O‘zbekiston | 19:09 / 28.10.2024
18022
4 daqiqa o‘qiladi

“Ko‘p miqdorda jarimam bor edi” – Samarqandda pora olgan IIB xodimi qamaldi

Paxtachi tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili pora olganlikda ayblanib, ozodlikdan mahrum qilindi. U noqonuniy tarzda tarkibida oltin zarralari bo‘lgan toshlarni maydalovchi tegirmon ishlatgan fuqarodan tezkor tadbirlar haqida oldindan ogohlantirib turish uchun pul olganda ushlangan.

Foto: Kun.uz

Paxtachi tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1987 yilda tug‘ilgan L.M. 2005 yildan buyon ichki ishlar organlarida, 2023 yil oktyabr oyidan esa Paxtachi tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili lavozimida ishlab kelgan.

L.M. fuqaro M.Q.dan uning tanishi U.M.ga tarkibida oltin zarralari bo‘lgan toshlarni maydalash tegirmonini ishlatishga sharoit yaratib berish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladigan tezkor tadbirlar haqida oldindan ogohlantirib turish hamda ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralarini ko‘rmaslik evaziga pul talab qilgan. U 2024 yil 31 may kuni Paxtachi tumani markazida o‘zining boshqaruvidagi Sobalt mashinasida M.Q.dan 6 mln so‘mni pora tariqasida olganda tezkor tadbirda ushlangan.

L.M. sudda o‘z aybiga iqrorlik bildirgan.

2024 yil may oyida oldimga o‘zini M.Q. deb tanishtirgan shaxs keldi. U Paxtachi tumanidagi tanishi bilan birgalikda noqonuniy ravishda oltin qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanishini aytdi. M.Q. qazib olingan rudalarni maydalash uchun tegirmon ishlatgan vaqtida ularga “rahnamolik” qilishimni, tuman IIB tomonidan o‘tkaziladigan tezkor tadbirlar haqida aytib turishimni, birgalikda hamkorlik qilishni taklif etib, topilgan daromaddan foyda tariqasida berishini ma’lum qildi.

Uning taklifini dastlab to‘liq rad etdim. Oradan bir-ikki kun o‘tib, u qo‘ng‘iroq qildi. M.Q.ga telefon apparatimga telefon qilmasligini aytdim. Shunday bo‘lsa-da u Telegram orqali qo‘ng‘iroq qilavergach, gaplashdim.

Unga tegirmonni faqat ertalablari ishlatishni, agar hududda IIB xodimlari tomonidan tezkor qidiruv tadbirlari amalga oshirilsa, xabar berishimni aytdim. Bu uchun M.Q.dan biror marta pul talab qilmaganman.

2024 yil 30 may kuni M.Q. telefon qilib, pullarni tayyorlaganini, Navoiy shahrida ekanini bildirdi. Unga Paxtachi tumaniga qarab kelaverishni, ko‘rishib gaplashib olishimizni aytdim.

Bir necha bor so‘rayverganidan so‘ng unga chin ko‘ngildan yordam bermoqchi bo‘ldim. O‘sha vaqtda haqiqatan ham muhtoj bo‘lganim uchun pulni oldim. Sababi turmush o‘rtog‘im va singlim kasal bo‘lib qolgandi. Bundan tashqari, ko‘p miqdorda jarimam bor edi”, degan u ko‘rsatmasida.

Sud hukmi bilan L.M. Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga ichki ishlar organlari tizimida 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalari yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Avvalroq narkokurerga yordamlashgan profilaktika inspektori uzoq muddatga qamalgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid