, Osiyo va Okeaniyadagi mamlakatlar qurol importini keskin ko‘paytirgan.
Bundan tashqari, 2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandan so‘ng ukrainlar qurol importi bo‘yicha yuqori o‘rinlarga chiqqan.
Dunyo bo‘ylab qurol sotishda ancha yillardan buyon AQSh yetakchilik qilib kelmoqda. Ukrainaga bostirib kirguncha Rossiya ikkinchi o‘rinda bo‘lgan.
2022 yil 24 fevral kuni boshlangan urushdan keyin Rossiyaning qurol eksporti hajmi keskin kamaygan va hatto urushda qo‘llash uchun snaryadlar va raketalar import qilishga o‘tgan.
Quyida dunyodagi eng ko‘p qurol eksport va import qiluvchi davlatlar ro‘yxatini ko‘rib chiqamiz.
Eng ko‘p qurol eksport qiluvchi davlatlar
AQSh
AQSh ancha yillardan buyon qurol-yarog‘ sotish bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. So‘nggi besh yilda bu davlat qurol eksportini 17 foizga oshirgan.
Natijada Amerika jahon qurol savdosida o‘z ulushini 34 foizdan 42 foizgacha oshirgan. Bu degani, so‘nggi yillarda dunyoning turli davlatlari tomonidan sotib olinayotgan qurol-yarog‘larning qariyb yarmini AQSh eksport qilmoqda.
Stokholm tinchlik muammolarini tadqiq qilish xalqaro instituti (SIRPI) hisobotlariga ko‘ra, 2023 yilda AQSh dunyoning 90 dan oshiq davlatiga qurol eksport qilgan.
2019-2023 yillarda bu davlat eng ko‘p qurol-yarog‘ni Saudiya Arabistoniga sotgan va bu umumiy eksportning 15 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarni 8,2 foiz bilan Qatar, 4,5 foiz bilan Kuvayt, 3,6 foiz bilan Isroil egallagan.
AQSh so‘nggi yillarda Yaponiya, Janubiy Koreya va Avstraliyaga qurol eksportini sezilardi oshirgan. Ukrainaga sotilgan qurol-yarog‘ esa umumiy eksportning 4,7 foizini tashkil etgan.
Fransiya
Uzoq yillar mobaynida Rossiya qurol-yarog‘ eksporti bo‘yicha AQShdan so‘ng ikkinchi o‘rinda bo‘lib keldi. Bu davlat Ukrainaga bostirib kirgach nafaqat qurol eksporti sustlashdi. Shundan so‘ng Fransiya Rossiyani quvib o‘tib, ikkinchi o‘ringa chiqdi.
Dunyo qurol eksportida Fransiyaning ulushi 11 foizni tashkil etadi. 2023 yilda bu davlat dunyoning 64 mamlakatiga qurol-yarog‘ eksport qilgan.
Fransiyadan eng ko‘p qurolni Hindiston olgan va bu umumiy eksportning 29 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda 17 foizlik ulush bilan Qatar, 6,4 foizlik ulush bilan Misr joylashgan.
Agar 2014-2019 yillar oralig‘i bilan solishtirganda 2019-2023 yillar davomida bu davlat qurol eksportini 47 foizga oshirgan.
Rossiya
2022 yil qish oxirida Ukrainaga bostirib kirgandan so‘ng ko‘p o‘tmay Rossiya qurol-yarog‘ eksportida o‘z mavqeyini keskin yo‘qotdi.
SIRPI ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-2023 yillar oralig‘ida Rossiyaning qurol-yarog‘ eksporti ko‘rsatkichlari 53 foizni yo‘qotgan.
2019 yilda Rossiya dunyoning 31 davlatiga qurol-yarog‘ eksport qilgan bo‘lsa, 2023 yilda bor-yo‘g‘i 12 ta mamlakatga qurol sotgan.
Rossiya eksport qilgan qurollarning 68 foizi Osiyo va Okeaniya davlatlariga sotilgan. 13 foizi Yaqin Sharq, 10 foizi Afrika davlatlari tomonidan sotib olingan.
Rossiya qurollarining eng yirik xaridori Hindiston bo‘lgan va 2023 yilda umumiy eksportning 34 foizi shu davlat hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Yana bir yirik qurol import qiladigan davlat Xitoy Rossiya qurollarining 31 foizini, Misr esa 7,5 foizini xarid qilgan.
Xitoy
Xitoy nafaqat dunyo qurol-yarog‘ bozorida yirik xaridor hisoblanadi, shu bilan birga, bu davlatning o‘zi ham boshqalarga qurol sotadi.
2023 yilda bu davlat jahon qurol-yarog‘ eksportida 5,8 foiz ulushga egalik qilgan. Xitoy 61 foiz qurollarini Pokistonga, 11 foizini Bangladeshga, 6 foizini Taylandga sotgan.
