Jahon | 07:50 / 29.10.2024
4725
2 daqiqa o‘qiladi

RF Xarkiv markazidagi YuNESKO obektiga havo hujumi uyushtirdi

Xarkivning asosiy me’moriy yodgorliklaridan biri - Gosprom binosi Rossiya aviazarbasi natijasida vayron bo‘lgan. Shahar meri yetti nafar jabrlanuvchi haqida xabar berdi.

Foto: Telegram / synegubov

Rossiya qo‘shinlari 28 oktyabr, dushanba kuni kechki payt Xarkiv shahri markaziga havo hujumi uyushtirdi. Havo hujumi natijasida Gosprom binosiga — milliy ahamiyatga ega yodgorlikka, konstruktivizm uslubidagi me’moriy ansamblga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berildi. Bu haqda Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Telegramʼda ma’lum qildi. Xarkivdagi Davlat sanoat uyi 1920-yillarda qurilgan va birinchi sovet osmono‘par binolaridan biri hisoblanadi hamda YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Rossiyaning Xarkiv markaziga zarbasi natijasida kasalxona va turar joy binolari ham zarar ko‘rdi, dedi oblast harbiy ma’muriyati boshlig‘i Oleg Sinegubov. Unga ko‘ra, Rossiya kuchlari shaharni boshqariluvchi havo bombalaridan o‘qqa tutgan. «Okkupantlar har bir xarkivlik biladigan shaharning ramziy belgisiga zarba berishdi», dedi OHM rahbari.

Shahar meri Igor Terexovning so‘zlariga ko‘ra, Davlat sanoat binosiga uyushtirilgan hujum oqibatida yetti kishi jabrlangan. Terexov, shuningdek, bombalar uchib kelgan joyda yong‘in va tutun haqida xabar berdi. O‘z navbatida, Ukraina Milliy politsiyasi sakkiz jabrlanuvchi to‘g‘risida ma’lum qildi.

Mavzuga oid