Jahon | 14:10 / 28.10.2024
1501
3 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya YeIni Rossiyani tiyib turishga ko‘proq sarmoya kiritishga chaqirdi

G‘arb bilan gibrid urushda Rossiya Federatsiyasining asosiy nishonlari Germaniya va Fransiya bo‘lib, ularning aholisi dezinformatsiyalar yordamida Ukrainaga yordam befoyda ekanligiga ishontirmoqda, deydi Finlandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen.

Foto: Kimmo Penttinen/Lehtikuva/IMAGO

Finlandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen Yevropa davlatlarini mudofaaga ko‘proq sarmoya kiritishga va Rossiyadan kelayotgan tahdidni tiyib turish choralariga chaqirdi. «Men Putindan hamma narsani kutishga tayyorman», dedi Finlandiya tashqi ishlar vazirligi rahbari 27 oktyabr, yakshanba kuni Funke nashrlar guruhiga bergan intervyusida.

Kelajakda Yevropa Ittifoqi davlatlari mudofaa uchun yalpi ichki mahsulot ikki foizini tashkil etish bo‘yicha NATO maqsadidan ko‘ra ko‘proq mablag‘ sarflashi kerak, deydi Valtonen. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda Rossiya Federatsiyasining G‘arb bilan gibrid urushi doirasidagi asosiy nishonlari Germaniya va Fransiya hisoblanadi. Valtonenning aniqlik kiritishicha, Kreml asosiy urg‘uni mahalliy aholi orasida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash darajasini pasaytirish uchun dezinformatsiyani tarqatishga qaratgan. «Hech kim Ukrainadan ko‘ra ko‘proq tinchlikni xohlamaydi, ammo agar kimdir qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish orqali urushni to‘xtatish mumkin deb hisoblasa, men faqat bir narsani aytishim mumkin: bu urushning tugashiga olib kelmaydi, bu Ukrainaning oxiriga olib keladi», — dedi Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Kiyevni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidlab.

Shu nuqtayi nazardan, Valtonen Germaniyaning Rossiya hududiga chuqur hujumlar uchun Ukrainani uzoq masofaga uchuvchi qurollar bilan ta’minlamaslik qaroriga izoh berishdan o‘zini tiydi, biroq xalqaro huquq o‘zini himoya qilishning bir qismi sifatida o‘z chegaralaridan tashqarida harbiy nishonlarga zarba berishni taqiqlamasligini eslatdi. Finlandiya Ukraina Qurolli kuchlari (UQK)ga 2024 yil may oyida Helsinkidan olingan qurollarni Rossiya Federatsiyasi hududidagi nishonlarga qarshi ishlatishga ruxsat bergan edi.

Finlandiya RF bilan chegaradagi ikkita nazorat punktini yopdi

24 oktyabr kuni idora saytida e’lon qilingan rasmiy bayonotga ko‘ra, Finlandiya chegara xizmati Rossiya bilan chegaradagi «Parikkala» va «Inari» vaqtinchalik chegara o‘tish joylarini to‘liq yopib qo‘ydi.

Birinchi o‘tish joyi orqali harakat 2022 yilda Rossiya yog‘ochlarini eksport qilish cheklovlari tufayli, ikkinchisi orqali esa 2021 yilda to‘xtatildi. Idora bayonotida aytilishicha, rasmiylar nazorat-o‘tkazish punktini to‘liq yopish uchun barcha choralarni ko‘radi, jumladan, chegara o‘tish joyini ko‘rsatuvchi belgilarni demontaj qiladi.

Mavzuga oid