Germaniya
2023 yilda Germaniya dunyo qurol-yarog‘ eksportida 5,6 foiz ulushga egalik qilgan. Bu davlat umumiy qurol eksportining 20 foizi Misr, 12 foizi Ukraina va yana 12 foizi Isroil hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, Britaniya, Ispaniya, Isroil, Italiya va Niderlandiya ham eng ko‘p qurol eksport qiluvchi davlatlar safiga kiradi.
Eng ko‘p qurol import qiluvchi davlatlar
Hindiston
Stokholm tinchlik muammolarini tadqiq qilish xalqaro instituti (SIRPI) hisobotlariga ko‘ra, 2019-2023 yillarda eng ko‘p qurol-yarog‘ni Hindiston import qilgan.
Hindistonning dunyo qurol bozoridagi import ulushi 2014-2019 yillarda 4,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2019-2023 yillarda bu ko‘rsatkich 9,8 foizgacha ko‘tarilgan.
Ya’ni so‘nggi yillarda dunyoda eksport qilinayotgan qurol-yarog‘ning qariyb 10 foizini Hindiston sotib olmoqda.
Xalqaro tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi yillarda Himolay tog‘laridan o‘tgan chegarada Xitoy tomoni bosimni oshirmoqda. Shu sababli Hindiston qurollanishga jiddiy e’tibor bermoqda va katta miqdorda qurol sotib olmoqda.
Hindistonga qurol-yarog‘larni asosan Rossiya yetkazib bermoqda va bu umumiy ulushning 36 foizini tashkil etmoqda.
Keyingi o‘rinlarda Hindiston qurol importida 33 foiz ulushga ega Fransiya, 13 foiz ulushga ega AQSh joylashgan.
Saudiya Arabistoni
Dunyoda qurol-yarog‘ import qilish bo‘yicha ikkinchi o‘rinni Saudiya Arabistoni egallagan. 2019-2023 yillar oralig‘ida bu davlatning dunyo qurol bozoridagi import ulushi 8,4 foizni tashkil etgan.
Saudiya Arabistoni 75 foiz qurol-yarog‘ni AQShdan xarid qilgan. Bu davlat qurol importida Fransiya 7,6 va Ispaniya 7 foiz ulushga ega.
Qatar
Qurol import qiluvchi davlatlar ro‘yxatida uchinchi o‘rinni Qatar egallagan. 2019-2023 yillar oralig‘ida bu davlatning dunyo qurol bozoridagi import ulushi 7,6 foizni tashkil etgan.
Qatar so‘nggi yillarda eng ko‘p qurol-yarog‘ni AQShdan sotib olgan va import ulushining 45 foizini tashkil etgan. Shuningdek, Qatar qurol importida Fransiyaning ulushi 25 foiz, Italiyaning ulushi esa 15 foiz bo‘lgan.
Ukraina
Qurol import qiluvchi davlatlar ro‘yxatida to‘rtinchi o‘ringa Ukraina joylashgan. 2014-2019 yillarda garchi mamlakat sharqida ayirmachilar bosh ko‘targaniga qaramasdan bu davlatning qurol importi uncha katta bo‘lmagan.
2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach bu davlatning qurol importi hajmi 6 663 foizga oshib ketgan va ro‘yxatning yuqori o‘rinlariga chiqqan. So‘nggi yillarda jahon qurol-yarog‘ bozorida Ukrainaning import ulushi 4,9 foizni tashkil etgan.
Ukrainaga eng ko‘p qurolni AQSh sotgan va bu importdagi ulushning 39 foizini tashkil etgan. Shuningdek, Ukraina qurol importida Germaniyaning ulushi 14 foiz, Polshaning ulushi 13 foiz bo‘lgan.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandan buyon bu davlat Yevropadagi eng yirik qurol-yarog‘ importchisiga aylangan. Urush boshlangandan buyon Ukrainaga 30 dan oshiq davlat qurol sotgan.
Pokiston
Qurol import qiluvchi davlatlar ro‘yxatida Pokiston beshinchi o‘rinni egallagan. Jahon qurol-yarog‘ importida uning ulushi 4,3 foizni tashkil etgan.
Pokiston eng ko‘p qurolni Xitoydan sotib olgan va Chin yurtining ulushi 82 foizi tashkil etgan. Shuningdek, Pokiston qurol importida Shvetsiyaning ulushi 4 foiz, Kanadaning ulushi 4 foiz, Turkiyaning ulushi esa 3,8 foiz bo‘lgan.
Bundan tashqari, Yaponiya, Misr, Avstraliya va Janubiy Koreya eng ko‘p qurol import qiluvchi davlatlar sirasiga kiradi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
11:15 / 21.11.2024
Putin Tramp bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor - Reuters
10:46 / 21.11.2024
AQSh Ukrainaga yangi harbiy yordam ajratilishini e’lon qildi
10:31 / 21.11.2024