«Hizbulloh»ning yangi rahbari ma’lum bo‘ldi
Naim Qosim Hasan Nasrullohning o‘rinbosari edi.
«Hizbulloh» guruhi 71 yoshli Naim Qosimni o‘zining yangi rahbari sifatida e’lon qilgan. U Isroil aviazarbasi oqibatida halok bo‘lgan Hasan Nasrullohning o‘rinbosari bo‘lgan va livanliklar guruhidagi nufuzli arboblardan biri sanaladi.
Guruhning agentlik tomonidan iqtibos keltirilgan bayonotida sho‘ro kengashi («Hizbulloh»ning asosiy boshqaruv organi) shayx Naim Qosim yangi bosh kotib etib saylangani ma’lum qilingan. Guruh vakillari «g‘alabaga erishilmagunicha» marhum Hasan Nasrullohning ishini davom ettirishga ont ichishgan.
Nasrullohning o‘limidan keyin Qosim uch marta telemurojaat qilib chiqdi, xususan, 8 oktyabr kuni u «Hizbulloh» Isroil bilan urushda o‘t ochilishi to‘xtatilishiga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini aytgandi.
Qosim bu lavozimga tayinlangani to‘g‘risidagi xabarga javoban Isroil hukumati uni ham Nasrulloh va uning vorisi Hoshim Safiuddinning qismati (u ham Isroil zarbasi oqibatida halok bo‘lgandi) kutayotgan bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan.
«Uning bu lavozimdagi muddati, agar u o‘tmishdoshlari Hasan Nasrulloh va Hoshim Safiuddin kabi harakat qilsa, ushbu terrorchilik tashkiloti tarixidagi eng qisqa muddat bo‘lishi mumkin, — deyilgan Isroil hukumatining X (sobiq tvitter) ijtimoiy tarmog‘idagi arab tilida yuritiladigan rasmiy sahifasida. — Livan uchun ushbu tashkilotni harbiy kuch sifatida tarqatib yuborishdan o‘zga yechim yo‘q».
Qosim haqida nimalar ma’lum?
BBC ning Yaqin Sharqdagi muxbiri Hyugo Bacheganing ma’lum qilishicha, Qosim 30 yildan ortiq vaqt mobaynida «Hizbulloh» rahbari o‘rinbosari bo‘lib kelgan va uning eng taniqli yuzlaridan biri sanaladi.
Qosim Bayrutda tug‘ilgan va 1982 yilda «Hizbulloh» asoschilaridan biri bo‘lgan.
U 1991 yilda, tashkilotga Abbos al-Musaviy rahbarligida (u bir yil o‘tib isroilliklar vertolyotidan berilgan zarba qurboni bo‘lgandi) bosh kotib o‘rinbosari lavozimini egallagan.
Qosim «Hizbulloh»ning omma ko‘z o‘ngidagi asosiy rasmiylaridan bo‘lgan va xorijlik jurnalistlarga tez-tez intervyu beradi.
2006 yilda, «Hizbulloh» Isroil bilan keng ko‘lamli urush boshlaganidan keyin, Nasrulloh amalda jamoatchilik qarshisida chiqishni to‘xtatadi va shundan buyon aynan Qosim guruh nomidan asosiy bayonotlarni bera boshlaydi.
Ammo, jurnalistlar yozishicha, Qosim Nasrullohdagi kabi xarizma va notiqlik qobiliyatiga ega bo‘lmagan.
Tashkilotga 1992 yildan buyon rahbarlik qilgan Hasan Nasrulloh 27 sentabr kuni Isroil harbiylari «Hizbulloh»ning Bayrutdagi yerosti bazasiga yo‘llagan zarbasi oqibatida halok bo‘ldi. Uning o‘limidan keyin, oktyabr oyi o‘rtalarida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu isroillik harbiylar Nasrullohni, uning vorisini, vorisining vorisini ham o‘ldirganini aytgandi. Isroil mudofaa armiyasi keyinroq Hasan Nasrullohning faqat bir vorisi — amakivachchasi Hoshim Safiuddin o‘ldirilganini xabar qildi. Vorisning vorisi haqida ma’lumot berilmagan.
Hamas 2023 yil oktyabrida Isroil hududiga hujum qilishi va buning ortidan Isroil armiyasi G‘azo sektorida harbiy amaliyot boshlagach, Nasrulloh Isroilga urush ochgandi va isroillik harbiylar G‘azoni tark etmagunicha o‘t ochishda davom etishga buyruq bergandi.
Mavzuga oid
16:38 / 12.11.2024
Amsterdamdagi mojaro: aslida nimalar bo‘ldi?
09:46 / 12.11.2024
ADL va IHT Isroilni G‘azodan chiqib ketishga chaqirdi
12:00 / 11.11.2024
Isroilning yangi mudofaa vaziri: «Hizbulloh» mag‘lub etib bo‘lindi
10:45 / 09.11.2024